Ro‘za tutmaganim uchun pul berish

Assalomu alaykum! Turmush o‘rtog‘im ham, men ham davlat ishida ishlaymiz. Daromadimiz bor. Ro‘za oyida sog‘lig‘im tufayli ro‘za tuta olmayman. Va tutmaganim uchun pul berishim kerak miskinlarga. Shuni men ya’ni ayol kishi o‘z daromadimdan berishim joizmi? (Turmush o‘rtog‘imga yordam bo‘lsin degan maqsadda) Yoki ayol uchun ham er o‘zi to‘lashi kerakmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Ramazon oyida qilingan nafllar farzlarga teng. Farzlarniki esa chandon-chando ziyoda. Ramazonda tutilgan bir kunlik ro‘zani savobi va barakotini inson bir umr nafl ro‘za tutib ham topa olmaydi. Hurmati yuqori bo‘lgan zotlarga qilgan jinoyat og‘ir bo‘lganidek Alloh hurmatli qilib qo‘ygan oylarda qilingan gunohning ham jazosi og‘ir bo‘ladi. Bunga misol Alloh taolo Qur’oni karimda payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ayollarini “Sizlar boshqa ayollar kabi emassizlar” deb martabalarini yuqori ekanligini bayon qilgan. ortidan Alloh taolo “Ahzob” surasida  يَا نِسَاء النَّبِيِّ مَن يَأْتِ مِنكُنَّ بِفَاحِشَةٍ مُّبَيِّنَةٍ يُضَاعَفْ لَهَا الْعَذَابُ ضِعْفَيْنِ وَكَانَ ذَلِكَ عَلَى اللَّهِ يَسِيرًا۝ 30. Ey Nabiyning ayollari! Sizdan kim ochiq gunoh qilsa, unga beriladigan azob ikki marta ko‘paytirilur. Bu esa Allohga osondir.
Aslida, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning tohira ayollaridan ochiq bir gunoh sodir bo‘lish xavfi yo‘q. Lekin bu oyatda ma’noning bo‘rttirib keltirilishi onalarimizning bo‘yinlaridagi mas’uliyat qanchalik og‘ir ekanini, ularning Islom jamiyatidagi tutgan o‘rinlari naqadar yuksakligini anglatish uchundir. Shuning uchun ham ular, mabodo, biror gunoh sodir etsalar, oddiy ayollarga beriladigan azobga nisbatan ikki barobar azob berilishi ta’kidlanmoqda. Chunki Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari musulmonlar uchun go‘zal o‘rnak bo‘lganlari kabi, u zotning oilalari, jumladan, ayollari ham go‘zal namunadirlar. Hamma ko‘z tikib turadigan namunali zotlar doimo o‘zlariga hushyor bo‘lishlari, hech qachon shariatga xilof ish qilmasliklari kerak. وَمَن يَقْنُتْ مِنكُنَّ لِلَّهِ وَرَسُولِهِ وَتَعْمَلْ صَالِحًا نُّؤْتِهَا أَجْرَهَا مَرَّتَيْنِ وَأَعْتَدْنَا لَهَا رِزْقًا كَرِيمًا۝ 31. Sizlardan kim Alloh va Uning Rasuliga itoatda bo‘lsa va yaxshi amal qilsa, uning ajrini ikki marta beramiz va uning uchun go‘zal rizqni tayyorlaganmiz” degan. Shundan kelib chiqadiki Ramazon oyida qilingan savob ulkan bo‘lganidek, unda qilingan gunoh va jinoyatlarning jazosi ham o‘ta og‘ir bo‘ladi. Sizni masalangizga kelsak sog‘ligingiz holati sizga ayon, mabodo sababi ro‘zani qoldirish darajasida bo‘lmasa hurmatli oyning savobidan mahrum bo‘lib, zimmangizga og‘ir gunohni yuklab olmang. Ayolning o‘zini moli bo‘lsa, ro‘zaning fidyasini ham o‘zi to‘laydi. Eri bersa ham joiz. Mabodo salomatligingiz qishning qisqa kunlarida tutib berishga yarasa fidya o‘tmaydi. Qazosini tutishingiz shart. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 04:37 | Savol-javoblar | 132 | Ro‘za
|
Boshqa savol-javoblar