Namozda katta suraning bir qismini o‘qish

Assalomu alaykum! Masjidimiz imomi bir kuni xufton namoziga Ar Rahmon surasini birinchi 16 oyatini o‘qidi. Men xam shunday qilsam bo‘ladimi? Javob uchun rahmat Alloh sizlardan rozi bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Bo‘ladi.  وَيُذْكَرُ عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ السَّائِبِ قَرَأَ النَّبِيُّ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ «الْمُؤْمِنُونَ» فِي الصُّبْحِ حَتَّى إِذَا جَاءَ ذِكْرُ مُوسَى وَهَارُونَ أَوْ ذِكْرُ عِيسَى، أَخَذَتْهُ سَعْلَةٌ فَرَكَعَ. وَقَرَأَ عُمَرُ فِي الرَّكْعَةِ الْأُولَى بِمِائَةٍ وَعِشْرِينَ آيَةً مِنَ الْبَقَرَةِ، وَفِي الثَّانِيَةِ بِسُورَةٍ مِنَ الْمَثَانِي. وَقَرَأَ الْأَحْنَفُ بِالْكَهْفِ فِي الْأُولَى، وَفِي الثَّانِيَةِ بِيُوسُفَ أَوْ يُونُسَ، وَذَكَرَ أَنَّهُ صَلَّى مَعَ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ الصُّبْحَ بِهِمَا. وَقَرَأَ ابْنُ مَسْعُودٍ بِأَرْبَعِينَ آيَةً مِنَ الْأَنْفَالِ، وَفِي الثَّانِيَةِ بِسُورَةٍ مِنَ الْمُفَصَّلِ. وَقَالَ قَتَادَةُ فِيمَنْ يَقْرَأُ سُورَةً وَاحِدَةً فِي رَكْعَتَيْنِ أَوْ يُرَدِّدُ سُورَةً وَاحِدَةً فِي رَكْعَتَيْنِ: كُلٌّ كِتَابُ اللهِ  Abdulloh ibn Soibdan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam bomdod namozida «Mu’minun»ni o‘qidilar. Muso va Horunning yoki Iysoning zikri kelganida, u zotni yo‘tal tutib qolib, ruku’ qildilar».
Umar roziyallohu anhu birinchi rakatda Baqaradan bir yuz yigirma oyat, ikkinchisida esa «Masoniy»*dan bir sura o‘qidi.
Ahnaf roziyallohu anhu birinchi rakatda Kahfni, ikkinchisida Yusuf yoki Yunus suralarini o‘qidi va Umar roziyallohu anhu bilan birga bomdod namozida shu ikkisini o‘qiganini zikr qildi.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu 
(birinchi rakatda) Anfoldan qirq oyat, ikkinchisida «Mufassal»dan* bir sura o‘qidi.
Qatoda bir surani ikki rakatga taqsimlab o‘qigan yoki bitta surani har rakatda takrorlagan kishi borasida «Barchasi Allohning Kitobidandir», degan.

* «Masoniy» – oyatlarining adadi yuzta atrofida bo‘lgan suralar; Qur’oni karimdagi ettita uzun sura – Baqara, Oli Imron, Niso, Moida, An’om, A’rof va Yunus suralaridan tashqari «Mufassal»gacha bo‘lgan suralarning umumiy nomi.
* Izohi 701-hadisda. سَمِعْتُ أَبَا وَائِلٍ قَالَ: جَاءَ رَجُلٌ إِلَى ابْنِ مَسْعُودٍ فَقَالَ: قَرَأْتُ الْمُفَصَّلَ اللَّيْلَةَ فِي رَكْعَةٍ. فَقَالَ: هَذًّا كَهَذِّ الشِّعْرِ، لَقَدْ عَرَفْتُ النَّظَائِرَ الَّتِي كَانَ النَّبِيُّ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقْرِنُ بَيْنَهُنَّ، فَذَكَرَ عِشْرِينَ سُورَةً مِنَ الْمُفَصَّلِ، سُورَتَيْنِ فِي كُلِّ رَكْعَةٍ Abu Voil aytadi:
«Bir kishi Ibn Mas’udning huzuriga kelib: «Bu kecha bir rakatda «Mufassal»ni o‘qidim», dedi. Shunda u: «She’r o‘qigandek sharillatibmi? Darhaqiqat, Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir-biriga qo‘shib o‘qigan o‘xshash suralarni bilaman», deb, «Mufassal»dan yigirmata surani, har rakatga ikkitadan surani zikr qildi».  Vallohu a’lam!

26 May 2022, 03:13 | Savol-javoblar | 190 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar