Erga axlat tashlamaslik

Assalomu alaykum! Xozirgi kunda insonlar uchun erlarga turli axlatlar tashlash odatiy xolga aylanib qolgan deb aytsa xam bo‘ladi. Bu holatga dinimizda qanday qaraladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom!  Yo‘lning haqqi عَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ إِيَّاكُمْ وَالْجُلُوسَ فِي الطُّرُقَاتِ قَالُوا يَا رَسُولَ اللهِ، مَا لَنَا بُدٌّ مِنْ مَجَالِسِنَا نَتَحَدَّثُ فِيهَا فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَمَّا إِذْ أَبَيْتُمْ، فَاعْطُوا الطَّرِيقَ حَقَّهُ قَالُوا وَمَا حَقُّ الطَّرِيقِ يَا رَسُولَ اللهِ؟ قَالَ غَضُّ البَصَرِ، وَكَفُّ الْأَذَى، وَالْأَمْرُ بِالْمَعْرُوفِ، وَالنَّهْيُ عَنِ الْمُنْكَرِ رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ  Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Yo‘llarda o‘tirishdan ehtiyot bo‘linglar», dedilar.
«Ey Allohning Rasuli, biz gaplashib o‘tirishga majbur bo‘lamiz», deyishdi.
«Agar o‘tirsangiz, yo‘lning haqqini ado qiling», dedilar.
«Yo‘lning haqqi nima, ey Allohning Rasuli?» deyishdi.
«Ko‘zni tiyish, ozor bermaslik, amru ma’ruf va nahyi munkar», dedilar».
Buxoriy, Muslim va Abu Dovud rivoyat qilganlar.
Demak, yo‘lda ko‘zni noloyiq narsalardan tiyib, birovga ozor bermasdan, boshqa yo‘lovchilar bilan salom-alik qilib, kezi kelganda yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytarish lozim bo‘ladi.
Musulmon inson yo‘lda ekanida nomahramlarga ko‘z tikmasligi, noshar’iy narsalarga nazar solmasligi kerak.
Agar beixtiyor mazkur narsalarga ko‘zi tushib qolsa ham, darhol boshqa tarafga qarashi va o‘zini ko‘rmaganga olishi zarur.
Musulmon odam hamma joyda, jumladan, yo‘lda ham hech kimga ozor bermasligi matlub.
Albatta, bundan faqat birovni ushlab olib urish yoki so‘kishgina anglashilmaydi. Balki yo‘lovchilarga ozor beradigan barcha narsalar iroda qilinadi.
Misol uchun, quyidagilarni keltirishimiz mumkin:
Yo‘lga uni iflos qiluvchi chiqindilar, po‘choqlar, papiros qoldiqlari, turli qog‘ozlar va shularga o‘xshash narsalarni tashlamaslik.
Bir so‘z bilan aytganda, yo‘lni iflos qilmaslik. Zotan, bizning dinimiz ta’limotida poklik iymondan ekani qat’iy ta’kidlangan. عَنْ عَامِرِ بْنِ سَعْدِ بْنِ أَبِي وَقَّاصٍ، عَنْ أَبِيهِ، أَنّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ إِنَّ اللهَ طَيِّبٌ يُحِبُّ الطَّيِّبَ، نَظِيفٌ يُحِبُّ النَّظَافَةَ، كَرِيمٌ يُحِبُّ الْكَرَمَ، جَوَادٌ يُحِبُّ الْجُودَ رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَالْبَزَّارُ وَأَبُو يَعْلَى  Omir ibn Sa’d ibn Abu Vaqqosdan, u esa otasidan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar:
«Albatta, Alloh xushholdir – xushhollikni sevadi, pokizadir – pokizalikni sevadi, karamlidir – karamlilikni sevadi, o‘ta saxiydir – o‘ta saxiylikni sevadi».
Termiziy, Bazzor va Abu Ya’lo rivoyat qilganlar.
Musulmon inson yo‘lga qazoi hojat qilinishiga va bavl qilinishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaydi.
Chunki bunday qilish o‘ta beodoblik bo‘lgani uchun dinimiz yo‘llarga bavl qilish va hojat ushatishdan qaytaradi.عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: اتَّقُوا اللَّاعِنَيْنِ قَالُوا: وَمَا اللَّاعِنَانِ يَا رَسُولَ اللهِ؟ قَالَ: الَّذِي يَتَخَلَّى فِي طَرِيقِ النَّاسِ أَوْ فِي ظِلِّهِمْ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَمُسْلِمٌ  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Ikki la’nat keltiruvchidan saqlaninglar», dedilar. Odamlar:
«Ey Allohning Rasuli, ikki la’nat keltiruvchi nima?» dedilar. U zot sollallohu alayhi vasallam:
«Odamlarning yo‘liga yoki soya joyiga xalo qilgan», dedilar».
Abu Dovud va Muslim rivoyat qilganlar.
Bu hadisi sharifda ko‘pchilik foyda oladigan joylarni ehtirom qilish, bunday jamoatchilik joylarini ozoda saqlash haqida so‘z bormoqda.
Yo‘l – ko‘pchilik foydalanadigan tarmoq ekani oldin ham aytib o‘tildi. Unda kishilarga ozor beradigan, ko‘ngillarini g‘ash qiladigan narsalar bo‘lmasligi kerak. Agar biror kishi yo‘lga qazoi hojat qilib qo‘ysa, o‘tgan-ketgan odam unga la’nat aytadi. Odamlar o‘tirib, dam oladigan, salqinlab, nafasini rostlaydigan joylar ham xuddi shunday! Bunday joylar ham doimo ozoda saqlanishi lozim, u erlarga qazoi hojat qilib qo‘ygan kishini ham odamlar la’natlaydi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu ikki ishni «ikki la’nat keltiruvchi» deb atamoqdalar.
Musulmon kishi odamlarga zarar etkazadigan va ozor beradigan narsalarni yo‘lda o‘zi bilan olib yurmaydi.
Bundan insonning badaniga, kiyimiga, sog‘ligiga va mol-mulkiga zarar etkazadigan narsalar ko‘zda tutilgan. Misol uchun, turli tig‘i bor narsalar, qurollar, kiyimga tegsa, yirtadigan yoki iflos qiladigan narsalar, itga o‘xshash odamni ko‘rqituvchi, badbo‘y narsalar kabi havoni buzuvchi narsalarni yo‘lda olib yurish odobdan emas. عَنْ أَبِي مُوسَى  رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ مَنْ مَرَّ فِي شَيْءٍ مِنْ مَسَاجِدِنَا أَوْ أَسْوَاقِنَا بِنَبْلٍ فَلْيَأْخُذْ عَلَى نِصَالِهَا بِكَفِّهِ لَا يَعْقِرْ مُسْلِمًا رَوَاهُ الثَّلَاثَةُ Abu Muso riziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim masjidlarimizdan yoki bozorlarimizdan kamon o‘qi ila o‘tsa, uning tig‘ini kafti bilan tutib o‘tsin, musulmon odamni kesib qo‘ymasin», dedilar».
Buxoriy, Muslim va Abu Dovud rivoyat qilganlar.
Bu hadisda moddiy-jismoniy zarar etkazishdan qaytarilayotgan bo‘lsa-da, ma’naviy-ruhiy zarar bundan ham qattiqroq sanalgani uchun, bu holat ham mazkur hadis mavzusiga kiradi.
Islom ta’limoti bo‘yicha yo‘lga kishilarga zarar va ozor beruvchi narsalarni tashlashdan chetlanib qolish bilan kifoyalanilmaydi. Balki o‘sha zarar va ozor beruvchi narsalar yo‘lda paydo bo‘lganida, ularni olib tashlash talab qilinadi. Dinimizda bunday ishlarga keng targ‘ib qilinadi va kishilarga ozor beruvchi narsalarni yo‘ldan olib tashlash iymon sho‘’balaridan biri, deb baholanadi. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: بَيْنَمَا رَجُلٌ يَمْشِي بِطَرِيقٍ وَجَدَ غُصْنَ شَوْكٍ عَلَى الطَّرِيقِ فَأَخَّرَهُ، فَشَكَرَ اللهُ لَهُ فَغَفَرَ لَهُ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا أَبَا دَاوُدَ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Bir odam yo‘lda yurib ketayotib, tikanli shoxni ko‘rib qolibdi va uni yo‘ldan olib tashlabdi. Bas, Alloh unga shukr aytibdi va uni mag‘firat qilibdi», dedilar».
Buxoriy, Muslim, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Bitta tikanli shoxni yo‘ldan olib tashlashning mukofoti qanchalar ulug‘ ekanini ko‘rdingizmi? Agar yo‘lning ozodaligi uchun, yo‘lovchilarga ozor beradigan narsalarni yo‘ldan olib tashlash uchun shox olib tashlashdan ham kattaroq ishlar qilinsa, mukofotlar ham kattalashib boraveradi. Hozirgi kunda mayda-chuyda narsalarni yo‘ldan olib, maxsus axlat idishlariga solib qo‘yish bilan birga, yo‘ldagi noqulayliklar haqida yo‘l xizmati ishchilari yoki muassasalariga xabar berib qo‘yish ham shunday savobli ishlardan hisoblanadi. (“Ijtimoiy odoblar” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 05:13 | Savol-javoblar | 159 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar