Bu gaplar xatomi

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, Alloh ilmingizni bundanda ziyoda qilsin. Hozir Rossiyadamiz, bu erda mol go‘shtini sotib olib eymiz. Shu ishimiz to‘g‘rimi?
2). Birga ishlaydigan akalar telefoniga SMS kelsa “vahiy keldi” deyishadi. Shu ishlari durustmi? Javobingiz uchun rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! 1).                  Tazkiya qilinmay so‘yilgan hayvon haromdir. Tazkiya – hayvonni so‘yishdan oldin Allohni zikr qilishdir. «Bismillahi Allohu akbar» lafzini aytish sunnatdir. So‘yish vaqtida Allohni zikr qilish so‘yishning ikki shartidan birinchisi hisoblanadi. Bunga bir necha dalillar bor: Alloh taolo «Haj» surasida quyidagilarni aytadi: «Va badanalarni (tuya va qoramol) siz uchun Allohning shiorlaridan qildik. Ularda sizga yaxshilik bor. Ularga old oyoqlaridan biri bog‘log‘liq turgan holida Allohning nomini zikr qiling. Yonlari erga tekkanida esa, bas, ulardan eng, qanoatli va tilangan kambag‘allarni ham taomlantiring. Shunday qilib, ularni sizga beminnat xizmatkor qilib qo‘ydik. Shoyadki, shukr qilsangiz» (36-oyat). Alloh taolo «An’om» surasida bunday deydi: «Ustida Allohning ismi zikr qilinmagan narsalarni emanglar. Shubhasiz, u fisqdir. Albatta, shaytonlar o‘z do‘stlariga sizlar bilan tortishishni vasvasa qilurlar. Agar ularga itoat qilsangiz, albatta, sizlar ham mushriklar bo‘lursizlar» (121-oyat). Ulamolarimiz ushbu oyatning tafsirida: «Agar musulmon kishi hayvonni so‘yayotib, Allohning ismini zikr qilishni unutib qo‘ysa, so‘ygan go‘shti halol», deganlar. Ammo bilib turib, qasddan zikr qilmasa, unday go‘sht harom bo‘ladi. Alloh taolo «An’om» surasida aytadi: «Agar Uning oyatlariga iymon keltiruvchilardan bo‘lsangiz, ustida Allohning ismi zikr qilingan narsadan eng!» (118-oyat) Ya’ni haqiqiy mo‘min bo‘lsangiz, Allohning nomi bilan so‘yilgan hayvonlarning go‘shtidan oziqlaning. Kishining hayotida oziq-ovqat muhim o‘rin tutgani, xususan, tanovul qilinadigan taomning halol bo‘lishi nihoyatda muhim bo‘lgani uchun, oyatda iymonni o‘rtaga qo‘yib, Allohning nomini zikr qilib so‘yilgan hayvonning go‘shtini eyishga amr qilinmoqda.(“Kifoya” kitobidan). 2). SMSni vahiy deyish shariatdagi eng e’tiborli ishlardan birini mazah qilish hisoblanadi. Olib qaralganda juda oddiy narsaga o‘xshaydi, lekin taloq deganda ayoli harom bo‘lganidek buning ham javobgarligi qattiq bo‘ladi. Alloh taolo “Tavba” surasida marhamat qiladi: وَلَئِن سَأَلْتَهُمْ لَيَقُولُنَّ إِنَّمَا كُنَّا نَخُوضُ وَنَلْعَبُ قُلْ أَبِاللّهِ وَآيَاتِهِ وَرَسُولِهِ كُنتُمْ تَسْتَهْزِؤُونَ۝ 65. Agar ulardan so‘rasang, albatta: «Faqat gapga berilib, o‘yin-kulgi qilayotgan edik, xolos», – deyishadi. Sen: «Allohni, Uning oyatlarini va Rasulini istehzo qilayotgan edingizmi?» – deb ayt. Ya’ni, agar munofiqlardan o‘sha istehzo qilib aytgan gaplari haqida so‘rasang, ular «Biz hech narsa deganimiz yo‘q, faqat shunchaki, o‘zimizcha gaplashdik, o‘ynashdik, xolos», – deydilar. Sen ularga: «Allohni, Uning oyatlarini va Rasulini istehzo qilayotgan edingizmi?» – deb, haqiqatni ayt. Chunki ularning qilmishlari shundan iborat. Kelasi oyatda munofiqlarga xitoban aytiladi: لاَ تَعْتَذِرُواْ قَدْ كَفَرْتُم بَعْدَ إِيمَانِكُمْ إِن نَّعْفُ عَن طَآئِفَةٍ مِّنكُمْ نُعَذِّبْ طَآئِفَةً بِأَنَّهُمْ كَانُواْ مُجْرِمِينَ۝ 66. Uzr aytmanglar. Batahqiq, iymoningizdan keyin kufr keltirdingiz. Agar sizdan bir toifani afv etsak, boshqa toifani jinoyatchi bo‘lganlari uchun azoblaymiz. «Qilar ishni qilib qo‘yib, endi uzr aytishingizdan foyda yo‘q. Iymon keltirgandan so‘ng, unda sobit turganingizda, boshqa gap edi. Ammo siz iymondan keyin kufr keltirib, munofiq bo‘ldingiz. Endi uzr aytmang. Bilmasdan, jaholat bilan sizga qo‘shilib qolgan toifani afv etsak ham, boshqalaringizni jinoyatchi bo‘lganlaringiz uchun albatta azoblaymiz». ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 06:12 | Savol-javoblar | 161 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar