Do‘stlar bilan muomala

Assalomu alaykum! Yoshligimdan birga katta bo‘lgan yaqin do‘stlarim bor. Biz har oyda bir marotaba yig‘ilishib turamiz. Afsuski guruch kurmaksiz bo‘lmaganiday ayrimlarimiz harom ishlarni, mast qiluvchi ichimliklarni ichib yoki vaqtni bekor o‘tkazuvchi qimor oynab o‘trishadi. Shunday holatlarda qanday ish tutmog‘im kerak?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ularga yaxshi ta’siringiz bo‘lsa birga o‘tiring. Agar ularni sizga ta’siri bo‘lsa, ularni tark qiling. Bir kishi cho‘risi bilan bozorga bordi va cho‘risini bir joyda kutib turishini aytib, o‘z ishi bilan ketdi. Qaytib kelganida cho‘ri yo‘q edi. G‘azablangan holida uyiga keldi va cho‘rini jazolamoqchi bo‘ldi. Shunda cho‘ri “meni jazolashdan avval nega ketib qolganimni so‘rang. Siz meni qo‘yib ketgan joyda Allohga osiy bo‘ladigan ishlar qilinayotgan ekan. Allohning g‘azabi o‘sha joyga yog‘ilib, er yutib men ham o‘shalarning qatorida bo‘lib qolishdan qo‘rqdim. Endi bilganingizni qiling” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham unday joylarda turmaslikka buyurar edilar. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 08:26 | Savol-javoblar | 142 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar