Ekstrasenslar

Assalomu alaykum! Televizorda bitva ekstrasensov ni ko‘rib dunyoda odam aqli etmaydigan narsalar ko‘pligiga amin bo‘ldim. Ekstrasenslar nimaga asoslanib gapirishadi yoki muborak kitoblarda nima deyilgan?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Qiyomatga yaqin dajjolning ishini qiluvchilar ko‘payadi. Ularni eng kuchli fitnaga soluvchisi dajjol bo‘ladi. U yurgan yo‘lida giyohlar o‘sib maysazorlarga aylanadi. Bulutga ishora qilsa yomg‘ir yog‘adi, jinlarga buyursa odamlarni o‘tib ketgan ota-onasining shakliga kirib yoniga keladi. Bu odatdan tashqari ishlarni ko‘rib iymoni zaiflar dajolga iymon keltirishadi va abadiy do‘zaxi bo‘lishadi. Alloh taolo nima haq va nima botil ekanligini o‘lchash uchun shariat mezonini nozil qilgan. Shariatga tushganini qabul qilinadi, boshqasi rad qilinadi. Johil insonlar dajjolni Xudo deganlaridek zamonamizning johillari folbin va jinkashlarni avliyo deb bilishadi. Holbuki ular Allohning dushmanlari, shayton va kofir jinlarning do‘stlari hisoblanishadi. So‘fi Ollohyor rahmatullohi alayh Allohning valiy bandalaridan bo‘lganlar va o‘zlarining “Sabotul ojiziyn” kitoblarida undaylar borasida quyidagilarni aytganlar:  Shariatsiz kishi uchsa havog‘a,
Ko‘ngil qo‘ymang aningdek xudnamog‘a.

Havog‘a uchsa monandi chibindur,
Ani hodiy dema shaytoni dindur.

Shariatsiz kishi gar yutsa o‘tni,
Havo o‘rtasida minsa bulutni.

Qachon topg‘on erur qurbat idini,
Valiy bilmang taqi andog‘ kadini.

Bo‘lubdur mundog‘ ishlar kofiriydin,
Nechukkim bo‘ldi sehri Somiriydin.

Eshitgil bul, ki Fir’avn amridin Nil,
Quyidin yuqorig‘a oqdi beqiyl.

Muni bilgilki Hindustonda holo,
Ucharlar kofiri sannosi bolo.

Shariat hukmin etmay istiqomat,
Taajjub ishlari bo‘lmas karomat.

Shariatni kishi kim tutsa xo‘b pos,
Karomat mundin o‘tmas, ayyuhannos.

Xilofi nafsu istikmoli toat,
Bo‘lurmi andin ortiq xarqi odat.

Kishi desa valiyni g‘aybdondur,
Na’uvzu billah, ul so‘z ko‘p yomondur.

Nabi ham bilmagay ushbu ravishdin,
Magar bildirsa Tangrim ba’zi ishdin.

Xudoning xossasidur ilmi g‘aybi,
Bu so‘zning bo‘lmag‘ay bir zarra raybi.

Yaqin bil, g‘ayb ishidin folbinlar,
Xabar bersa agar yo ahli jinlar.

Kishi chin desa ul botil so‘zini,
Bo‘lib kofir, qaro qilg‘ay yuzini. Vallohu a’lam!


26 May 2022, 03:31 | Savol-javoblar | 144 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar