Yolg‘iz namoz o‘qish

Assalomu alaykum! Hurmatli domla, savolim shundan iboratki yolg‘iz bo‘lib uzi uyda namoz o‘qisa ham bo‘laveradimi? Oldindan rahmat javob uchun.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Erkak kishi imkon boricha jamoat bilan masjidda o‘qishi kerak. عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: أَتَانِي رَبِّي فِي أَحْسَنِ صُورَةٍ فَقَالَ: يَا مُحَمَّدُ، قُلْتُ: لَبَّيْكَ رَبِّي وَسَعْدَيْكَ، قَالَ: فِيمَ يَخْتَصِمُ الْمَلَأُ الْأَعْلَى؟ قُلْتُ: رَبِّي لَا أَدْرِي، فَوَضَعَ يَدَهُ بَيْنَ كَتِفَيَّ فَوَجَدْتُ بَرْدَهَا بَيْنَ ثَدْيَيَّ، فَعَلِمْتُ مَا بَيْنَ الْمَشْرِقِ وَالْمَغْرِبِ، قَالَ: يَا مُحَمَّدُ، قُلْتُ: لَبَّيْكَ رَبِّ وَسَعْدَيْكَ، قَالَ: فِيمَ يَخْتَصِمُ الْمَلَأُ الْأَعْلَى؟ قُلْتُ: فِي الدَّرَجَاتِ وَالْكَفَّارَاتِ، وَفِي نَقْلِ الْأَقْدَامِ إِلَى الْجَمَاعَاتِ، وَإِسْبَاغِ الْوُضُوءِ فِي الْمَكْرُوهَاتِ، وَانْتِظَارِ الصَّلَاةِ بَعْدَ الصَّلَاةِ، وَمَنْ يُحَافِظْ عَلَيْهِنَّ عَاشَ بِخَيْرٍ وَمَاتَ بِخَيْرٍ، وَكَانَ مِنْ ذُنُوبِهِ كَيَوْمِ وَلَدَتْهُ أُمُّهُ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Robbim menga eng go‘zal suratda tajalli qildi va: «Ey Muhammad», dedi. «Labbayka Robbii va sa’dayka», dedim. «Oliy to‘plam nima haqida tortishmoqdalar?» dedi. «Ey Robbim, bilmadim», dedim. U Zot qo‘lini ikki kiftim orasiga qo‘ydi. Bas, uning muzdekligini ikki ko‘kragim orasida sezdim. Bas, mashriqu mag‘rib orasidagi barcha narsani bildim. U Zot: «Ey Muhammad!» dedi. «Labbayka Robbii va sa’dayka», dedim. «Oliy to‘plam nima haqida tortishmoqdalar?» dedi. «Darajotlar, kafforotlar, qadamlarni jamoatlar tomon bosish, tahoratni qiyinchiliklarda ham yaxshilab qilish, namozdan so‘ng namozga intizor bo‘lish va kim u(namoz)larni muhofaza qilsa, yaxshilik ila yashab, yaxshilik-la o‘lishi va gunohlaridan onasi tuqqan kunidagidek (pok) bo‘lishi haqida», dedim», dedilar». Termiziy rivoyat qilgan. Sharh: Rivoyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlari bilan Alloh subhanahu va taolo orasida bo‘lib o‘tgan ba’zi bir muomala va suhbatlarga to‘xtalmoqdalar. Avvalo ba’zi istilohlar bilan tanishib chiqaylik: «Robbim menga eng go‘zal suratda tajalli qildi». Bu tajallining qay vasfda bo‘lganini Alloh va Uning Rasuli biladilar, xolos. Ba’zi ulamolar «Tushda kechgan», deyishsa, boshqalari «O‘ngda bo‘lgan», deyishadi. Eng yaxshisi, lafzini o‘rganib, kayfiyatini Allohning ilmiga havola qilganimiz ma’qul. «Labbayka Robbii va sa’dayka». Arablarda bir chaqiriqqa «jon-jon» deb javob berilganda ana shu siyg‘a ishlatiladi. Lug‘aviy ma’nosi: «Ey Robbim! Senga labbay ustiga labbay deyman, xizmatingga tayyorlik ustiga tayyorlik e’lon qilaman», deganidir. «Oliy to‘plam» deb tarjima qilgan so‘zimiz arab tilida «al-mala’ul a’lo» deyilib, Allohga muqarrab farishtalar to‘plamini anglatadi. «U Zot qo‘lini ikki kiftim orasiga qo‘ydi». Bu arab tilidagi majoz qoidasiga binoan aytilgan jumla, xolos. Aslida Alloh taologa jism nisbatini berib bo‘lmaydi. Bu erda Alloh taoloning rahmati, roziligi va xursandligi zohir bo‘lgani majoz uslubi bilan ifoda etilmoqda. Chunki odatda katta odam o‘zidan kichikka rahm-shafqat qilsa, biror yaxshi narsa bermoqchi va o‘rgatmoqchi bo‘lsa yoki undan xursand bo‘lsa, qo‘lini elkasiga qo‘yadi. «Bas, uning muzdekligini ikki ko‘kragim orasida sezdim». Bundan, Allohning rahm-shafqati va marhamati ila ko‘ksim ilm-ma’rifatga, siru asrorlar bilimiga to‘ldi, xotirjam bo‘ldim, deganlari tushuniladi. «Bas, mashriqu mag‘rib orasidagi barcha narsani bildim». Boshqa bir rivoyatda: «Bas, osmonu erdagi barcha narsalarni bildim», deyilgan. «Darajotlar», ya’ni bandalar qanday qilib yuqori darajotlarga erishishlari mumkinligi to‘g‘risida; «Kafforotlar», ya’ni bandalarning gunohlariga qanday amallar kafforot bo‘lishi, ularning yuvilishi haqida; «Qadamlarni jamoatlar tomon bosish», ya’ni jamoat namoziga qadam bosib borishning savobi ulug‘ligi haqida tortishmoqdalar. Namozning fazli haqidagi hozirgacha o‘rgangan hadislarimizda ma’nolar Alloh taolodan bo‘lsa ham, iboralar Payg‘ambarimiz lafzlarida kelayotgan edi. Ammo bu hadisi sharif Alloh taolo bilan Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘rtalaridagi suhbat shaklida kelib, u ma’noga ham, namozning fazliga ham alohida bir tus va kuch bag‘ishlamoqda. Alloh taolo bizning tasavvurimizdan yuqori bir shaklda O‘zining mahbub Payg‘ambari – Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga tajalli qildi va: «Ey Muhammad», deb nido etdi. O‘ta xursand bo‘lib ketgan Habibi Robbil olamiyn: «Labbayka Robbii va sa’dayka», dedilar. «Oliy to‘plam nima haqida tortishmoqdalar?» dedi Alloh taolo o‘z Payg‘ambariga. Alloh taoloning O‘zi har bir narsani puxta biluvchi Zotdir. U oliy to‘plam nima haqida tortishayotganlarini Payg‘ambarimiz bilmasliklarini ham biladi. Lekin bu savol ila Nabiy sollallohu alayhi vasallamning o‘zlariga o‘zlarining holini bildirib, hamma narsa O‘zining lutfi, marhamati ila bo‘lishini yana bir bor namoyon etmoqda. «Ey Robbim, bilmadim», dedilar Payg‘ambar alayhissalom oliy to‘plamning gaplaridan bexabar ekanliklarini e’tirof qilib. Shunda Robbil Olamiyn O‘zining mahbub bandasi, suyukli Payg‘ambari – Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘ziga xos uslub ila O‘z sir-asrorlaridan fayzu futuh ato etdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vujudlari, xususan, qalblari tamoman boshqacha bo‘lib, bu fayzu futuhni to‘la his etdilar. U zot o‘zlarida birdan ulkan o‘zgarish yuz berganini, mag‘ribu mashriqdagi, osmonlaru erdagi barcha narsalarning, jumladan, oliy to‘plamdagi narsalarning ham bilimi hosil bo‘lganini sezdilar. «Ey Muhammad!» dedi Alloh taolo holat o‘zgarganidan keyin yana yangidan xitob etib. «Labbayka Robbii va sa’dayka», deb javob berdilar Muhammad sollallohu alayhi vasallam jonu dillari ila. «Oliy to‘plam nima haqida tortishmoqdalar?» dedi Alloh taolo ular nima haqida tortishayotganlarini juda yaxshi bilib tursa ham.  Endi Muhammad sollallohu alayhi vasallam Alloh bergan fayzu futuh ila ular nima haqida tortishayotganlarini juda yaxshi bilish darajasiga erishgan edilar. Shuning uchun ham oliy to‘plam nima haqida tortishayotganlarini batafsil bayon qilishga kirishdilar: «Darajotlar, kafforotlar, qadamlarni jamoatlar tomon bosish, tahoratni qiyinchiliklarda ham yaxshilab qilish, namozdan so‘ng namozga intizor bo‘lish va kim u(namoz)larni muhofaza qilsa, yaxshilik ila yashab, yaxshilik-la o‘lishi va gunohlaridan onasi tuqqan kunidagidek (pok) bo‘lishi haqida», dedilar. Ushbu hadisdan olinadigan foydalar: 1. Alloh taoloning Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga tajalli qilib turishi. Asosan, Alloh taoloning Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan Jabroil alayhissalom orqali aloqa qilganligi ma’lum va mashhur. Shuningdek, ilhom berib turishi ham, me’rojda bevosita so‘zlashuv bo‘lgani ham ma’lum. Bu erda esa o‘ziga xos, qandayligi faqat Alloh taolo va Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ma’lum bo‘lgan tajalli haqida so‘z bormoqda. 2. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Alloh taolo huzurida oliy maqomga ega ekanliklari. 3. Alloh hamma narsani bilib tursa ham, bandalarga xos ba’zi manfaatlar uchun savol berishi. 4. Alloh taoloning huzurida oliy to‘plam — muqarrab farishtalar to‘plami borligi. 5. Oliy to‘plamning holini Allohdan boshqa zot bilmasligi. 6. Alloh xohlasa, bandasini bir zumda fayzu futuh ila mashriqu mag‘ribdagi narsalarni biladigan qilib qo‘yishi. 7. Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamga fayzu futuh ila mag‘ribu mashriqdagi, osmonlaru erdagi narsalarning ilmini ato qilganligi. 8. Allohning fayzu futuhi ila Muhammad sollallohu alayhi vasallam oliy to‘plam nima haqida gaplashayotganlarini biladigan bo‘lganlari. 9. Oliy to‘plam bandalarning darajotlarini yuqori qiladigan va gunohlariga kafforot bo‘ladigan narsalar haqida tortishganlari. 10. Jamoat namozi o‘qish uchun bosilgan qadamlar bandaning darajasining ko‘tarilishiga va gunohlarining yuvilishiga sabab bo‘lishi. 11. Tahoratni qiyinchiliklarda ham yaxshilab qilish banda darajasining ko‘tarilishiga va gunohlarining yuvilishiga sabab bo‘lishi. 12. Namozdan so‘ng keyingi namozga intizor bo‘lish, bandaning darajasining ko‘tarilishiga va gunohlarining yuvilishiga sabab bo‘lishi. 13. Namozlarini muhofaza qilish bandaning bu dunyoda yaxshilik ila yashab, yaxshilik ila o‘lishiga, gunohlaridan onasi tuqqan kundagidek pok bo‘lishiga va darajalarining ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi. Demak, nafaqat erdagi to‘plamda, balki osmondagi oliy to‘plamda ham namozning fazilati haqida so‘z borar ekan. Bu dunyoda yaxshi yashashni xohlasak, namozlarimizni qoldirmay, arkonlarini joyiga keltirib, xushu’ va xuzu’ bilan ado etib, muhofaza qilaylik. Bu dunyoda ham, oxiratda ham darajotlarimiz yuqori bo‘lishi uchun shunday qilmog‘imiz lozim. Masjidlarga qatnab, jamoat namozi o‘qish uchun qadamlarimizni ko‘paytiraylik. Tahoratimizni doimo mukammal qilaylik. Bir namozni o‘qib bo‘lib, ikkinchisini intizorlik bilan kutaylik. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 10:03 | Savol-javoblar | 161 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar