Qattiq g‘azabning muolajasi

Assalomu alaykum! Qur’onda qattiq asabiylik yoki jizzakilik kabilarga shifo bo‘luvchi oyatlar bormi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom!G‘AZABNING SABABLARI VA DAVOSI G‘azabning sabablari ko‘p bo‘lib, jumladan, quyidagilarni aytish mumkin: 1. Manmanlik. 2. Mazah. 3. Hazil. 4. Masxara. 5. Ayblash. 6. Riyokorlik. 7. Aldamchilik. 8. Mansabparastlik. 9. Dunyoparastlik va boshqalar. G‘azab qo‘zigan paytda uni ilm va amal bilan bosiladi. G‘azabni ilm vositasida davolash olti yo‘l bilan amalga oshiriladi: 1. G‘azabni yutish, afv qilish, hilm va sabrning fazli haqidagi oyat, hadis va xabarlarni tafakkur qilish va ularning savobidan umid qilish. Molik ibn Avsdan rivoyat qilinadi: «Umar roziyallohu anhu bir kishidan g‘azablandi va uni kaltaklashga amr qildi. Men unga:
«Ey mo‘minlarning amiri! «Kechirimli bo‘l, ma’rufga buyur va johillardan yuz o‘gir», dedim («A’rof» surasi, 199-oyat).
Umar o‘ziga o‘zi: «Kechirimli bo‘l, ma’rufga buyur va johillardan yuz o‘gir», deya boshladi. U Alloh taoloning Kitobidan tilovat qilinsa, to‘xtar, ko‘p taammul va tadabbur qilar edi. Bir oz o‘ylanib turdi-da, haligi odamni qo‘yib yuborishga amr qildi». Umar ibn Abdulaziz bir odamni kaltaklashga amr qildi-da, so‘ng «…achchig‘ini yutadiganlar» oyatini o‘qib turib, g‘ulomiga: «Uni qo‘yib yubor!» dedi. 2. O‘zini o‘zi Alloh taoloning azobidan qo‘rqitish. Bunda g‘azabi kelib turgan odam o‘ziga o‘zi: «Mening bu odam ustidan bo‘lgan qudratimdan Alloh taoloning mening ustimdan bo‘lgan qudrati qanchalar katta. Agar men bunga g‘azabimni o‘tkazsam, qiyomat kuni Alloh taolo menga g‘azabini o‘tkazishi turgan gap. Undan ko‘ra afv qilay, o‘zim ham qiyomat kuni afv qilinsam, ajab emas», deydi. 3. O‘zini o‘zi adovat va o‘ch olish oqibatidan ogohlantirish. Bunda banda noo‘rin g‘azab o‘zi uchun bu dunyoda hech yaxshilik olib kelmasligini esga oladi. G‘azab faqat befoyda intiqomdan o‘zga narsa emas. U dushman orttirishdan boshqaga yaramaydi. 4. G‘azab chog‘ida o‘zining qanchalar xunuk bo‘lib ketishini tasavvur qilish. Buning uchun boshqalarning g‘azab holatidagi suratini ko‘z oldiga keltirishning o‘zi kifoya. Odamlar g‘azablangan kimsani quturgan it yoki vahshiy hayvonga o‘xshatishlarini eslasin. Shu bilan birga, g‘azabni ichiga yutish anbiyo, avliyo, ulamo va hukamolarning sifati ekanini ham o‘ylasin. So‘ngra o‘sha ikki tarafdan birini tanlashi kerakligini o‘ylasin va o‘ziga munosib ko‘rganini tanlasin. 5. G‘azabni yutmaslikka va uning talabi asosida ish ko‘rishga chorlayotgan omilga nazar solish. Ehtimol, shayton unga «Undan nimang kam? Shalpayib qolaverasanmi? Odamlar nima deydi? Bir bopla uni!» deb vasvasa qilayotgan bo‘lishi mumkin. Shunda banda o‘ziga o‘zi: «Bu dunyoning arzimagan obro‘si deb oxiratdagi obro‘ning to‘kilishini o‘zingga orttirib olma. Sabr qil! Shaytonga hay ber!» deyishi kerak. 6. Odam ishlar uning irodasi bo‘yicha emas, Alloh taoloning irodasi bo‘yicha bo‘layotganini o‘ylasin. Alloh taoloning irodasiga qarshi chiqishning oqibati nima bo‘lishini xayoliga keltirsin.G‘AZABNING AMALIY DAVOSIعَنْ سُلَيْمَانَ بْنِ صُرَدٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: اسْتَبَّ رَجُلَانِ عِنْدَ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم فَجَعَلَ أَحَدُهُمَا تَحْمَرُّ عَيْنَاهُ وَتَنْتَفِخُ أَوْدَاجُهُ، قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم: «إِنِّي لَأَعْرِفُ كَلِمَةً لَوْ قَالَهَا لَذَهَبَ عَنْهُ الَّذِي يَجِدُ: أَعُوذُ بِاللهِ مِنَ الشَّيْطَانِ الرَّجِيمِ». فَقَالَ الرَّجُلُ: وَهَلْ تَرَى بِي مِنْ جُنُونٍ؟ رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُSulaymon ibn Surad roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Ikki kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida so‘kishib qoldi. Ikkisidan birining ko‘zlari qizarib, tomirlari bo‘rtib chiqa boshladi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:«Men agar u aytsa, undagi bu narsa ketadigan kalimani bilaman. U «A’uzu billahi minash-shaytonir rojiym»dir», dedilar.Bas, u: «Menda jinnilik bor deb o‘ylaysanmi?» dedi».
To‘rtovlari rivoyat qilishgan. 
G‘azabi chiqishining oldini olish niyatida bo‘lgan odam «A’uzu billahi minash-shaytonir rojiym»ni aytib yurmog‘i lozim.عَنْ أَبِي ذَرٍّ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: إِنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ لَنَا: «إِذَا غَضِبَ أَحَدُكُمْ وَهُوَ قَائِمٌ فَلْيَجْلِسْ، فَإِنْ ذَهَبَ عَنْهُ الْغَضَبُ وَإِلَّا فَلْيَضْطَجِعْ». رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَأَحْمَدُAbu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga:«Sizlardan kimda-kim g‘azablansa, tik turgan bo‘lsa, o‘tirib olsin, g‘azabi ketsa ketdi, bo‘lmasa yonboshlasin», dedilar».
Abu Dovud va Ahmad rivoyat qilishgan. 
Albatta, bu ishlarning g‘azabni so‘ndirishi tajribada ham sobit bo‘lgan. Imom Abu Dovud Abu Voil Ossdan quyidagi rivoyatni keltiradi: «Urva ibn Muhammad Sa’diyning oldiga kirgan edik. Bir odam gapirib, uning g‘azabini qo‘zg‘adi. Shunda u o‘rnidan turib, tahorat qildi. So‘ngra: «Otam menga bobom Atiyya roziyallohu anhudan ushbu rivoyatni aytib bergan edi», deb quyidagilarni aytdi:عَنْ عَطِيَّةَ السَّعْدِيِّ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم: «إِنَّ الْغَضَبَ مِنَ الشَّيْطَانِ، وَإِنَّ الشَّيْطَانَ خُلِقَ مِنَ النَّارِ، وَإِنَّمَا تُطْفَأُ النَّارُ بِالْمَاءِ، فَإِذَا غَضِبَ أَحَدُكُمْ فَلْيَتَوَضَّأْ». رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَAtiyya Sa’diy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «G‘azab shaytondandir. Shayton esa olovdan yaratilgandir. Olov suv bilan o‘chiriladi. Kimning g‘azabi kelsa, tahorat qilib olsin», dedilar».
Abu Dovud rivoyat qilgan. 
Albatta, mazkur va shunga o‘xshash choralar g‘azabni qaytarish uchun qo‘llaniladigan yordamchi choralardir. G‘azabning asosiy chorasi esa Allohga bo‘lgan iymon, qiyomatdan umidvorlikdir. G‘azabi chiqqan odam darhol Alloh taoloni eslashi, U Zot har bir narsani ko‘rib-bilib turganini va hamma narsani hisob-kitob qilishi shubhasizligini yodga olishi zarur. Shuningdek, g‘azabni ishga solib yomonlik qilsa, qanday jazo olishini, g‘azabini yutib ortga qaytsa, qanday savoblar olishini o‘ylashi lozim.G‘AZABNI YuTIShNING FAZLIG‘azabni yutish fazilatli ishlardan hisoblanadi. Bunga har qanday odam ham qodir bo‘la olmaydi. Alloh taolo Qur’oni Karimda g‘azabni yutuvchilarni madh qilib:الَّذِينَ يُنفِقُونَ فِي السَّرَّاء وَالضَّرَّاء وَالْكَاظِمِينَ الْغَيْظَ وَالْعَافِينَ عَنِ النَّاسِ وَاللّهُ يُحِبُّ الْمُحْسِنِينَ۝«Ular engillikda ham, qiyinchilikda ham nafaqa qiladiganlar, achchig‘ini yutadiganlar va odamlarni afv qiladiganlardir. Alloh yaxshilik qiluvchilarni sevadir», deya marhamat qilgan (Oli Imron surasi, 134-oyat). G‘azabni yutish eng qiyin ishlardan hisoblanadi. G‘azab insonda turli munosabatlar ila qo‘zg‘alib turadi, uni jilovlab olish har bir kishining ham qo‘lidan kelavermaydi. Lekin taqvodor kishi bu og‘ir ishni eplashi mumkin. Ya’ni qalbida taqvodorlik mavjud bo‘lgan insongina g‘azabdan g‘olib chiqa oladi. ("Ruhiy tarbiya" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 09:58 | Savol-javoblar | 175 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar