Erkaklar kiyinish odobi

Assalomu alaykum! Ustozlar, Alloh ilmingizni yanada ziyoda qilsin, sizlar sababli biz xam boshkalarga sababchi bo‘lishimizni va ajru savoblarga ega bo‘lishimizni nasib kilsin. Savolim shuki, Arab mamlakatlarida, Dubayda, kiyinish ularda xammasi bir xil kiyinishadi, shunga mani qiziqtirayotgan narsa shariatimizda aynan erkaklarga kiyinish odobi bormi, aslida kanday kiyinishimiz kerak?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Dinimizda musulmon va muslimaga maxsus kiyim yo‘q. Birinchidan avratlarini berkitish farz. Ikkinchidan boshqa din vakillarining diniy liboslarini kiyish joiz emas. Diniy bo‘lmagan liboslarini kiyish joiz. Fosiqlarga xos bo‘lgan kiyimlarni kiyish ham joiz emas. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zamonalarida u zot va sahobalarning kiyimlari Abu Lahab va Abu Jahllarning kiyimlaridan farq qilgan emas. Birgina sallasida farq qilgan. Mushriklar do‘ppisiz salla o‘ragan bo‘lishsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobalar do‘ppi ustidan salla o‘raganlar. Avratni berkitishda ham ikki jihat bor. Birinchisi shariatimizda erkak va ayollarga avrat deb belgilagan joylarni berkitishi, ikkinchisi kiyim ham tashqaridan ichi ko‘rinmaydigan, avrat a’zolarini namoyon qilib turadigan darajada tor bo‘lmasligi kerak. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oq rangli kiyimga targ‘ib qilganlar.  "Hadis va Hayot" kitobida quyidagicha keladi: عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ  قَالَ: الْبَسُوا مِنْ ثِيَابِكُمُ الْبَيَاضَ، فَإِنَّهَا مِنْ خَيْرِ ثِيَابِكُمْ، وَكَفِّنُوا فِيهَا مَوْتَاكُمْ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَصَاحِبَاهُ. وَلِأَبِي دَاوُدَ: لَا تَغَالَوْا فِي الْكَفَنِ، فَإِنَّهُ يُسْلَبُهُ سَلْبًا سَرِيعًا Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kiyimlaringizdan oqini kiying. Chunki u eng yaxshi kiyimingizdir. O‘liklaringizni ham o‘shanda kafanlang», dedilar».
Termiziy va uning ikki sohibi rivoyat qilganlar.
Abu Dovudning rivoyatida:
«Kafanda ortiqchalikka yo‘l qo‘ymanglar. Chunki u tezda sug‘urib olinadi», dedilar», deyilgan.
Sharh: Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Musulmonlar uchun oq rangli kiyim afzal ekanligi.
2. Musulmonlarning kafani ham oq rangli bo‘lishi.
3. Kafanga ortiqcha sarf-xarajat qilish durust emasligi.
Bu bahosi qimmat mato olishga yoki keragidan ortiqcha ko‘p mato ishlatishga ham tegishlidir. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 23:23 | Savol-javoblar | 175 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar