Namozni tark qilish

Assalomu alaykum! Ustozlar, Alloh sizlarga kuch quvvat bersin. Javob uchun oldindan rahmat. Dunyoviy ilm uchun namozni qazo qilishni hukmi qanday bo‘ladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Namozni qazo qilishga hech qanday uzr yo‘q. Siz aytgan narsa ham uzr bo‘lolmaydi. Alloh taolo “Ankabut” surasida marhamat qiladi: وَمِنَ النَّاسِ مَن يَقُولُ آمَنَّا بِاللَّهِ فَإِذَا أُوذِيَ فِي اللَّهِ جَعَلَ فِتْنَةَ النَّاسِ كَعَذَابِ اللَّهِ وَلَئِن جَاء نَصْرٌ مِّن رَّبِّكَ لَيَقُولُنَّ إِنَّا كُنَّا مَعَكُمْ أَوَلَيْسَ اللَّهُ بِأَعْلَمَ بِمَا فِي صُدُورِ الْعَالَمِينَ۝ 10. Va odamlardan «Allohga iymon keltirdik», deydigan, so‘ngra Allohning yo‘lida ozorlansa, odamlarning fitnasini Allohning azobidek qabul qiladiganlari ham bor. Agar Robbing tomonidan nusrat kelsa, ular: «Albatta, biz siz bilan birga edik», – derlar. Alloh olamlarning ko‘kslaridagi narsalarni yaxshi biluvchi emasmi?! Ko‘pchilikka qo‘shilib, qiziqib, osonlik, engillik paytida Allohga iymon keltirib va buni boshqalarga pesh qilib, ko‘kragiga urib, o‘zini din yo‘lida jonfido qilib ko‘rsatadiganlar ko‘p bo‘ladi. Bu holat doimo takrorlanib kelgan. Ayniqsa, yov qochganda, botir ko‘payganidek, o‘zining iymonli ekanini pesh qiladiganlar ham kenglik paytlarida juda urchiydi. Ushbu oyati karimada xuddi ana shunday kishilar haqida so‘z ketmoqda. «Va odamlardan «Allohga iymon keltirdik», deydigan, so‘ngra Allohning yo‘lida ozorlansa, odamlarning fitnasini Allohning azobidek qabul qiladiganlari ham bor». Bunday odamlar, iymon kalimasini aytsak bo‘ldi, hamma narsa o‘z-o‘zidan bo‘laveradi, hech qanday yomonlik etmaydi, deb tasavvur qiladilar. Shuning uchun ham Allohning yo‘lida ozgina qiynalsalar, kofir va munofiqlardan ularga ozor etsa, sabr etolmay qoladilar. Odamlarning fitnasini Allohning azobi deb biladilar. Chiday olmay, turli holatlarga tushadilar va iymondan qaytadilar. «Agar Robbing tomonidan nusrat kelsa, ular: «Albatta, biz siz bilan birga edik», – derlar». Munofiqlar iymon kalimasini og‘izda aytib, kutib turadilar. Agar Alloh taolo musulmonlarga nusrat bersa, ular ham o‘zlarini g‘alabaga sherik sanab: «...biz siz bilan birga edik»,(biz ham musulmonmiz) – deydilar. Demak, ular iymon kalimasini shu maqsad bilangina aytganlar. Bu dunyo matohi umidida, musulmonlarga keladigan yaxshiliklarga sherik bo‘lish maqsadida o‘zlarini mo‘min deb e’lon qilganlar. Lekin, oyatning avvalida aytilganidek, sinovga duch kelsalar, shumliklari fosh bo‘ladi. Ular o‘zlaricha juda ham ustomonlik qilayotganga o‘xshaydilar. Lekin o‘ta aqlsizlik qilayotganlari xayollariga ham kelmaydi. Axir ustomonlik bilan Alloh taoloni aldab bo‘larmidi?! «Alloh olamlarning ko‘kslaridagi narsalarni yaxshi biluvchi emasmi?!» Axir Alloh taolo nafaqat bir guruh munofiqlarning, balki butun olamlardagi odamlarning qalbida nima borligini bilib turuvchi Zot-ku?! Holbuki, ularning munofiqliklari oddiy odamga ham ochiq-ravshan ko‘rinib turibdi. وَلَيَعْلَمَنَّ اللَّهُ الَّذِينَ آمَنُوا وَلَيَعْلَمَنَّ الْمُنَافِقِينَ۝ 11. Albatta, Alloh iymon keltirganlarni ham yaxshi bilur, munofiqlarni ham yaxshi bilur. Shuning uchun iymon keltirgan haqiqiy mo‘minlar xotirjam bo‘lib, iymonlarida sobit tursinlar. Munofiqlar esa tavba qilib, to‘g‘ri yo‘lga o‘tsinlar. Iymon yo‘lidagi sinovlardan yana biri mo‘minlarni to‘g‘ri yo‘ldan urish uchun kofir va munofiqlar tomonidan uyushtiriladigan turli-tuman ig‘volardir. Quyidagi oyatda ana o‘shanday ig‘volardan bir namuna sifatida keltiriladi: وَقَالَ الَّذِينَ كَفَرُوا لِلَّذِينَ آمَنُوا اتَّبِعُوا سَبِيلَنَا وَلْنَحْمِلْ خَطَايَاكُمْ وَمَا هُم بِحَامِلِينَ مِنْ خَطَايَاهُم مِّن شَيْءٍ إِنَّهُمْ لَكَاذِبُونَ۝ 12. Va kufr keltirganlar iymon keltirganlarga: «Bizning yo‘limizga ergashinglar, xatolaringizni biz ko‘taraylik», – derlar. Holbuki, ular alarning xatolaridan hech bir narsani ko‘taruvchi emaslar. Albatta, ular yolg‘onchilardir. Kofirlar doimo ig‘volari bilan mo‘minlarni to‘g‘ri yo‘ldan urib, o‘z yo‘riqlariga solish payida bo‘ladilar. Albatta, mo‘minlar ularning yo‘rig‘i xato ekanini, gunoh bo‘lishini aytib, bosh tortadilar. Ana shunda kofirlar ig‘voning cho‘qqisiga chiqib, yana ham qattiqroq tashviqot qilishga o‘tadilar. «Va kufr keltirganlar iymon keltirganlarga: «Bizning yo‘limizga ergashinglar, xatolaringizni biz ko‘taraylik», – derlar». Ya’ni kofirlar mo‘minlarga: «Sizlar bizning yo‘limizga ergashaveringlar, agar shu yo‘l xato bo‘lib, unga gunoh beriladigan bo‘lsa, o‘sha xato va gunoh, bizning bo‘ynimizga», – deydilar. Bunga o‘xshash gapni avvalgi kofirlar ham aytganlar, hozirgi kofirlar ham aytadilar. Lekin ularning bu gaplarida mantiq bormi o‘zi? Ular boshqa kishilarning xatolarini ko‘tarish imkoniga egamilar? «Holbuki, ular alarning xatolaridan hech bir narsani ko‘taruvchi emaslar». Ha, kofirlar mo‘minlarning hamma xatolari tugul, loaqal birortasini ham ko‘tarishga qodir emaslar. Ular birovning xatosini ko‘tarish o‘rniga, o‘z xatolarini eplab tursinlar. Kofirlarga birovning xatosini ko‘tarishni kim qo‘yibdi. «Albatta, ular yolg‘onchilardir». Kofirlar mo‘minlarni yo‘ldan urib, o‘z orqalaridan ergashtirish uchun har qanday yolg‘ondan qaytmaydilar. Albatta, ular bu qilmishlari uchun javob berishlari turgan gap. وَلَيَحْمِلُنَّ أَثْقَالَهُمْ وَأَثْقَالًا مَّعَ أَثْقَالِهِمْ وَلَيُسْأَلُنَّ يَوْمَ الْقِيَامَةِ عَمَّا كَانُوا يَفْتَرُونَ۝ 13. Albatta, ular o‘z yuklarini ham, u yuklari bilan birga boshqa yuklarni ham ko‘tarurlar. Albatta, qiyomat kuni uydirib yurgan narsalari haqida so‘ralurlar. “Hashr” surasida: كَمَثَلِ الشَّيْطَانِ إِذْ قَالَ لِلْإِنسَانِ اكْفُرْ فَلَمَّا كَفَرَ قَالَ إِنِّي بَرِيءٌ مِّنكَ إِنِّي أَخَافُ اللَّهَ رَبَّ الْعَالَمِينَ۝ 16. Bu xuddi shayton insonga «Kofir bo‘l», degan paytga o‘xshaydir. U kufr keltirganda esa: «Men senga aloqador emasman, men olamlar Robbi – Allohdan qo‘rqaman», – dedi. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 06:02 | Savol-javoblar | 164 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar