Bizni qiynagan savol

Assalomu alaykum! Ustozlar, biz oilam bilan Rossiyada ishlaymiz. Oyim go‘sht sotadigan magazinda ishlaydi. Oyimdan osh qilib berishni iltimos qilishibdi, oyim rozi bo‘lib qarasa go‘shtni cho‘chqa go‘shti ekan. U erdagilar hammasi ruslar, bitta oyim o‘zbek. Keyin pishirib berdi, qaytib cho‘chqa go‘shtidan qilmayman deb tavba qildi.  Endi gunoxi kechiriladimi? Shu ishi uchun kvartiramizdagilar tavba qilishiga qaramay oyimni noqulay axvolga solishayabdi.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Astoydil tavba qilib, qaytib bu ishni qilmaslikka azmu qaror qilishi kifoya. Alloh taoloning mag‘firatidan noumid bo‘lish joiz emas. Xato qilish bandaning sifat hisoblanadi, xatoni qilishga qilib tavba qilmaslik bu shaytonning ishidir. عَنْ مُعَاذِ بْنِ جَبَلٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: مَنْ عَيَّرَ أَخَاهُ بِذَنْبٍ لَمْ يَمُتْ حَتَّى يَعْمَلَهُ Mu’oz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim birodarini bir gunohda ayblasa, o‘zi o‘sha (ish)ni qilmay turib o‘lmaydi», dedilar». Sharh: Birovlarning aybini behuda ravishda, g‘iybat tariqasida gapirish o‘z egasining boshiga kulfat keltiradi. Tavba qilib, xatosini yashirib yurgan odamlarni ayblash yaxshi emas. Ammo tavba qilmay, oshkora tarzda gunoh qilib yurganlarni tanqid qilish joiz. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 10:03 | Savol-javoblar | 148 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar