Qur’on o‘qish haqidagi hadis

Assalomu alaykum! Bir hadis eshitgan edim, unga kura “kim Qur’on o‘qishdan avval «Allohumma bil haqi anzaltaxu…» deb boshlanadigan duoni o‘qisa va Qur’onni o‘qiganidan kelgan savobini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bag‘ishlasa, Alloh har bitta o‘qilgan harf uchun 50 ming savob berishi aytilgan. Iltimos shu hadis haqida batafsil ma’lumot bersangiz. Oldindan katta rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عَنْ عَبْدِ اللهِ  رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: مَنْ قَرَأَ حَرْفًا مِنْ كِتَابِ اللهِ فَلَهُ بِهِ حَسَنَةٌ، وَالْحَسَنَةُ بِعَشْرِ أَمْثَالِهَا، لَا أَقُولُ  الم حَرْفٌ وَلَكِنْ أَلِفٌ حَرْفٌ وَلَامٌ حَرْفٌ وَمِيمٌ حَرْفٌ Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Allohning Kitobidan bir harf o‘qisa, unga buning uchun bir savob bo‘lur. Har bir savob esa o‘n misli(ga ko‘paytirilur). «Alif. Laam. Miym – bir harf» demayman. Balki «Alif» bir harf, «Laam» bir harf, «Miym» bir harf», dedilar». Sharh: Bu hadisi sharifda Qur’oni Karim qiroati bitmas-tuganmas savob manbai ekani bayon qilinmoqda. Qur’oni Karimni o‘qigan odamga har bir harf uchun alohida savob berilar ekan. Umumiy qoidaga binoan, har bir savob o‘nga ko‘paytirib berilardi. Bundan Qur’oni Karimni o‘qigan odam uchun har bir harfni o‘qiganiga o‘n savob berilishi kelib chiqadi. Buning hammasi Qur’oni Karimning cheksiz fazlga ega bo‘lganidandir. Bas, shunday bo‘lganidan keyin bir harf bo‘lsa ham, Qur’oni Karimni o‘qishga harakat qilmog‘imiz zarur. عَنْ أَبِي سَعِيدٍ  رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: يَقُولُ اللهُ تَعَالَى مَنْ شَغَلَهُ الْقُرْآنُ وَذِكْرِي عَنْ مَسْأَلَتِي أَعْطَيْتُهُ أَفْضَلَ مَا أُعْطِي السَّائِلِينَ، وَفَضْلُ كَلَامِ اللهِ تَعَالَى عَلَى سَائِرِ الْكَلَامِ كَفَضْلِ اللهِ عَلَى خَلْقِهِ Abu Sa’iyd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo «Kimni Qur’on va Mening zikrim Mendan (narsalarni) so‘rashdan to‘sgan bo‘lsa, unga so‘rovchilarga bergan narsamdan afzalini berurman. Allohning kalomining boshqa kalomlardan afzalligi xuddi Allohning O‘z maxluqotlaridan afzalligiga o‘xshaydir», deydi», dedilar». Sharh: Bu hadisi qudusiy hisoblanadi. Chunki unda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning aytgan gaplarini o‘z iboralari bilan naql qilmoqdalar. Bir odam Qur’oni Karim qiroati bilan va Alloh taoloning zikri bilan bo‘lib, o‘z hojatlarini so‘rab duo qila olmay qoldi. Uning hojati bor edi. Ammo Qur’oni Karim tilovat qilish bilan ovora bo‘lib yoki bo‘lmasa, zikrulloh bilan ovora bo‘lib, o‘sha hojatini Alloh taolodan so‘ray olmadi. Ana o‘sha odamga Alloh taolo O‘zidan hojatini yolvorib so‘rab, iltijo qilganlarga berganidan ko‘ra afzal narsalarni berar ekan. «Alloh taolo kimni Qur’on va Mening zikrim Mendan (narsalarni) so‘rashdan to‘sgan bo‘lsa, unga so‘rovchilarga bergan narsamdan afzalini berurman», deydi. Bunday afzallikning sababi bor. Chunki «Allohning kalomining boshqa kalomlardan afzalligi xuddi Allohning O‘z maxluqotlaridan afzalligiga o‘xshaydir». Tasavvur qilib ko‘ring-a! Alloh taolo bilan U Zot yaratgan maxluqotlarning orasida qanchalar farq bor! Buni tasavvur qilish qiyin. Alloh taolo Oliy Zot. Maxluqotlar arzimas narsalar. Alloh taoloning kalomi bo‘lmish Qur’oni Karim ham boshqa kalomlarga nisbatan ana shunday yuqori va oliydir. Uni tasavvur qilish ham qiyin. Ana shunday oliymaqom kalomni o‘qish baxtiga sazovor qilgani uchun mo‘min-musulmonlar Alloh taologa har qancha hamdu sano aytsalar, shuncha oz. Bas, shunday bo‘lganidan keyin Alloh taoloning kalomi bo‘lgan Qur’oni Karimni iloji boricha ko‘p o‘qib-o‘rganmog‘imiz, yodlamog‘imiz va unga amal qilmog‘imiz zarur. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Siz aytib o‘tgan ma’noda sahih hadis mavjud emas. Qur’oni karimni o‘qishning fazilati bayonida yuqoridagi hadisda va’da qilingan savobning o‘zi kifoya qiladi. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 09:50 | Savol-javoblar | 173 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar