Benamoz bo‘lib qovomman

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, man oxirgi kunlada o‘zimdan norozi bo‘lib yurimman, xidoyat yo‘lidan uzoqlashib ketvomman, nomozlarim o‘lda-jo‘lda bo‘lib qovotti. O‘zimi qivotgan xarakatlarimga nazar solib qarasam munofiqlarni amallariga o‘xshagan amallar qivotkandek bo‘lib qovomman. Nomoz o‘qiydigan odamlani orasida bo‘sam o‘qivommanu, lekin ichimdan xoxlamayman. Oldinlari ixlosim kuchli bo‘lgan, manga nima bo‘votti!? Faqat juma namoziga borganimda qalbim taskin topib masjiddan chiqib ketgim kemidi, dunyo tashvishlarini unitib masjidda xar kun bomdod namozidan xufton namozigacha qolib faqat ilm olgim keladi! Masjiddan chiqishga majburman, chunki ishga boraman. Ishda esa yana o‘sha holat benamozlik. Nima qilsam bo‘ladi? Oxiratda axvolim tang xolatda bo‘lmasin. Iloji bo‘lsa telegramga ham bersangizlar, mandaqa nobop amallarni qilib savol berolmaganlar bo‘lsa o‘qib amal qilishsa.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Solihlarning safiga qo‘shiling. Alloh taolo bu ish muhim ekanligi uchun oyati bilan buyurgan. Ko‘proq ro‘za tuting, zikr va istig‘forlarda bardavom bo‘ling. Alloh taolo “Tavba” surasida: يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ اتَّقُواْ اللّهَ وَكُونُواْ مَعَ الصَّادِقِينَ۝ 119. Ey iymon keltirganlar! Allohga taqvo qilinglar va sodiqlar ila birga bo‘linglar! deb marhamat qiladi. Oyatdagi sodiqlar bilan taqvodorlarning ma’nosi birdir. Abrorulhaq rohmatullohi alayh bunga: لَّيْسَ الْبِرَّ أَن تُوَلُّواْ وُجُوهَكُمْ قِبَلَ الْمَشْرِقِ وَالْمَغْرِبِ وَلَكِنَّ الْبِرَّ مَنْ آمَنَ بِاللّهِ وَالْيَوْمِ الآخِرِ وَالْمَلآئِكَةِ وَالْكِتَابِ وَالنَّبِيِّينَ وَآتَى الْمَالَ عَلَى حُبِّهِ ذَوِي الْقُرْبَى وَالْيَتَامَى وَالْمَسَاكِينَ وَابْنَ السَّبِيلِ وَالسَّآئِلِينَ وَفِي الرِّقَابِ وَأَقَامَ الصَّلاةَ وَآتَى الزَّكَاةَ وَالْمُوفُونَ بِعَهْدِهِمْ إِذَا عَاهَدُواْ وَالصَّابِرِينَ فِي الْبَأْسَاء والضَّرَّاء وَحِينَ الْبَأْسِ أُولَئِكَ الَّذِينَ صَدَقُوا وَأُولَئِكَ هُمُ الْمُتَّقُونَ۝ Yaxshilik yuzingizni mashriq yoki mag‘rib tomonga burishingizgina emas. Lekin yaxshilik – Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitobga, nabiylarga iymon keltirgan va molini yaxshi ko‘ra turib, yaqin qarindoshlarga, etimlarga, miskinlarga, yo‘qsil yo‘lchiga, tilanchilarga va qul ozod qilishga bergan hamda namozni to‘kis ado etgan, zakotni bergan kishi hamda ahd qilganda, ahdiga vafo qiluvchilar, yo‘qchilik, qiyinchilik va shiddat vaqtida sabr qiladiganlarnikidir. Ana o‘shalar sodiq bo‘lganlardir. Ana o‘shalar, o‘shalargina taqvodorlardir. («Baqara» 177-oyat) — oyatini dalil qilib keltirganlar.  Demak kim sodiq bo‘lsa, o‘sha muttaqiydir va kim muttaqiy bo‘lsa, o‘sha sodiqdir. Shuning uchun mashoyixlar “sodiqlar bilan birga bo‘linglar” degan amrni “muttaqiylar bilan birga bo‘linglar” deb tafsir qilganlar. Ya’ni taqvo ahlining suhbatida bo‘linglar! Toki sizning qalbingizda ham ulardagi taqvo paydo bo‘lsin” deganlar. Chunki har narsaning o‘z egasi va tarqatuvchisi bo‘ladi. oziq ovqat kerak bo‘lsa, oziq ovqat do‘koniga boriladi, kiyim kechak kerak bo‘lsa, kiyim kechak do‘koniga boriladi. Huddi shuningdek Alloh taoloni topmoqchi bo‘lgan Uni topganlar huzuriga borishlari kerak bo‘ladi. Alloma Olusiy rohmatullohi alayh yuqoridagi oyatning tafsirida: “Shu erda ularning huzurida qancha vaqt birga bo‘lishimiz kerak, buning biror chegarasi bormi? degan bir savol paydo bo‘ladi. Bunga javob shuki, ular huzurida gunohdan saqlanishda, amallarga odatlanishda va ko‘zni nomahramlardan tiyishda ular kabi bo‘lguncha turish kerak” deganlar. Vallohu a’lam!

20 Aprel 2022, 19:59 | Savol-javoblar | 145 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar