Obro‘ga daxl qiluvchilar

Assalomu alaykum! Aziz Ustozlar, tarozidan urib qoluvchilar va obro‘ga daxl qiluvchilarga vayl bo‘lsin deyilgandagi obro‘ga daxl qilishni qanday tushunish mumkin?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Islom besh narsani himoya qilishni qattiq ta’kidlagan. 1). Dinni saqlash. 2). Nafsni saqlash. 3). Naslni saqlash. 4). Obro‘ni saqlash. 5). Aqlni saqlashdir. Insonning obro‘sini, xususan mo‘min musulmonni obro‘sini saqlash dinimizdan qattiq ta’kidlangan amaldir. O‘zganing obro‘siga tajovuz qilish, masxara qilish, uni o‘zgalarga etkazish va tarqatish, til-ko‘z mazax orqali obro‘siga ishora qilish shariatimizda harom qilingan. Odatda o‘zgalar obro‘siga til tekkazuvchilarda  g‘iybat qilish, masxara qilish, chaqimchilik qilish, uni ayblarini qidirib josuslik qilish, fahshni tarqalishiga hissa qo‘shish kabi ishlar sodir bo‘ladi. Alloh taolo Qur’on karimda “Har bir obro‘ to‘kuvchi va ayblovchiga vayl bo‘lsin”(Humaza surasi 1-oyat) degan. Yana bir o‘rinda “Nur” surasida marhamat qiladi: إِنَّ الَّذِينَ يُحِبُّونَ أَن تَشِيعَ الْفَاحِشَةُ فِي الَّذِينَ آمَنُوا لَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ وَاللَّهُ يَعْلَمُ وَأَنتُمْ لَا تَعْلَمُونَ۝ 19. Albatta, iymon keltirganlar ichida fahsh tarqalishini yaxshi ko‘radiganlarga bu dunyoyu oxiratda alamli azob bordir. Alloh biladir, siz esa bilmassiz – degan. Yana bir o‘rinda يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اجْتَنِبُوا كَثِيرًا مِّنَ الظَّنِّ إِنَّ بَعْضَ الظَّنِّ إِثْمٌ وَلَا تَجَسَّسُوا وَلَا يَغْتَب بَّعْضُكُم بَعْضًا أَيُحِبُّ أَحَدُكُمْ أَن يَأْكُلَ لَحْمَ أَخِيهِ مَيْتًا فَكَرِهْتُمُوهُ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ تَوَّابٌ رَّحِيمٌ۝ 12. Ey iymon keltirganlar! Ko‘p gumonlardan chetda bo‘linglar, chunki ba’zi gumonlar gunohdir. Josuslik qilmanglar. Ba’zilaringiz ba’zilaringizni g‘iybat qilmasin. Sizlardan birortalaringiz o‘zining o‘lgan birodarining go‘shtini eyishni yaxshi ko‘rurmi? Ha, yomon ko‘rasizlar. Allohdan qo‘rqinglar! Albatta, Alloh tavbani ko‘plab qabul qiluvchidir, o‘ta rahmlidir. (“Hujurot” surasi). Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Musulmonning musulmonga hamma narsasi harom. Qoni, moli, obro‘si” deganlar. عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ صَلَّى صَلَاتَنَا، وَاسْتَقْبَلَ قِبْلَتَنَا، وَأَكَلَ ذَبِيحَتَنَا، فَذَلِكَ الْمُسْلِمُ الَّذِي لَهُ ذِمَّةُ اللهِ وَذِمَّةُ رَسُولِهِ، فَلَا تُخْفِرُوا اللهَ فِي ذِمَّتِهِ Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim namozimizni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa va so‘ygan jonlig‘imizni esa, u Alloh va Uning Rasuli kafolatidagi musulmondir. Allohning kafolatini poymol qilmanglar», dedilar». (“Oltin silsila” kitobidan Sahihul Buxoriy). Kafolat ostiga mo‘minning obro‘si ham kiradi. Yana bir o‘rinda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Chaqimchi jannatga kirmaydi” deganlar. yana bir hadislarida أن النبي صلى الله عليه وسلم قال: الربا اثنان وسبعون باباً، أدناه مثل إتيان الرجل أمه، وإن أربى الربا استطالة الرجل في عرض أخيه المعجم الأوسط للطبراني Nabiy sollallohu alayhi vasallam : “Ribo etmish ikki bobdir. Uning eng past darajadagisi kishi o‘z onasiga yaqinlik qilishidir. Riboning eng ulkani kishi birodarining obro‘siga til tekkazishidir” deganlar. Tabaroniy rivoyati.  وفى حديث ابن عمر أن النبي صلى الله عليه وسلم- قال: من قال في مؤمن ما ليس فيه أسكنه الله ردغة الخبال، حتى يخرج مما قال. وردغة الخبال: هي عصارة أهل النار Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : “Kim mo‘minda bo‘lmagan narsani gapirsa o‘sha gapidan chiqmagunicha Alloh unga rodg‘otul hobaldan maskin qilib beradi” dedilar. Abu Dovud rivoyati. Rodg‘otul hobal do‘zax ahlini irib tushgan yiringlaridir. Nafsimizni xumoridan chiqishi uchun o‘zimizga yuqoridagi azoblarni vojib qilib olmaylik. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 05:38 | Savol-javoblar | 159 | Ta’lim va muta’allim
|
Boshqa savol-javoblar