Ibodatlardan qoniqmaslik

Assalomu alaykum! Odam o‘zidan, ibodatlaridan qoniqmasligi, hadeb vaqtini bekorga ketkazayotganidan norizo bo‘lishi, bo‘layotgan xamma narsadan bir sabab axtarishi, o‘zini ikkiyuzlamachilikka tenglashtirishi mumkunmi? Garchi namoz va boshqa ibodatlarini qilsa, doimo tili tasbexda bo‘lsayu, lekin o‘zini doimo katta gunoxkor xis qilsa, bu nimaning dalolati bo‘lishi mumkun?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Allohning rahmatidan noumidlik bo‘lishi mumkin. مِنْ عَلَامَاتِ الْاِعْتِمَادِ عَلَى الْعَمَلِ نُقْصَانُ الرَّجَاءِ عِنْدَ وُجُودِ الزَّلَلِ Toyilish vujudga kelganda umidsiz bo‘lish amalga suyanishning alomatlaridandir.

Ushbu hikmatda bandaning Alloh taoloning amriga binoan qilgan amallariga nisbatan e’tiqodiga qarab holati o‘zgarishi haqida so‘z ketmoqda.
Agar inson amaliga suyanib qolsa, men Alloh taolo buyurgan amalni qilib qo‘ydim, endi o‘sha amalga va’da qilingan mukofotni albatta olaman, bunga hech narsa to‘siq bo‘la olmaydi, degan xayolga borib qoladi. Bu holatga tushgan inson o‘zidan xato o‘tganida, gunoh ish qilib qo‘yganida butunlay noumidlikka tushadi. Men qilgan gunohga falon azob belgilangan edi, endi men o‘sha azobga yo‘liqaman va barbod bo‘laman, degan xayolga boradi.
Aslida bunday bo‘lmasligi kerak. Musulmon banda qilgan amaliga e’timod qilib – suyanib qolmasligi lozim. Menga amr qilingan amalni qildim, albatta, uning uchun va’da qilingan narsaga erishaman, degan xayolga bormasligi kerak. Chunki amal evaziga haq olish banda bilan banda orasidagi muomalalarda bo‘ladi. Birovning ishini bajargan mardikor qilgan ishiga shartnoma asosida tiyinma-tiyin haqqini sanab oladi. Ammo Alloh taolo bilan banda orasida bu uslub ketmaydi. Zotan, bandani yo‘qdan bor qilgan ham Alloh taoloning O‘zidir. Unga barcha a’zolarni va qobiliyatlarni bergan zot ham Alloh taoloning O‘zidir. Uni hidoyatga boshlagan ham Alloh taoloning O‘zidir. Unga amallarni bajarishga imkon bergan zot ham Alloh taoloning O‘zidir.
Alloh taolo bandaga nima yaxshilikni bersa, O‘z fazlidan beradi. Agar unga jazo bersa, O‘z adli ila beradi. Bu boradagi mo‘min bandaning aqiydasi «Aqiydai Tohaviya» va uning sharhida quyidagicha ifoda qilingan:
«Ularning barchasi U Zotning xohishida va fazli hamda adolati orasida aylanurlar».
Sharh: Ya’ni xaloyiqning barchasi Alloh taoloning xohishi doirasida: ba’zilariga nisbatan U Zotning hidoyati, muhofazasi va afvi, boshqalariga nisbatan esa U Zotning zalolatga ketkazishi, yordamsiz tashlab qo‘yishi va sinovi bo‘lib, ular U Zotning fazli va adolati orasida hayot kechiradilar, yashaydilar.
Bu aqiydaning hujjati Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadisi shariflaridir.عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ  لَنْ يَدْخُلَ أَحَدٌ الْجَنَّةَ بِعَمَلِهِ قَالُوا وَلَا أَنْتَ يَا رَسُولَ اللهِ؟ قَالَ  وَلَا أَنَا إِلَّا أَنْ يَتَغَمَّدَنِي اللهُ بِرَحْمَةٍ مِنْهُ وَفَضْلٍ رَوَاهُ مُسْلِمٌ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Biror kishi o‘z amali bilan hech qachon jannatga kira olmas», dedilar. Odamlar: «Siz hammi, ey Allohning Rasuli?» deyishdi. U zot: «Men ham. Agar Alloh meni O‘z rahmati va fazli ila o‘rab olmasa», dedilar».
Muslim rivoyat qilgan.
Ko‘rinib turibdiki, oxiratdagi jazo yoki mukofot amalga qarab bo‘lmaydi. Chunki amallar bandalarning ixtiyori bilan bo‘lmaydi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Hech kimni amali jannatga kirita olmas», degan gaplarida manfiy qilinayotgan narsa «bilan» ma’nosini ifoda etayotgan «bo» harfi dalolat qilgan narsadir. «Bo» harfi arab tilida bir qancha ma’nolarni ifoda etishi hammaga ma’lum. Ushbu joyda «bo» harfi «evaz» ma’nosini ifoda etadi. Ana o‘shanda umumiy ma’no insonning amali jannatga kirishi uchun evaz bo‘la olmasligi ekani ayon bo‘ladi. Balki jannatga kirish Allohning rahmati va fazli ila bo‘ladi.
Albatta, bu ma’no Alloh taoloning Nahl surasidagi quyidagi qavliga zid emasdir. ادْخُلُواْ الْجَنَّةَ بِمَا كُنتُمْ تَعْمَلُونَ۝ «Qilib yurgan amallaringiz tufayli jannatga kiring!» (32-oyat).
Chunki bu oyati karimadagi «bo» evaz uchun emas, «sabab» uchundir. Albatta, «evaz» bilan «sabab»ning orasida katta farq bor.
Ruhiy tarbiya ustozlaridan ba’zilari e’timod – suyanishni quyidagicha ta’riflaydilar:
«E’timod quvvatni bir narsaga bog‘lab qo‘yishdir. U nafsni maqsadga erishtiradigan narsaga chorlovchidir. Uning hosil bo‘lgani alomati e’timod qilingan – suyanilganni ustun qo‘yish, oldinga yurish va orqaga qaytishda unga nazar qilishdir.
Bu masalada odamlar uch qismdan iboratdir:
1. Amaliga e’timod qiluvchi.
Xavfu rajoda amalga bog‘liqligi uchun uning maqomi Islomdir.
2. Alloh taoloning fazliga e’timod qiluvchi.
Oldinga intilish va ortga tislanishda qudratga bog‘liqligi uchun uning maqomi iymondir.
3. Azaliy qismatga va chiqarilgan hukmga e’timod qiluvchi.
O‘z holiga shohidligi ayon bo‘lgani uchun uning maqomi ehsondir.
Bu borada ahli haqlardan ba’zilarining aytgan quyidagi gaplari juda ham ibratlidir: «Kim Islomning haqiqatiga etsa, amal qilishdan horishga qodir bo‘lmas. Kim iymon haqiqatiga etsa, amalga qayrilib qarashga qodir bo‘lmas. Kim ehson haqiqatiga etsa, Alloh taolodan o‘zga biror narsaga qayrilib qarashga qodir bo‘lmas».
Alloh taolo barchamizni toyilish vujudga kelganda umidsiz bo‘lmaydigan va amalga suyanib qolib, O‘zidan uzoqlashmaydigan bandalaridan bo‘lishimizni nasib qilsin! (“Xislatli hikmatlar sharhi” kitobidan). Vallohu a’lam!

8 May 2022, 23:05 | Savol-javoblar | 160 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar