Bir nechta savol

Assalomu alaykum! Alloh, sizlardan rozi bo‘lsin. Bujiteriya bizning mazxabda taqish mumkin emasligi xaqida sizlardan o‘qib bildim. Bu xaqida yaqinlarimga aytsamlar ular sababini so‘rashdi va xamma taqishini takidlashdi. Aytingchi shunga oid xadis yoki ma’lumot bormi? Endi bujiteriyalarimni tashlab yuborishim kerakmi? 2). Kelin bo‘lib tushgan xonadonimda vannaxona va xojatxona bitta. Farzandim kichkina uni yuvintirvotganimda gapirib yuboryapman. Unitazni ustini yopib qo‘yib gapiraversam bo‘ladimi? 3). Qaynotam kir sovunda idish tovoq yuvish makrux dedilar. Shu to‘g‘rimi? Savollarim be’mani bulsa uzr so‘rayman. Yordamingiz uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! 1). Temir taqinchoq do‘zax ahlining taqinchog‘i misda esa butlarning hidi bor bo‘lgani uchun hanafiy mazhabi ulamolari shularni taqib yurishni makruhi tahrimiy deyishgan. عن بُرَيْدَةَ رضي الله عنه، أَنَّ رَجُلًا جَاءَ إِلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللَّه عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَعَلَيْهِ خَاتَمٌ مِنْ حَدِيدٍ فَقَالَ: " مَا لِي أَرَى عَلَيْكَ حِلْيَةَ أَهْلِ النَّارِ" فَطَرَحَهُ، ثُمَّ جَاءَهُ وَعَلَيْهِ خَاتَمٌ مِنْ شَبَهٍ ـ نحاس أصفر  فَقَالَ: " مَا لِي أَجِدُ مِنْكَ رِيحَ الْأَصْنَامِ" فَطَرَحَهُ، قَالَ يَا رَسُولَ اللَّهِ: مِنْ أَيِّ شَيْءٍ أَتَّخِذُهُ؟ قَالَ: " مِنْ وَرِقٍ، وَلَا تُتِمَّهُ مِثْقَالًا" أخرجه النسائي وأبو داود  Burayda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
"Temir uzuk taqqan bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzuriga keldi. Shunda u zot: "Negadir senda do‘zax ahlining ziynatini ko‘ryapman-a”, dedilar. bas u taqishni tark qildi. Keyinroq sariq misdan uzuk taqib keldi. Shunda u zot “Negadir sendan butning hidini sezayapman-a”, dedilar. Bas u taqishni tark qildi. Haligi kishi: “Nimadan uzuk taqsam bo‘ladi?”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kumushdan, vaznini bir misqolga etkazmagin”, dedilar”.
Nasoiy va Abu Dovud rivoyati. Erkaklar uchun taqinchoqlardan faqatgina uzuk joiz. U ham bo‘lsa kumush bo‘lishi sharti bilan. Boshqa, metal yoki plastik yoki mato yoki teri kabi narsalardan yasalgan taqinchoqlar halol emas.
“Javhara” kitobida : “Temir, mis, qo‘rg‘oshindan uzuk taqish erkak va ayollar uchun makruh(tahrimiy)” deyilgan.
“Fatavoi Hindiya” kitobida : “Ayollar ziynat uchun sochlariga temir, mis, qo‘rg‘oshin kabilardan yasalgan taqinchoqlarni taqishi joiz. Ulardan yasalgan bilakuzukni taqish ham joiz” deyilgan. 2). Bo‘ladi.
3). Shariatimizda bunday gap yo‘q. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 05:09 | Savol-javoblar | 147 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar