Odamdan qolgan suv

Assalomu alaykum! Bilamiz qishloqlarda ichimlik suvini chelaklarga to‘ldirib olib qo‘yiladi. Bir kuni chelakdan cho‘michda (suv ichadigan) suv olib ichib, ortib qolgan suvni chelakka qaytarib quyib qo‘ydim. Buni ko‘rgan bir qo‘shnim: "Bunday qilmang chelakdagi suv makrux bo‘ladi, tukib yuboring suvni” dedi. Bu qanchalik to‘g‘ri?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Odamdan, otdan va har bir go‘shtini eb bo‘ladigandan ortib qolgan suv pokdir. 
Bu erda «odamdan» deyilishi nomiki odam bo‘lsa, undan qolgan suv pok bo‘lishini anglatadi. Odam mo‘minmi, kofirmi, xotinmi, erkakmi, kattami, kichikmi, junubmi, hayz ko‘rganmi – farqi yo‘q. Faqat aroq ichgan bo‘lmasa bo‘ldi. Agar aroq ichgan bo‘lsa, og‘zi najas bo‘lgani uchun uning og‘zidagi va og‘zi tekkan narsalar ham najas bo‘ladi. U og‘zidagi najosatni ketkazish uchun uni yuvishi, suv ichishi yoki tupugini uch marta yutishi lozim.
Odamning pokligi haqidagi dalillar: عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ لَقِيَنِي رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَرَّةً فِي طَرِيقٍ مِنْ طُرُقِ الْمَدِينَةِ وَأَنَا جُنُبٌ فَاخْتَنَسْتُ وَفِي رِوَايَةٍ فَانْسَلَلْتُ فَذَهَبْتُ فَاغْتَسَلْتُ ثُمَّ جِئْتُ، فَقَالَ أَيْنَ كُنْتَ يَا أَبَا هُرَيْرَةَ؟  قُلْتُ إِنِّي كُنْتُ جُنُبًا فَكَرِهْتُ أَنْ أُجَالِسَكَ عَلَى غَيْرِ طَهَارَةٍ، قَالَ سُبْحَانَ اللهِ، إِنَّ الْمُسْلِمَ لَا يَنْجُسُ  رَواهُ الْخَمْسَةُ  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Bir marta Madinaning yo‘llaridan birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga yo‘liqib qoldilar. Men junub edim, o‘zimni chetga oldim».
Boshqa rivoyatda:
«Bildirmay sug‘urilib chiqdim. Borib, g‘usl qilib keldim. Ul zot:
«Ey Abu Hurayra, qaerda eding?» dedilar. Men:
«Junub edim, siz bilan nopok holimda o‘tirishni yoqtirmadim», dedim. Ul zot:
«Subhanalloh! Musulmon najas bo‘lmas», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilishgan. عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ كُنْتُ أَشْرَبُ وَأَنَا حَائِضٌ، ثُمَّ أُنَاوِلُهُ النَّبِيَّ رَضِي اللهُ عَنْهُ فَيَضَعُ فَاهُ عَلَى مَوْضِعِ فِيَّ فَيَشْرَبُ، وَأَتَعَرَّقُ الْعَرْقَ وَأَنَا حَائِضٌ، ثُمَّ أُنَاوِلُهُ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَيَضَعُ فَاهُ عَلَى مَوْضِعِ فِيَّ رَوَاهُ مُسْلِمٌ Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Men hayzli holimda biror narsani ichib, keyin Nabiy sollallohu alayhi vasallamga berar edim. U zot mening og‘zim tekkan joyga og‘izlarini qo‘yib ichar edilar. Men hayzli holimda suyakni g‘ajib, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga berar edim. U zot mening og‘zim tekkan joyga og‘izlarini qo‘yar edilar».
Imom Muslim rivoyat qilgan. عَنْ عَائِشَةَ أَنَّهَا قَالَتْ كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَتَّكِئُ فِي حِجْرِي وَأَنَا حَائِضٌ فَيَقْرَأُ الْقُرْآنَ رَوَاهُ مُسْلِمٌ Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Men hayzli bo‘lgan holimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘ksimga suyanib olib, Qur’on o‘qir edilar».
Imom Muslim rivoyat qilgan. عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يُصَلِّي مِنْ اللَّيْلِ وَأَنَا إِلَى جَنْبِهِ وَأَنَا حَائِضٌ وَعَلَيَّ مِرْطٌ وَعَلَيْهِ بَعْضُهُ إِلَى جَنْبِهِ رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَابْنُ مَاجَهْ وَأَحْمَدُ Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam tunda namoz o‘qir edilar. Men hayzli holda u zotning yonlarida bo‘lar edim. Ustimda bir mirt bo‘lib, uning bir tomoni u zotning ustilarida bo‘lar edi».
Imom Muslim rivoyat qilgan.
Matnda otning alohida zikr qilinishi shubhani ko‘tarish uchundir. Chunki ulamolarimiz orasida otning go‘shtini eyish halol deganlari ham, harom deganlari ham bor. «Otning go‘shti harom», deganlarning gapiga binoan, undan qolgan suv ham pok bo‘lmasligi kerak, degan fikr kelishi mumkin. Bunga mutlaqo o‘rin yo‘q. Chunki «Otning go‘shtini eyish harom», deganlar uning najasligi uchun emas, jihodga kerak bo‘lishi uchun shunday deganlar. Aslida otning go‘shti pokligiga hech kim ixtilof qilmagan.
Go‘shti halol qush va hayvonlarning so‘lagi ham pok. Chunki so‘lak go‘shtdan hosil bo‘ladi. Binobarin, ulardan qolgan suv ham pok bo‘ladi.
2. Yirtqich hayvonlarniki najasdir.
Sher, qoplon, yo‘lbars, bo‘ri, tulki, chiyabo‘ri, it, cho‘chqa, fil, maymun kabi hayvonlardan ortib qolgan suv va boshqa narsalar g‘aliz najosat hisoblanadi. Ularni mutlaqo ishlatib bo‘lmaydi. Buning hukmi xuddi o‘limtikning hukmiga o‘xshaydi. Faqat zarurat yuzasidan, noiloj qolgandagina ishlatsa bo‘ladi.
Dalillar:
Alloh taolo An’om surasida: قُل لاَّ أَجِدُ فِي مَا أُوْحِيَ إِلَيَّ مُحَرَّمًا عَلَى طَاعِمٍ يَطْعَمُهُ إِلاَّ أَن يَكُونَ مَيْتَةً أَوْ دَمًا مَّسْفُوحًا أَوْ لَحْمَ خِنزِيرٍ فَإِنَّهُ رِجْسٌ «Menga qilingan vahiyda taomlanuvchi uchun u taomlanadigan narsada harom qilingan narsani topmayapman. O‘limtik, yoki oqizilgan qon, yoki to‘ng‘iz go‘shti – chunki u iflosdir – mustasno», degan (145-oyat).عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ إِذَا وَلَغَ الْكَلْبُ فِي إِنَاءِ أَحَدِكُمْ فَلْيُرِقْهُ ثُمَّ لِيَغْسِلْهُ سَبْعَ مِرَارٍ  وَفِي رِوَايَةٍ أُولَاهُنَّ أَوْ إِحْدَاهُنَّ بِالتُّرَابِ  وَفِي أُخْرَى السَّابِعَةَ بِالتُّرَابِ  رَوَاهُ الْخَمْسَةُ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Sizlardan birortangizning idishini it yalasa, undagi narsani to‘kib yuborsin. So‘ngra u(idish)ni etti marta yuvsin», dedilar».
Boshqa bir rivoyatda: «U(yuvish)lardan birinchisi yoki u(yuvish)lardan bittasi tuproq bilan bo‘lsin», deyilgan.
Yana boshqa rivoyatda: «Ettinchisi tuproq bilan bo‘lsin», deyilgan.
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Yirtqich hayvonlarning go‘shti harom bo‘lgani uchun o‘sha go‘shtdan paydo bo‘lgan so‘lak va u tekkan har bir narsa ham najas hisoblanadi.
3. Mushuk, qo‘yib yuborilgan tovuq, yirtqich qushlar va uylardan maskan oladigan sichqon, kaltakesak kabi hayvonlarniki makruhdir.
Qo‘yib yuborilgan tovuq najosatli narsalarni eydi. Bunga yovvoyilashib ketib, najosatlarni eyishga odatlangan sigir va tuyalar ham qo‘shiladi. Mazkur narsalar, yirtqich qushlar va mushuk, sichqon, ilon kabi uylarda uchrab turadigan hayvonlardan ortgan suv makruhdir. Boshqa suv bo‘lmagan holatdagina bularni ishlatsa bo‘ladi.
Dalil: عَنْ كَبْشَةَ بِنْتِ كَعْبٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ دَخَلَ أَبُو قَتَادَةَ فَسَكَبْتُ وَضُوءًا، فَجَاءَتْ هِرَّةٌ فَشَرِبَتْ مِنْهُ فَأَصْغَى لَهَا الْإِنَاءَ حَتَّى شَرِبَتْ، فَرَآنِي أَنْظُرُ إلَيْهِ، فَقَالَ أَتَعْجَبِينَ ياَ بِنْتَ أَخِي؟ فَقُلْتُ نَعَمْ، فَقَالَ إِنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ إِنَّهَا لَيْسَتْ بِنَجِسٍ، إِنَّهَا مِنَ الطَّوَّافِينَ عَلَيْكُمْ وَالطَّوَّافَاتِ رَوَاهُ أَصْحَابُ السُّنَنِ Kabsha binti Ka’b roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«U kishi aytadilar:
«Abu Qatoda 
(uyimizga) kirdi. Men uning tahoratiga suv quyib berdim. Shunda bir mushuk kelib, undan ichdi. U esa unga ichib olishi uchun idishni engashtirib tutdi. Shunda u o‘ziga qarab turganimni ko‘rdi va:
«Ey birodarimning qizi, ajablanyapsanmi?» dedi. Men:
«Ha», dedim. U:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, u 
(mushuk) najas emas, u sizlarning atrofingizda aylanib yuruvchilardandir», deganlar», dedi».
«Sunan» egalari rivoyat qilishgan.
Shu bilan birga, ushbu va boshqa hadislarda mushuk tekkan suv haqidagi rivoyatlar ma’lum holatlarga asoslangani hamda mushuk sichqon va unga o‘xshash narsalarni eyishi e’tiboridan ulamolarimiz mushuk tekkan suvni makruh deganlar. Ya’ni «Agar mushuk tekkan suvdan boshqa suv bor bo‘lsa, o‘sha boshqa suvda tahorat qilgan yaxshiroq», deganlar.
Bu hukmga kirgan barcha hayvon va qushlar mushukka qiyos qilingan.
4. Eshak va xachirniki shaklidir. (Tahorat oluvchi) undan boshqasini topa olmasa, undan tahorat qilib, keyin tayammum ham qiladi.
Eshak va xachir harom bo‘lsa ham, uy hayvonidir. Ular suvga tegib qo‘yishi ehtimoli ko‘p bo‘lganidan, kishilarga osonlik tug‘dirish uchun ularning bu boradagi hukmi bir oz engillashtirilgan. Shu bilan birga, ularning hukmi sichqon, mushuk kabi uylarda uchraydigan kichik hajmli, hamma erga kirish imkoniga ega bo‘lgan harom hayvonlarning hukmidan bir oz og‘irlashtirilgan. Ya’ni ulardan qolgan suvdan tahorat qilgan kishi tayammum ham qilishi lozim bo‘ladi.
5. Ter ham ortgan suvga o‘xshaydi.
Qaysi narsadan qolgan suv pok bo‘lsa, uning teri ham pok bo‘ladi. Qaysi narsadan qolgan suv najas bo‘lsa, uning teri ham najas bo‘ladi. Qay narsadan qolgan suv makruh bo‘lsa, uning teri ham makruh bo‘ladi. Qay narsadan qolgan suv shakli bo‘lsa, uning teri ham shakli bo‘ladi. ("Kifoya" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 05:05 | Savol-javoblar | 230 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar