Vahiy yana kimlarga keladi?

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, vahiy faqat payg‘ambarlargagina keladimi? Men eshitdimki shoirlarga xam vahiy kelar emish. Men inkor qilmoqchi bo‘lsam ular menga «Ilhom keladi deymiz, aslida ilhom nima? Axir u farishtaku, ha ilhom farishtasidir» deya javob berishdi va yana shuni aytishdiki “paygambarlarga vahiyni Jabroil alayhissalom olib kelgan bo‘lsa, bizga ilhom farishtalari olib keladi. Yo‘qsa inson kecha o‘zini xayoliga kelmagan narsani qaerdan yozardi” deyishdi. Shu qanchalik to‘g‘ri? Alloh ilmingizni yanada ziyoda qilsin. Rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ularning gaplari noto‘g‘ri. Agar o‘sha ilhomni farishtalar olib kelganida edi, yozgan she’rlarida asari ko‘rinar edi. «Vahiy» so‘zi asl lug‘atda tezkor va maxfiy xabar yo‘llash ma’nosini bildiradi. Ulamolar esa vahiyni quyidagicha ta’riflaydilar: «Vahiy – Alloh taoloning bandalari ichidan O‘zi tanlab olgan shaxsga O‘zi iroda qilgan hidoyatni tez va maxfiy ravishda bildirishidir». Boshqacha qilib aytganda, Alloh taoloning O‘z anbiyolaridan biriga diniy ko‘rsatmalarini yuborishi vahiydir. Bu yuborish tezlik bilan, boshqalardan maxfiy ravishda bo‘lgani uchun «vahiy» deb nomlangan. Ilhom esa qalbga zalolat va hidoyatni bir-biridan ajratib, farq qilib turuvchi narsani ilqo qilishdir. Ulamolarning ta’kidlashicha, ilhom xoh e’tiqod masalasida bo‘lsin, xoh ibodat masalasida bo‘lsin, hujjat bo‘la olmaydi. Ilhomning vahiydan farqi shuki, u Alloh taolodan ham, farishtadan ham, shaytondan ham, nafsning o‘zidan ham bo‘lishi mumkin. Demak, ilhom haq bo‘lishi ham, botil bo‘lishi ham mumkin. Shuning uchun ilhom shar’iy qoida yoki hukmga zid bo‘lsa, unga aslo e’tibor berilmaydi, balki xomxayol, vahm yoki shaytonning vasvasi deb qaraladi. Shuning uchun shoirlarga ilhomni faqat farishta olib keladi degan gap noto‘g‘ri. Aks holda, ba’zi shoirlarning shirk yoki kufrga oid, odob-axloqqa, shariatga zid so‘zlarini ham farishta olib kelgan bo‘ladimi? Duch kelgan odamning gapini gap deb, ko‘tarib yuraverish musulmon odamga yarashmaydi. Bu kabi savollar bilan aqlni band qilmay, mashhur din arboblari,  ulamolarning kitoblarini o‘qib, ilmingizni oshiring, dunyoqarashingizni kengaytiring.  Vallohu a’lam!

26 May 2022, 11:13 | Savol-javoblar | 170 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar