Nafl ro‘zasini to‘xtatish

Assalomu alaykum! Dushanba va payshanba kunlari tutiladigan nafl ro‘zasini ramazon oyi boshlanishiga necha kun qolganda to‘xtatish kerak? Bu savolni berishimga sabab ramazonga qanchadir vaqt qolganda roza tutib bo‘lmaydi deb eshitgan edim. Xatoliklar uchun uzir so‘rayman. Alloh ilmimizni ziyoda qilsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Odatda dushanba payshanba ro‘za tutuvchilar sha’bon oyini oxirigacha ro‘zalarini davom ettirishlari mumkin. Buning hech qanday karohiyati yo‘q. Odatda bu kunlarda ro‘za tutmaydiganlar Ramazondan qolib ketmaylik deb Ramazon ro‘zasini 1-2 kun avvalroq boshlashlari joiz emas. وَقَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ «مَنْ صَامَ رَمَضَانَ». وَقَالَ: لَا تَقَدَّمُوا رَمَضَانَ Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Ramazon ro‘zasini tutsa...» dedilar va: «Ramazonni (ro‘za bilan) kutib olmanglar», deganlar.  (“Oltin silsila” kitobidan Sahihul Buxoriy). عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: لَا تَقَدَّمُوا رَمَضَانَ بِصَوْمِ يَوْمٍ وَلَا يَوْمَيْنِ، إِلَّا رَجُلٌ كَانَ يَصُومُ صَوْمًا، فَلْيَصُمْهُ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ramazondan bir ikki kun oldindan ro‘za tutib olmanglar. Lekin bir kishining tutib yurgan biror ro‘zasi bo‘lsa, uni tutaversin», dedilar». (Sahihul Muslim). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 08:19 | Savol-javoblar | 164 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar