Zargar tillasidan zakot

Assalomu alaykum! Zargar  sotishga  yasab qo‘ygan tilla taqinchoqlaridan (583proba) va abarotidagi hali ishlov berilmagan (lom 583proba) tillalaridan qanday zakot beradi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Zargarlarning tillolari tijorat moli bo‘lgani uchun tayyor taqinchoqlarning qiymatini qirqdan biridan alohida, lom holidagilarining qiymatini qirqdan biridan alohida beradi. Masala: Tillo taqinchog‘imning vazni 85 gramdan kam, lekin uning yasalish e’tiboridan bozordagi narxi 85 gram tillo narxidan qimmat. Aytingchi, menga zakot vojib bo‘ladimi? Javob: Tillo, kumushdan zakot vojib bo‘lishda, ularning bozordagi qiymati emas, balki vazni e’tiborga olinadi. لَوْ كَانَ لَهُ إبْرِيقُ ذَهَبٍ أَوْ فِضَّةٍ وَزْنُهُ عَشَرَةُ مَثَاقِيلَ أَوْ مِائَةُ دِرْهَمٍ وَقِيمَتُهُ لِصِيَاغَتِهِ عِشْرُونَ أَوْ مِائَتَانِ لَمْ يَجِبْ فِيهِ شَيْءٌ إجْمَاعًا “Bir kishining tillo yoki kumush ko‘zasi bo‘lib, uning vazni o‘n misqol (42.5 gm.) tillo yoki yuz dirham kumush bo‘lsa va uning yasalish e’tibori bilan qiymati yigirma misqol tillo (85 gm.) yoki ikki yuz dirham kumush (595 gm.) bo‘lsa, ijmoan unda zakot vojib bo‘lmaydi” (Raddul muhtor). Ko‘zaning qiymati nisobga etsada, tillo yoki kumushning vazni nisobga etmaganligi sababli bunday holatda zakot vojib bo‘lmaydi. Masala: Tillo va kumush taqinchoqlardan zakot chiqarilayotgan paytda vazn e’tiborga olinadimi yoki qiymatimi? Javob: Tillo va kumush taqinchoqlardan zakot chiqarishda jins e’tiborga olinadi, ya’ni agar tillo taqinchoqlardan tillo, kumush taqinchoqlardan kumush zakot chiqarmoqchi bo‘lsa, taqinchoqlarning vazniga qarab zakot chiqaradi. Agar tillo va kumush taqinchoqlarning zakotini ularning jinsiga xilof bo‘lgan narsalar, ya’ni qog‘oz pullar bilan zakot chiqarmoqchi bo‘lsa, taqinchoqlarning bozordagi qiymati e’tiborga olinadi. وَأَجْمَعُوا أَنَّهُ لَوْ أَدَّى مِنْ خِلَافِ جِنْسِهِ اُعْتُبِرَتْ الْقِيمَةُ “Tillo va kumushning zakotini ularning jinsini xilofi bo‘lgan narsa bilan ado qilsa, ularning qiymati e’tiborga olinadi deb, ijmo qilganlar” (Raddul muhtor). Tillo va kumush taqinchoqlar borasidagi asl masala shudir. Lekin, diyorimizdagi urfda zargarlar taqinchoq sotib olayotgan paytda taqinchoqlarning yasalishiga e’tibor bermay, vazniga e’tibor beradilar, ya’ni taqinchoqlardagi tilloning vazni qancha bo‘lsa, o‘sha vazn uchun pul to‘laydilar. Yasalgan holatdagi qiymatini e’tiborga olmaydilar. Agar zargarlar odamlarga taqinchoq sotsalar, tilloning vazniga qarab emas, yasalgan holatiga qarab sotadilar. Shuning uchun zargarlar qo‘llaridagi bor taqinchoqlarning tillosining vaznidan emas, balki taqinchoqlarning qiymatidan zakot chiqaradilar. Tillo taqinchoq tijorati bilan shug‘ullanmaydigan iste’molchilar esa, taqinchoqlarning vaznidan zakot chiqaradilar (Imdodul fatavo). Agar taqinchoqlarni iste’mol qiluvchilar ham taqinchoqlarini sotishda ularning vazniga qarab emas, yasalgan holatiga qarab sotadigan bo‘lsalar taqinchoqlardan zakot berayotgan paytda ularning qiymatidan zakot chiqaradilar. وَلَوْ كَانَ لَهُ إبْرِيقُ فِضَّةٍ وَزْنُهُ مِائَتَانِ وَقِيمَتُهُ لِصِيَاغَتِهِ ثَلَثَمِائَةٍ إنْ أَدَّى مِنْ الْعَيْنِ يُؤَدِّي رُبُعَ عُشْرِهِ ، وَهُوَ خَمْسَةٌ قِيمَتُهَا سَبْعَةٌ وَنِصْفٌ وَإِنْ أَدَّى خَمْسَةً قِيمَتُهَا خَمْسَةٌ جَازَ ، وَلَوْ أَدَّى مِنْ خِلَافِ جِنْسِهِ يُعْتَبَرُ الْقِيمَةُ بِالْإِجْمَاعِ كَذَا فِي التَّبْيِينِ “Bir kishining vazni ikki yuz kumush dirham(595 gm. kumush)ga teng kumushdan yasalgan ko‘zasi bo‘lsa va uning qiymati uch yuz kumush tanga bo‘lsa, agar zakotini kumushda bermoqchi bo‘lsa, qirqdan biri, ya’ni qiymati etti yarim bo‘lgan besh dirham (kumush ko‘zaning vazni ikki yuz dirhamga teng qiymati esa, uch yuz dirhamga teng. Ikki yuz dirhamning qirqdan biri besh dirhamdir. Ko‘zaning qiymati bo‘lgan uch yuz dirhamning qirqdan biri etti yarimdir) beradi. Agar qiymati besh dirham bo‘lgan besh dirham bersa ham joiz. Agar (kumush ko‘zaning zakotini kumushdan) boshqa jinsda bermoqchi bo‘lsa ijmoan (bozordagi ko‘zaning uch yuz dirhamlik) qiymat e’tiborga olinadi (va uch yuzning qirqdan biri zakot sifatida beriladi). “Tabyinda” shunday deyilgan” (Raddul muhtor). Ayolllarning taqinchoqlari 85 gram tilloga etsa, taqinchoqlarning bozordagi sotilish narxi qancha bo‘lsa, o‘sha narxning qirqdan birini zakotga ajratiladi. الْمَالُ الَّذِي تَجِبُ فِيهِ الزَّكَاةُ أَدَّى زَكَاتَهُ مِنْ خِلَافِ جِنْسِهِ أَدَّى قَدْرَ قِيمَةِ الْوَاجِبِ إجْمَاعًا “Zakot vojib bo‘lgan molning jinsining xilofidan zakot bersa, vojib bo‘lgan miqdorning qiymatini ado qiladi” (Fatvoi Hindiya). Bu xuddi mol qo‘ylarning zakotiga o‘xshaydi. Dalada yurgan qo‘ylardan qirqdan biri berilsa, tijorat qo‘ylaridan ularning qiymatlarining qirqdan biri beriladi. Zakotga o‘rtachasini olinganda, olingan qo‘yning qiymati va qo‘ylarning qiymatining qirqdan biridan oz bo‘lishi mumkin. Chunki, qiymati belgilanganda katta va o‘rtancha qo‘ylarning qiymati ham qo‘shiladi. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 07:20 | Savol-javoblar | 152 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar