Go‘shti harom hayvonlarni terisi

Assalomu alaykum! Go‘shti harom qilingan hayvonlarning terisi ham harommi? Masalan, yirtqich hayvonlar, eshak, suvda ham quruqlikda yashovchi hayvonlar terisi.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! To‘ng‘izning go‘shti harom bo‘lganidek hamma a’zosi ham haromdir. Hatto terisi ham, yungi ham. Uning birorta narsasining iste’moli joiz emas. Qolgan go‘shti eyilmaydigan hayvonlarni esa terisi oshlanganda pok bo‘ladi. "Kifoya" kitobida quyidagicha keladi:
TERINI OShLASh HUKMLARI
Har bir oshlanmagan teri oshlansa, pok bo‘ladi. Faqat cho‘chqa va odamning terisi bundan mustasno.
Bunda oshlashning barcha turlari ko‘zda tutilgan. Nima qilsa ham terining qo‘lansa hidini oladigan va uni buzilishdan saqlaydigan narsa bo‘lsa, kifoya. Buning eng ozi tuz sepishdir.  عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ  إِذَا دُبِغَ الْإِهَابُ فَقَدْ طَهُرَ   وَفِي رِوَايَةٍ أَيُّمَا إِهَابٍ دُبِغَ فَقَدْ طَهُرَ رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«U kishi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Oshlanmagan teri oshlansa, batahqiq, pok bo‘lur», deganlarini eshitganman», degan».
Boshqa bir rivoyatda:
«Qaysi bir oshlanmagan teri oshlansa, batahqiq, pok bo‘lur», deyilgan.
Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.
Demak, teri oshlash bilan pok bo‘lar ekan. Oshlab, pok qilib olgandan keyin undan turli maqsadlarda foydalansa bo‘laveradi.
Faqat hurmati yuzasidan odamning terisi va asli najas bo‘lgani uchun cho‘chqaning terisi bundan istisno qilingan. عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَجَدَ شَاةً مَيْتَةً أُعْطِيَتْهَا مَوْلَاةٌ لِمَيْمُونَةَ مِنَ الصَّدَقَةِ، فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ هَلَّا انْتَفَعْتُمْ بِجِلْدِهَا  قَالُوا إِنَّهَا مَيْتَةٌ، فَقَالَ  إِنَّمَا حَرُمَ أَكْلُهَا  رَوَاهُ الْخَمْسَةُ Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Maymunaning ozod qilgan cho‘risiga sadaqadan berilgan qo‘yning o‘ligini ko‘rdilar va:
«Buning terisidan foydalansangiz-chi!» dedilar. Ular:
«Bu harom o‘lgan», deyishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Uni eyish harom, xolos», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilishgan. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 00:58 | Savol-javoblar | 173 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar