Ismlarni to‘g‘ri yozish

Assalomu alaykum! O‘zbek yigitlarda Habibulloh, Hamidulloh, Abdulloh, Ubaydulloh kabi ismlarni ko‘p uchratamiz. Shu kabi ismlarda oxirida «H» xarfini tushirib yozishadi. Aslida misol uchun Abdulloh (Allohning quli), Alloh so‘zida “h” harfi albatta ishlatiladi. Tepada keltirilgan ismlarni qanday to‘g‘ri  yozib talaffuz qilish kerak? Oxirida “h” harfini tushurib qo‘ysa xato bo‘ladimi? Oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Har bir musulmon inson shu narsaga e’tiborini qaratishi kerak. Bunda xato bo‘lib, Alloh lafzini o‘zgartirilgan bo‘ladi. Quyidagi oyatning ostiga kirib qolmaslikka harakat qilish kerak. Alloh taolo : وَلِلَّهِ الْأَسْمَاءُ الْحُسْنَىٰ فَادْعُوهُ بِهَا ۖ وَذَرُوا الَّذِينَ يُلْحِدُونَ فِي أَسْمَائِهِ ۚ سَيُجْزَوْنَ مَا كَانُوا يَعْمَلُونَEng go‘zal ismlar Allohnikidir. Bas, Unga ular ila duo qiling va Uning ismlarida og‘adiganlarni tek qo‘yavering. Tezda qilgan amallarining jazosini olurlar. (A’rof 180-oyat).Alloh ta’olo o‘zining ismlarini tahrif(o‘zgartirgan) qilgan va ismi-sifatlarini noto‘g‘ri iste’mol qilganlarni qattiq qoralagan. Muhammad Shafi’ Usmoniy rohimahulloh o‘zlarining “Ahkamul Qur’an” kitoblarida quyidagilarni aytganlar : “Alloh ta’oloning ismlarini tahrif qilish bir necha ko‘rinishda bo‘ladi. 1-Alloh ta’ologa Qur’oni Karimda va hadislarda kelmagan ismlarni Alloh ta’ologa iste’mol qilish bilan bo‘ladi. Ulamolar Alloh ta’oloning ismlari tavqifiy bo‘lib, faqat hadis va oyatlarda kelgan ismlarinigina iste’mol qilishlikka ittifoq qilganlar. Masalan Alloh ta’oloni Karim deyish mumkin, lekin Alloh ta’oloni Saxiy deyish mumkin emas. Alloh ta’oloni Nuur deb aytilinadi, lekin yoruq, oppoq deyish mumkin emas. Alloh ta’oloni Shofiy  ya’ni shifo beruvchi deyish mumkin, lekin tabib deyilinmaydi. 2-Alloh ta’ologa xos bo‘lgan ism-sifatlarni boshqalarga iste’mol qilinmaydi. Faqatgina Alloh ta’olo Qur’oni Karimda, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam hadislarida Allohdan o‘zgaga iste’mol qilgan bo‘lsa, uni boshqalarga iste’mol qilish joiz. Masalan Karim, Rahim, Aliy, A’ziz. Oyatlarda bu sifatlarni  Allohdan boshqalarga ham iste’mol qilingan. Agar oyat-hadislarda iste’mol qilinmagan bo‘lsa, joiz emas. Alloh ta’oloning o‘zgalarga iste’mol qilishi joiz bo‘lmagan ismlarini o‘zgalarga iste’mol qilishlik oyatdagi ilhod ostiga kirib harom sanaladi. Masalan Rahmon, Subhon, Razzoq, Xoliq, G‘affor, Quddus va boshqalar. Bu ismlar faqat Alloh ta’ologagina xos bo‘lib, o‘zgalarga iste’mol qilinmaydi. Agar kimda kim e’tiqodda adashib biror kishini Xoliq(yaratuvchi), Razzoq(rizq beruvchi) deb tushunib birortasiga murojaat qilsa, bu kufr sanaladi. E’tiqodda adashmasdan o‘ylab ham o‘tirmay biror bir shaxsni Abdulxoliq, Abdurrazzoq, Abdurrohman, Abdulquddus o‘rniga Xoliq, Razzoq, Rohman, Quddus deb murojaat qilsa, kufr bo‘lmasada gunohkor bo‘ladi. 3-Shuningdek ushbu ismlarni buzib aytish ham nojoiz, harom va gunohi kabira hisoblanadi. Ular  bu murojaatlari bilan har chaqiruvida gunohi kabiraga qo‘l urgan bo‘ladilar. Masalan Qudratulloh ismini Tillo, Abdulvohid ismini Voyid, Abdulmannon ismidagi Alloh ta’oloning Mannon sifatini Manof yoki Mannopga o‘zgartirib Abdumannop, Allohning Somad sifatiga nisbat berilib qo‘yilgan Abdussomad ismini Apsamad, Samat deyishga o‘xshash. Holbuki Somad sifati faqat va faqat Alloh ta’ologagina xos bo‘lib, o‘zgaga ishlatilmaydi. Chunki Somadning ma’nosi hamma unga muhtoj bo‘lib, u hamma narsadan bexojat deganidir. Bunda xuddi Alloh ta’oloning Mannon sifatini johiliyatdagi mushriklar Manof butining ismiga o‘zgartirgandek bo‘ladilar. Va bu bilan Allohning bandasi degan ma’no butning quli – degan ma’noga o‘zgarib qoladi. Islomdan aval Makka mushriklari Alloh ta’oloning Alloh ismi zotini Lootga, Aziz sifatini Uzzoga, yana qaysidir bir  sifatini esa Manotga o‘zgartirib olishgan. Ularning bu qilmishlarini Alloh ta’olo qattiq qoralagan”. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 11:03 | Savol-javoblar | 197 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar