Ayol homilador bo‘lsa

Assalomu alaykum! Ayol homilador vaqtida taksikoz ya’ni ko‘ngil aynish biror narsani juddayam qattiq egisi kelishi bu davrdagi ayollarga xos. Dinimizda homilador ayollarga ro‘za farziga qanday istisnolar bor. Iltimos bu judda muhim iymon kanalida savolga javob bering.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Avvalo shuni bilinki iymon kanali bizniki emas. Savolingizga kelsak homilador ayol ko‘ngli aynib qussa ro‘za ochilmaydi. Agar qasddan qo‘lini tiqib qussa ochiladi. Ramazon ro‘zasini tutishga haqiqatan ojiz bo‘lsa, qodir bo‘lganida qazosini tutib beradi. Ro‘za tutmaslikni yoki tutgan bo‘lsa ham ochishni muboh qiluvchi amallar SAVOL: Ro‘za tutmaslikni yoki tutgan bo‘lsa ham ochishni muboh qiluvchi amallar qaysilar?
JAVOB: Ular to‘qqiztadir:
1. Bemorlik (halok bo‘lishi, biror a’zosiga talofat etishi, yangi kasallik paydo bo‘lishi, mavjud bemorligi ziyodalashishi xavfi bo‘lsa. Yuqoridagilar holatlarni uzr bo‘lishini sharti-musulmon, o‘z kasbini mohir ustasi, adolatli shifokor tomonidan tavsiya bo‘lishidir. G‘ayri din, sohasini ustasi bo‘lmagan, ibodatlarga beparvo shifokorlarning tavsiyalari qabul qilinmaydi).المريض إذا خاف على نفسه التلف، أو ذهاب عضو منه يفطر بالإجماع Kasal o‘z joniga yoki biror a’zosiga talofat etishidan xavf qilsa bil ijmo’ ro‘zasini ochaveradi; Fatavoi Hindiya
2.    Safar qilish (musofir kishi ro‘za tutish-tutmaslikda ixtiyorlikdir. Imkoni bo‘lsa tutgani afzaldir. Ro‘za tutmasligi mumkinligiga shariat tomonidan ruxsat berilgan. Ro‘za tutganidan so‘ng safarga chiqsa, ro‘zasini ochishga ruxsat berilmaydi. Ochib yuborsa qazo lozim bo‘lib, kafforot vojib bo‘lmaydi. Ro‘za tutganidan so‘ng safarni niyat qilsayu, o‘z shahridan chiqib ketishidan avval eb-ichib yuborsa kafforot lozim bo‘ladi.);
3.    Majburlanish (majburlash ikki qism bo‘ladi: 1) halok qilish yoki biror a’zosiga talofat etkizish, qattiq urish; 2) bu darajaga etib bormagan majburlash. Agar salomat va muqim bir kishini o‘limtik, qon, to‘ng‘iz go‘shtini eyishga majbur qilinsa, majburlash turi birinchi qismga oid, ya’ni o‘ldirib yuborish, biror a’zosiga talofat etkazish yoki qattiq urish kabi bo‘lsa, unga yuqoridagi narsalarni iste’moli halol bo‘ladi. Sabr qilib emasdan o‘lib ketsa gunohkor bo‘ladi. Birinchi qismga oid  majburlash bilan kufr so‘zini aytishga, ibodatlarni bajarmaslikka zo‘rlansa, qalbi iymonga hotirjam bo‘lib, kufr so‘znini tilga olsa, ibodatlarni bajarmasa kofir, gunohkor bo‘lmaydi, lekin tilga olmasa, ibodatlarni bajarsa va natijada vafot etsa savobga ega bo‘ladi.
Kasal, musofirlar birinchi qismga oid majburlash bilan ro‘za tutishga majburlansalar ro‘zalarini ochadilar, balki vojib ham bo‘ladi. Hattoki, ro‘zasini ochishdan bosh tortib o‘lib ketsalar gunohkor bo‘ladilar); أَنَّهُ لَوْ أُكْرِهَ عَلَى أَكْلِ مَيْتَةٍ أَوْ دَمٍ أَوْ لَحْمِ خِنْزِيرٍ أَوْ شُرْبِ خَمْرٍ بِغَيْرِ مُلْجِئٍ كَحَبْسٍ أَوْ ضَرْبٍ أَوْ قَيْدٍ لَمْ يَحِلَّ ، وَإِنْ بِمُلْجِئٍ كَقَتْلٍ أَوْ قَطْعِ عُضْوٍ أَوْ ضَرْبٍ مُبَرِّحٍ حَلَّ فَإِنْ صَبَرَ فَقُتِلَ أَثِمَ وَإِنْ أُكْرِهَ عَلَى الْكُفْرِ بِمُلْجِئٍ رَخَّصَ لَهُ إظْهَارَهُ وَقَلْبُهُ مُطْمَئِنٌّ بِالْإِيمَانِ وَيُؤْجَرُ لَوْ صَبَرَ وَمِثْلُهُ سَائِرُ حُقُوقِهِ تَعَالَى كَإِفْسَادِ صَوْمٍ وَصَلَاةٍ   Agar o‘laksa, qon, to‘ng‘iz go‘shtini eyishga yoki xamr ichishga ortiqcha qiynamay zo‘rlasa: qamab, urib, kishanlash kabi ularni eyish va ichish halol bo‘lmaydi. Agar qattiq zo‘rlasa: o‘ldirish, biror a’zosiga talofat etkazish, qattiq urish kabi halol bo‘ladi. sabr qilaman, emayman, desayu, o‘lib ketsa gunohkor bo‘ladi. Shuningdek kufrga shu kabi qattiq zo‘rlansa qalbi iymonga hotirjam bo‘lsa kufr lafzini aytishligiga ruxsat beriladi. Aytmasa, sabr qilsa, savob oladi. Ro‘za, namoz kabi Allohning haqlarini buzish ham shuningdekdir.  (Roddul Muhtor)
4.    Homiladorlik;
5.    Sut emizish (homilador yoki emizikli ayol o‘zining yoki bolasining joniga nuqson yoki halokat etish xavfi bo‘lsa, ro‘za tutmaslikka, tutgan bo‘lsa ochib yuborishga ruxsat beriladi. Bu narsalarni tajriba yoki gumoni g‘olib bo‘lishi yoki musulmon, o‘z ishishi ustasi bo‘lgan shifokor tavsiyasi bilan bilinadi)الْحَامِلُ وَالْمُرْضِعُ إذَا خَافَتَا عَلَى أَنْفُسِهِمَا أَوْ ، وَلَدِهِمَا أَفْطَرَتَا وَقَضَتَا ، وَلَا كَفَّارَةَ عَلَيْهِمَا كَذَا فِي الْخُلَاصَةِ Homilador yo emizikli ayol o‘z jonlariga yoki bolalariga xavf sezsalar ro‘zani qazo qiladilar. Ularga kafforot vojib bo‘lmaydi. Xulosada ham shunday keltirilgan; Fatavoi Hindiya
6. Ochlik;
7. Chanqoqlik (bu holatlar halokat yoki bemorlikka olib borsa, ro‘zani ochishlik uzr sanaladi);
8. Qarilik (erkagu ayol yoshi ulg‘ayib, ro‘za tutishga qudrati etmasa, bu holat umrining oxiriga davom etsa, ro‘za tutmasdan badaliga fidya to‘lashlari lozim bo‘ladi. قال في التنوير و للشيخ الفاني العاجز عن الصوم الفطر و يفدي Tanvirda “Ro‘zadan ojiz qolgan yoshi ulug‘ kishiga ro‘za tutmasligi joiz bo‘ladi va fidya to‘laydi”, deyilgan. Fatavoi Hindiya.
Shuningdek surunkali kasallikka duchor bo‘lganlar ham. الْمَرِيضُ إذَا تَحَقَّقَ الْيَأْسُ مِنْ الصِّحَّةِ فَعَلَيْهِ الْفِدْيَةُ لِكُلِّ يَوْمٍ مِنْ الْمَرَضِ Salomat bo‘lishdan umidini uzgan surunkali kasallikka duchor bo‘lgan bemorga kasalligi tufayli har kunlik ro‘zasini evaziga fidya to‘lashi vojib bo‘ladi. Roddul Muhtor.
Agar yuqoridagi kishilar yozning uzun kunlarida tutolmay, qishning qisqa kunlarida tutshga qudratlari etsa, ro‘za tutishlari farz bo‘lib, fidya kifoya qilmaydi;
9.    Safarbarlik;
Ba’zilar hayz, nifos, behushlik va jinnilik, nafl ro‘zalarda ziyofatni ham ro‘za tutmaslik uchun uzrlar safiga qo‘shganlar.
SAVOL: Ro‘za tutmaslikka uzrli kishilar uzrlari tugasa nima qiladilar.
JAVOB: Uzrlari sababli necha kun ro‘za tuta olmagan bo‘lsalar, o‘sha kunlarning qazosini tutishlari vojib bo‘ladi. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 05:14 | Savol-javoblar | 149 | Ro‘za
|
Boshqa savol-javoblar