Marketingdagi masala

Assalomu alaykum! Hurmatli uztozlar, hozir jadal suratlar bilan rivojlanayotgan bozor iqtisodiyoti davrida supermarketlar yoki zamon talablariga jovob bera oladigan har xil do‘konlar tobora ko‘payib bormoqda va xalqimizga chiroyli xizmat ko‘rsatmoqda! Biroq bu do‘konlarda marketing yuritishni ovropacha usullari saqlanib qolganidanmi narxlarni belgilashda shubhali vaziyatni yuzaga keltiruvchi holatlar ham yo‘q emas . Masalan biror maxsulotning narxini 7980 so‘m kabi qaytim qaytarib bo‘lmaydigan qilib belgilanadi yoki o‘lchab beriladigan maxsulotlarda ham 10000 so‘mlik deb aytilsa , 10240 so‘m qilib tortib beriladi! kassada esa shu narxlar oshirib tekkislab aytiladi! (7980=8000kabi). qaytim vaqtida kichik summalarga maxsulotlar qo‘shib beriladi. bunday holatda plastik kartochkasi bor haridorlargina aniq savdo qila olishadi! shunaqangi holatlarda haridor sifatida o‘zimizni qandoq tutmoqligimiz durust! kelajakda shu kabi do‘konlarda xalqimizga hizmat qilsak marketingni bu uslubidan foydalansak birovni  haqqini egan bo‘lib qolmaymizmi? javobingiz uchun rahmat!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Albatta bunda, o‘sha qolib ketayotgan kichik summaga biron buyum berilsa, unga xaridor rozi bo‘lsa, joiz bo‘ladi. Ammo oz-ozdan bo‘lsada birovning haqqi qolib ketishidan ehtiyot bo‘lish kerak. Bu esa shar’an joiz emas. Qiyomatda ushbu hadislardagi holatga tushib qoladi. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: أَتَدْرُونَ مَا الْمُفْلِسُ؟ قَالُوا: الْمُفْلِسُ فِينَا مَنْ لَا دِرْهَمَ لَهُ وَلَا مَتَاعَ، فَقَالَ: إِنَّ الْمُفْلِسَ مِنْ أُمَّتِي مَنْ يَأْتِي يَوْمَ الْقِيَامَةِ بِصَلَاةٍ وَصِيَامٍ وَزَكَاةٍ، وَيَأْتِي قَدْ شَتَمَ هَذَا، وَقَذَفَ هَذَا، وَأَكَلَ مَالَ هَذَا، وَسَفَكَ دَمَ هَذَا، وَضَرَبَ هَذَا، فَيُعْطَى هَذَا مِنْ حَسَنَاتِهِ وَهَذَا مِنْ حَسَنَاتِهِ، فَإِنْ فَنِيَتْ حَسَنَاتُهُ قَبْلَ أَنْ يُقْضَى مَا عَلَيْهِ أُخِذَ مِنْ خَطَايَاهُمْ فَطُرِحَتْ عَلَيْهِ ثُمَّ طُرِحَ فِي النَّارِ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kasodga uchragan kimligini bilasizlarmi?» dedilar. «Bizning ichimizda kasodga uchragan dirhami ham, matohi ham yo‘q odam», deyishdi. «Albatta, ummatimdan kasodga uchragani qiyomat kuni namoz, ro‘za, zakot bilan kelgan, ammo buni so‘kkan, buni zinoda ayblagan, buning molini egan, buning qonini to‘kkan, buni urgan odamdir. Bunga uning savoblaridan berilur, anavinga ham uning savoblaridan berilur. Agar uning zimmasidagi narsa tamom bo‘lmasdan avval savoblari tugab qolsa, ularning xatolaridan olinib, uning ustiga tashlanur. So‘ngra u do‘zaxga tashlanur», dedilar». Sharh: To‘liq ma’noda kasodga uchragan odam bu dunyoda odamlarga yomonlik qilgan kishi ekan. Ushbu hadisi sharifda o‘sha kasodga uchraganlarning eng yaxshisi haqida so‘z ketmoqda. Chunki u qiyomat kuni namoz, ro‘za, zakot bilan kelgan bo‘ladi. Ammo u bu kabi ibodatlar bilan kelgan bo‘lsa ham o‘sha dahshatli kunda og‘ir ahvolda qoladi. Chunki u bu dunyoda buni so‘kkan, buni zinoda ayblagan, buning molini egan, buning qonini to‘kkan, buni urgan odam bo‘lgan edi. Shu erda kishini kasodga uchratadigan, uning ibodatlarini ham puchga chiqaradigan yomonliklardan ushbu hadisi sharifda zikr qilinganlarini sanab o‘taylik: 1. Birovni so‘kish. 2. Birovning obro‘sini to‘kish. 3. Birovning molini eyish. 4. Birovning qonini to‘kish. 5. Birovni urish. Mana shu ishlarni qilgan odam qiyomat kuni kasodga uchrashi turgan gap. Avval o‘sha kasodga uchragan baxtsizning savoblari bo‘lsa, ularni olib, undan yomonlik ko‘rgan bechoralarga taqsimlab beriladi. Keyin esa mazkur kasodga uchragan baxtsizning ustiga bu dunyoda uning yomonligidan zarar topgan bechoralarning gunohlari yuklanadi. Oxirida o‘sha kasodga uchragan baxtsiz jahannamning qa’riga uloqtiriladi. Ana, ko‘rdingizmi, birovni so‘kish, birovning obro‘sini to‘kish, birovning molini eyish, birovning qonini to‘kish va birovni urish qanday ham yomon ish! Bas, bularga o‘xshagan yomon ishlardan saqlanaylik. وَعَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَتُؤَدَّنَّ الْحُقُوقُ إِلَى أَهْلِهَا يَوْمَ الْقِيَامَةِ حَتَّى يُقَادَ لِلشَّاةِ الْجَلْحَاءِ مِنَ الشَّاةِ الْقَرْنَاءِ. رَوَاهُمَا مُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, qiyomat kuni haqlarni o‘z ahliga ado qilursiz. Hattoki, shoxli qo‘ydan shoxsiz qo‘yga o‘ch olib beriladi», dedilar». Ikkisini Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar. Sharh: Bu dunyoda ba’zi bir yomonlar o‘z yomonligining ba’zisining jazosidan qutulib qolishi mumkin. Ammo qiyomat kuni hech bir haq zoe bo‘lmaydi. Har bir narsa o‘z o‘rnini topishi muqarrar. Bunda faqat odamlar orasidagi haq-huquqlargina emas, balki barcha maxluqotlar orasidagi haq-huquqlar ham o‘z egasini topadilar. Hattoki, bu dunyoda o‘zining shoxi borligidan foydalanib, shoxsiz qo‘yni suzgan qo‘ydan ham o‘ch olinadi. Bas, shunday ekan, odam bolalari ham o‘zlarining «shox»larini ishga solib, o‘zgalarning haqqini poymol qilishga urina ko‘rmasinlar. وَعَنْهُ قَالَ: جَاءَ رَجُلٌ إِلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، أَرَأَيْتَ إِنْ جَاءَ رَجُلٌ يُرِيدُ أَخْذَ مَالِي، قَالَ: فَلَا تُعْطِهِ مَالَكَ، قَالَ: أَرَأَيْتَ إِنْ قَاتَلَنِي، قَالَ: قَاتِلْهُ، قَالَ: أَرَأَيْتَ إِنْ قَتَلَنِي، قَالَ: فَأَنْتَ شَهِيدٌ، قَالَ: أَرَأَيْتَ إِنْ قَتَلْتُهُ، قَالَ: هُوَ فِي النَّارِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi: «Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Ey Allohning Rasuli! Ayting-chi, bir odam molimni (tortib) olmoqchi bo‘lib kelsa?» dedi. «Unga molingni berma», dedilar. «U men bilan urishsa-chi?» dedi. «Sen ham u bilan urish», dedilar. «U meni qatl qilsa-chi?» dedi. «Sen shahidsan», dedilar. «Men uni qatl qilsam-chi?» dedi. «U do‘zaxdadir», dedilar». Muslim rivoyat qilganlar. Sharh: Birovning molini o‘ziniki qilib olmoqchi bo‘lgan odamning holi qanchalar yomon ekanini qarang. Hatto uning yomonligi tufayli o‘z molini himoya qilib uni o‘ldirgan odamga jazo belgilanmagan. Buning ustiga, haligi yomonlik qiluvchining o‘zi birov tarafidan o‘ldirilsa ham do‘zaxga tushishi ta’kidlangan. Yomonlik yomon-da. Garchi o‘sha yomonlik birovning moliga nisbatan qilingan suiqasd bo‘lsa ham. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 08:31 | Savol-javoblar | 154 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar