Odam qoni najosatligiga dalil

Assalomu alaykum! Misvar ibn Maxramadan rivoyat qilinadi: «Tong yorishgan paytda Ibn Abbos ikkimiz Umarning oldiga kirib, «Ey amirul mo‘minin, namoz vaqti bo‘ldi», dedik. Shunda Umar: «To‘g‘ri, namozni tark etgan kishining Islomdan nasibasi yo‘q», dedilar-da, turib, jarohatlaridan qon oqib turgan holda namozni ado qildilar». Buni telegram kanalingizda o‘qib qoldim. Jarohatidan qon oqayotganda namoz o‘qigan boshqa sahoba haqida rivoyatni bilardim. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu ham shunday qilgan ekanlar. Umar ibn Xattob bu borada faqih bo‘lganlar, albatta. Mazhabimiz qavliga ko‘ra qon najosat bo‘lgani uchun tanadan oqsa tahorat ketadi. Lekin aynan odam qoni najas ekanligiga mazhabimizda nima dalil qilinadi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Alloh taolo “Moida” surasida marhamat qiladi:  حُرِّمَتْ عَلَيْكُمُ الْمَيْتَةُ وَالْدَّمُ وَلَحْمُ الْخِنْزِيرِ وَمَا أُهِلَّ لِغَيْرِ اللّهِ بِهِ وَالْمُنْخَنِقَةُ وَالْمَوْقُوذَةُ وَالْمُتَرَدِّيَةُ وَالنَّطِيحَةُ وَمَا أَكَلَ السَّبُعُ إِلاَّ مَا ذَكَّيْتُمْ وَمَا ذُبِحَ عَلَى النُّصُبِ وَأَن تَسْتَقْسِمُواْ بِالأَزْلاَمِ ذَلِكُمْ فِسْقٌ الْيَوْمَ يَئِسَ الَّذِينَ كَفَرُواْ مِن دِينِكُمْ فَلاَ تَخْشَوْهُمْ وَاخْشَوْنِ الْيَوْمَ أَكْمَلْتُ لَكُمْ دِينَكُمْ وَأَتْمَمْتُ عَلَيْكُمْ نِعْمَتِي وَرَضِيتُ لَكُمُ الإِسْلاَمَ دِينًا فَمَنِ اضْطُرَّ فِي مَخْمَصَةٍ غَيْرَ مُتَجَانِفٍ لِّإِثْمٍ فَإِنَّ اللّهَ غَفُورٌ رَّحِيمٌ۝ 3. Sizlarga o‘limtik, qon, cho‘chqa go‘shti, Allohdan o‘zgaga atab so‘yilgan, bo‘g‘ilib o‘lgan, urib o‘ldirilgan, yiqilib o‘lgan, suzishdan o‘lgan, yirtqich egan hayvonlar – magar (o‘lmay turib) so‘yib olsangiz (halol) – va butlarga so‘yilgan hayvonlar hamda cho‘plar ila fol ochishingiz harom qilindi. Bu fisqdir. Bugungi kunda kufr keltirganlar diningizga zarar etkazishdan umid uzdilar. Ulardan qo‘rqmanglar, Mendan qo‘rqinglar. Bugungi kunda sizga diningizni mukammal qilib berdim. Sizga ne’matimni batamom qildim. Va sizga Islomni din deb rozi bo‘ldim. Kimki gunohga moyil bo‘lmagan holida qattiq ochlikda majbur bo‘lib qolsa, albatta, Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir.
Ushbu oyati karimada harom qilingan qon barcha qonlarga taalluqlidir. U insonniki bo‘ladimi yoki boshqa jonvorlarniki bo‘ladimi farqi yo‘q. Umar roziyallohu anhu qon oqib turganda namoz o‘qishlari mazhabimizga aslo zid emas. Chunki sohibi uzr kishining oldi-orqasidan najosat chiqib tursa ham sohibi uzr darajasida bo‘lsa namoz o‘qiyveradi. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 03:54 | Savol-javoblar | 156 | Tahorat
|
Boshqa savol-javoblar