Dilida boshqa bo‘lib tilida noto‘g‘ri talaffuz qilib yuborsa

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, bir xamkasbim bilan baxslashib qolganimda. Unga «men faqat Allohdan qo‘rqaman» deb aytaman deb (Allohni o‘zi kechirsin aslida dilimdagi boshqa edi) talaffuzda adashib, «men faqat Allohdan qo‘rqmayman» deb yuboribman shoshilib gapirganimdan. Allohni o‘ziga ayonki aslida dilimdagi boshqa edi. Ustozlar bu bilan men shirk keltirib qo‘ymadimmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Qasddan qilmasangiz zarari yo‘q. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Alloh bandasining tavbasi tufayli shunday bir kishidan ham ko‘ra ko‘proq xursand bo‘ladiki, u kishi kimsasiz sahroda tuyasiga oziq-ovqati ortilgan holda borayotganida tuyasi qochib ketadi. Tuyani topishdan umidi uzilgach, noumid bo‘lib bir daraxt soyasiga borib yotib oladi. Bir vaqt qarasa, tuyasi oldida turibdi. Uning tizginidan tutganicha qattiq xursand bo‘lib ketganidan tili adashib: «Ey Parvardigor! Sen bandamsan, men robbingman», deb yubordi. (Alloh bandasining tavba qilishidan ana shu kishidan ko‘ra ham ko‘proq xursand bo‘ladi)» Imom Muslim rivoyati. Ushbu hadisda Nabiy (alayhissalom) go‘zal bir tamsil va tashbeh bilan o‘xshatish qilmoqdalar. Bepoyon sahroning o‘rtasida ustiga ozig‘i va suvi ortilgan kimsa tuyasini yo‘qotib, qo‘ldan chiqarib yuborganda naqadar alamli va noumid holga tushishini tasavvur qilavering. Bu holatda Allohning O‘zi unga tuyasini yo‘llab yubormasa u inson muhaqqaq halok bo‘ladi. Shu holga tushgan inson noumid bo‘lib bir daraxt tagida uyquga ketsa, va ko‘zini ochganda ne ko‘z bilan qarsaki, oldida o‘sha tuyasi turgan bo‘lsa, u odamning shodligini cheki bo‘lmaydi. Azbaroyi qattiq quvonib ketganidan Allohga shukr aytmoqchi bo‘lganda hatto tili chalkashib ketadi. Agar banda Allohga tavba qilsa, Alloh mazkur tuyasini yo‘qotgandan so‘ng topib olgan kimsaning shodligidan-da ko‘proq shodlanar ekan. (Muslim rivoyati). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 05:47 | Savol-javoblar | 129 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar