Abadiy do‘zaxda bo‘ladimi?

Assalomu aleykum. Alloh ishingizni rivojini bersin. Do‘zahga tushgan banda gunohi kichikmi yoki kattami abadul-abad do‘zahda qoladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Shu erda e’tibor berish kerak bo‘lgan bir nuqta bor. Jannatga kirish boshqa, birdaniga do‘zaxga tushmasdan, azoblanmasdan birinchilardan bo‘lib jannatga kirish boshqa narsa. Mo‘min qalbida zarracha iymoni bo‘lsa kunlar kelib bir kun jannatga kirishi aniq. Ammo gunohga bulg‘ansa, namozlarni tark qilsa, haromlarga qo‘l ursa Alloh taolo undaylarni do‘zaxga tushirishini aytgan. “Nima bo‘lsa ham mo‘min bo‘lsak bir kun jannatga kirar ekanmizku” degan narsa shaytonning aldovidir. Chunki hadisda bir vaqt namozni tark qilgan bir huqub do‘zaxda bo‘ladi – deyilgan. Huqubni tafsir qilganlar 80.000 yil deganlar. Oyatda qiyomatning bir kuni bu dunyoning 1000 kuni kabi ekanligi aytilgan. Oxiratni cheki bo‘lmagani uchun qayta o‘lim va qayta qiyomat qoim bo‘lmagani uchun bunga ajablanishning hojati yo‘q. Hadisda do‘zax ahlining eng engil azob tortuvchisi Abu Tolib ekanligi va unga do‘zaxda olovdan kovush kiydirilishi va uning ta’sirida miyasi qaynab turishi aytilgan. Siz keltirgan hadislarda ham solih bo‘lsa birinchilardan bo‘lib kirishi, o‘g‘ri, fosiq va zinokor bo‘lsa va iymoni salomat qolsa qachonlardir bir kun azoblardan keyin jannatga kirishi iroda qilingan. “Kimning oxirgi so‘zi Laa ilaaha illalloh” degan hadisning sharhida ham solih bo‘lsa birinchilardan bo‘lib, fosiq-fojir bo‘lsa iymon bilan ketgani uchun do‘zaxdagi azobdan keyin jannatga kirishi aytilgan. Gunohkor, birovlarning haqqini egan kishilar garchi shahid bo‘lgan taqdirda ham jannatga kirolmay turishi ham aytilgan. Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 06:46 | Savol-javoblar | 150 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar