Kvartiraga olish

Assalomu alaykum! Men oilam ya’ni ayolim va farzandim bilan kvartirada ijarada turaman.  Kvatiram 4 xonali. Bugun qo‘shnim chiqib bir kvartiraga odam olmaysizlarmi deb so‘rab qoldi. Ikki farzandi bor ayol kishi ekan, katta farzandi 3 yosh kichigi 1 yoshdan o‘tibdi. U ayol turmushidan ajrashgan ekan, qiylanib qolibdi, shunga kvartiraga oling deyati. Men o‘ylanib qoldim, nomahram bo‘lsa.  Nima qilay?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Joiz emas. عَنْ جَابِرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا تَلِجُوا عَلَى الْمُغِيبَاتِ، فَإِنَّ الشَّيْطَانَ يَجْرِي مِنْ أَحَدِكُمْ مَجْرَى الدَّمِ. قُلْنَا: وَمِنْكَ؟ قَالَ: وَمِنِّي وَلَكِنَّ اللهَ أَعَانَنِي عَلَيْهِ فَأَسْلَمُ Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Eri g‘oyib ayollar oldiga kirmanglar. Chunki shayton har biringizning qon tomiringizda yuradi», dedilar. Biz u zotga: «Sizda hammi?» dedik. «Menda ham. Lekin men Alloh yordam berib, salomat qolganman», dedilar». Sharh: Eri g‘oyib, o‘zi yolg‘iz ayolning oldiga begona erkakning kirishi shaytonning vasvasasiga yo‘l ochishi turgan gap. Bunday paytlarda har qanday erkak, har qanday ayol ham shaytonning vasvasasidan qutulib qolishi amri mahol. Hatto Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ham bu narsadan o‘z hollaricha qutulmagan ekanlar. Alloh taolo u zotga maxsus yordam berib, alohida ravishda saqlab qolgan ekan. Bu payg‘ambarlik ma’sumligidir. Buning ma’nosi shuki, Alloh taoloning O‘zi barcha payg‘ambarlarni, shu jumladan, Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ham shayton vasvasasiga uchishdan, gunoh sodir etishdan saqlagan. Shunday bo‘lganidan keyin hech kim beparvo bo‘lishi kerak emas. Hamma, kim bo‘lishidan qat’i nazar, bu masalada o‘zini saqlashi lozim. وَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: لَا يَخْلُوَنَّ رَجُلٌ بِامْرَأَةٍ إِلَّا كَانَ ثَالِثَهُمَا الشَّيْطَانُ. رَوَاهُمَا التِّرْمِذِيُّ «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bir erkak zinhor bir ayol bilan xoli qolmasin! Aks holda uchinchilari shayton bo‘lur», dedilar». Ikkisini Termiziy rivoyat qilgan. Sharh: Ushbu hadisi sharif oldingi hadislardagi ma’noni yana ham ochiqroq ta’kidlab kelmoqda. عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا يَخْلُوَنَّ رَجُلٌ بِامْرَأَةٍ إِلَّا مَعَ ذِي مَحْرَمٍ، فَقَامَ رَجُلٌ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، امْرَأَتِي خَرَجَتْ حَاجَّةً وَاكْتُتِبْتُ فِي غَزْوَةِ كَذَا وَكَذَا، قَالَ: ارْجِعْ فَحُجَّ مَعَ امْرَأَتِكَ. رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُ Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Erkak kishi zinhor ayol bilan xoli qolmasin. Mahram bilan bo‘lsa, mustasno», dedilar. Shunda bir kishi turib: «Ey Allohning Rasuli! Xotinim hajga chiqdi. Men esa falon g‘azotga yozilib qo‘ydim» dedi. «Qaytgin-da, ayoling bilan birga haj qil!» dedilar». To‘rtovlari rivoyat qilganlar. Sharh: Mo‘mina-muslima ayol faqat o‘z mahrami hamrohligidagina begona erkak bor joyda bo‘lishi mumkin. Bundan boshqa ish tutish noshar’iy bo‘ladi va turli noqulayliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Ushbu hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning savol bergan odamni jihodni tark qilib, xotiniga mahram bo‘lib, hajga borishga amr qilishlari bu ishning ahamiyati qanchalar muhim ekanligini ko‘rsatib turibdi. Allohning yo‘lida g‘azot qilish farz, ammo xotinini mahramsiz qo‘ymaslik ham bundan qolishmas ekan. Ko‘pgina musulmon yurtlarda bu shar’iy hukmni erkaklar ham, ayollar ham juda yaxshi tushunadilar. Unga og‘ishmay amal qiladilar. Ammo ming afsuski, ba’zi bir o‘lkalardagi kishilar bu muhim narsadan umuman bexabarlar yoki xabarlari bo‘lsa ham, amal qilmaydilar. Shariatning ushbu hukmini tark qilish oqibatida esa musulmonlar boshiga ko‘pgina musiybatlar etmoqda. Turmush ko‘rmagan qizlarning buzilib, harom yo‘lga kirib ketishi, noshar’iy bola tug‘ishi, oilali er-xotinlarning oilalari buzilishi, jamiyatdagi harom-xarish ishlar va o‘zaro ishonchsizliklar mazkur musiybatlarning bir tomoni, xolos. وَلِمُسْلِمٍ: أَلَا لَا يَبِيتَنَّ رَجُلٌ عِنْدَ امْرَأَةٍ ثَيِّبٍ إِلَّا أَنْ يَكُونَ نَاكِحًا أَوْ ذَا مَحْرَمٍ Muslimning rivoyatida: «Ogoh bo‘linglar! Hech bir erkak juvon bor joyda yotib qolmasin. Eri yoki mahrami bo‘lsa, mustasno», deyilgan. Sharh: Juvon shunchalik ehtiyot qilinganidan keyin qizlar bundan ham ortiq ehtiyot qilinishlari lozim. Tunda begona erkak va ayolning bir joyda yotib qolishlari nimalarga olib kelishi hech kimga sir emas. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 08:32 | Savol-javoblar | 142 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar