Dadamning gaplari

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, men yaqin oylardan boshlab, faqat bomdod namozini o‘qiy boshladim. Dadamga aytsam “bir mahal o‘qiganingdan ko‘ra o‘qimaganing ma’qul, o‘qisang besh mahal to‘liq o‘qi” dedilar. Meni bolam kichkina, shuning uchun ham ikkilanaman qazo qilib qo‘yamanmi deb. Faqat bomdod namozini o‘qib yurish mumkin emasmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Dadangiz noto‘g‘ri targ‘ib qilibdi. Aksincha “Nari borsa 4-5 daqiqa vaqt ketadi, qolganlarini ham o‘qigin” deyishlari kerak edi. Shu erda e’tibor berish kerak bo‘lgan bir nuqta bor. Jannatga kirish boshqa, birdaniga do‘zaxga tushmasdan, azoblanmasdan birinchilardan bo‘lib jannatga kirish boshqa narsa. Mo‘min qalbida zarracha iymoni bo‘lsa kunlar kelib bir kun jannatga kirishi aniq. Ammo gunohga bulg‘ansa, namozlarni tark qilsa, haromlarga qo‘l ursa Alloh taolo undaylarni do‘zaxga tushirishini aytgan. “Nima bo‘lsa ham mo‘min bo‘lsak bir kun jannatga kirar ekanmizku” degan narsa shaytonning aldovidir. Chunki hadisda bir vaqt namozni tark qilgan bir huqub do‘zaxda bo‘ladi – deyilgan. Huqubni tafsir qilganlar 80.000 yil deganlar. Oyatda qiyomatning bir kuni bu dunyoning 1000 kuni kabi ekanligi aytilgan. Oxiratni cheki bo‘lmagani uchun qayta o‘lim va qayta qiyomat qoim bo‘lmagani uchun bunga ajablanishning hojati yo‘q. Hadisda do‘zax ahlining eng engil azob tortuvchisi Abu Tolib ekanligi va unga do‘zaxda olovdan kovush kiydirilishi va uning ta’sirida miyasi qaynab turishi aytilgan. O‘zingizni tezda to‘g‘rilab namozni boshlang. Aks holda quyidagi oyatning ostiga kirib qolishdan qo‘rqing. عَنْ أَبِي الْمَلِيحِ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كُنَّا مَعَ بُرَيْدَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ فِي غَزْوَةٍ فِي يَوْمٍ ذِي غَيْمٍ فَقَالَ: بَكِّرُوا بِصَلَاةِ الْعَصْرِ فَإِنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ تَرَكَ صَلَاةَ الْعَصْرِ فَقَدْ حَبِطَ عَمَلُهُ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَالنَّسَائِيُّ  Abul Maliyh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Bulutli kunda Burayda roziyallohu anhu bilan g‘azotda birga bo‘ldik. U kishi:
«Asr namozini tezroq o‘qinglar, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Kim Asr namozini tark qilsa, amali behuda ketadi», deganlar», dedi».
Buxoriy va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Sharh: Burayda roziyallohu anhu bulutli kunda Asr namozining vaqti chiqib ketishidan qo‘rqib, g‘azotdagi sheriklariga uni tezroq o‘qib olishni tavsiya etar ekanlar, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan ushbu hadisini dalil qilib keltiribdilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim Asr namozini tark qilsa, amali behuda ketadi», degan ekanlar.
Bu ham Asr namozining ahamiyati ulkan ekanligidan darak beradi.
Ulamolarimiz Asr namozini tark qilish bilan amal behuda (habata) bo‘lishi haqida turli mulohazalar aytganlar.
«Habata» so‘zi aslida yoqmaydigan o‘t-o‘lan eb qo‘yib, qorni shishgan hayvonga nisbatan ishlatiladi. Uning egan narsasi behuda ketadi, foyda o‘rniga zarar beradi.
Alloh taolo Qur’oni Karimda:
«Kim iymonni inkor qilsa, uning amali habata bo‘ladi», deya marhamat qilgan. Shundan kelib chiqqan umumiy qoidaga binoan, amalni kufr habata qiladi. Boshqa narsa habata qilmaydi.
Mazkur ulamolarning Asr namozini tark qilish amalni habata etishi haqidagi mulohazalari ham namozni tark qilish kufrmi-yo‘qmi ekanligi to‘g‘risidagi fikrlarga bog‘liq.
«Namozni qasddan tark qilsa, kofir bo‘ladi» degan ulamolar bu hadisni «Asr namozini qasddan tark qilsa, amallar habata bo‘ladi», deb sharhlashgan.
«Namozni qasddanmi, noqasddanmi, umuman, tark qilgan odam kofir bo‘ladi» deganlar o‘z fatvolariga mana shu hadisni ham dalil qilib keltiradilar.
«Namozni qasddan emas, dangasalik qilib tark qilgan odam kofir emas, osiy bo‘ladi», deganlar ham «Bir namozni tark qilish yomonligini, lekin Asr namozini tark qilish hammasidan ham yomonligini bildirish uchun bu hadisda o‘ta shiddatli ibora keltirilgan. Aslida faqat kofirlikkina amallarni habata qiladi», deydilar.
Nima bo‘lganda ham, ushbu hadisdan Asr namozini tark qilish juda ham katta gunoh ekanligi bilinib turibdi. Lekin bu – Asr namozini o‘qisa bo‘ldi, boshqa namozlar unchalik ahamiyatli emas, degani emas. Har bir namozni o‘qimasliq ulkan gunohdir. Lekin Asr namozini o‘qimaslik yana ham ulkanroq gunoh. ("Hadis va Hayot" kitobidan).   َوَيْلٌ لِّلْمُصَلِّينَ۝ الَّذِينَ هُمْ عَن صَلَاتِهِمْ سَاهُونَ۝ 4. Bir «namozxonlar»ga vayl bo‘lsinki…
5. Ular namozlarini unutuvchilardir.
Vallohu a’lam!

26 May 2022, 05:05 | Savol-javoblar | 157 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar