Ramazondan poklanib chiqish

Assalomu alaykum! Ramazonni imkon qadar boshqa oylardan farqli qilib o‘tkazishga harakat qilyapman. Ramazondan poklanib chiqqanligimni qanday bilsam bo‘ladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! O‘sha saqlanishda davom eta olsangiz, bu ramazonning taqvosi sizga nasib qilganligining alomatidir. Alloh taolo “Baqara” surasida: يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ كُتِبَ عَلَيْكُمُ الصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى الَّذِينَ مِن قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki, taqvo qilsangiz. «Shoyadki, taqvo qilsangiz», – deb, ro‘zadan ko‘zlangan asosiy maqsadni ham bayon qilib qo‘ymoqda. Demak, ro‘za ham taqvo yo‘llaridan bittasi ekan. Ro‘za tutgan shaxsning qalbida taqvo ruhi uyg‘onishi kerak. Agar kim ro‘za tutsa-yu, qalbida taqvo hissi uyg‘onmasa, u odam haqiqiy ro‘za tutmagan bo‘ladi. Ro‘za havoyi nafsning noo‘rin qo‘zg‘alishlarini yo‘lga solishga, to‘g‘rilashga, shahvatni jilovlashga, qorin talablarini ham izga solishga xizmat qiladi. Ro‘za nafs balosidan qutulib, Allohning toatiga xolis ajrab chiqishga yordam beradi. Kimki iymon va e’tiqod bilan ro‘za tutsa, Alloh taolo o‘sha bandani «taqvo» deb nomlanuvchi ikki dunyo saodatiga eltuvchi baxtga muyassar qiladi.(“Tafsiri Hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 13:47 | Savol-javoblar | 145 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar