Farzandga aqiyqa qilish

Assalomu alaykum! Farzand tug‘ilganda aqiqasida, o‘g‘il bola bo‘lsa 2 ta qo‘y so‘yiladi. Qiz farzand bo‘lsa 1 ta qo‘y so‘yiladi deyishadi. Shu to‘g‘rimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عَنْ أُمِّ كُرْزٍ الْكَعْبِيَّةِ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: عَنِ الْغُلَامِ شَاتَانِ مُكَافِئَتَانِ، وَعَنِ الْجَارِيَةِ شَاةٌ Ummu Kurz al-Ka’biyya roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «O‘g‘il bolaga ikki bir-biriga o‘xshash qo‘y, qiz bolaga bir qo‘y», dedilar». Sharh: Albatta, bir farzandning dunyoga kelishi katta bir hodisa. Faqat doimiy takrorlanib turgani uchun uncha ahamiyat berilmaydi, xolos. Bo‘lmasa, bir bolaning eson-omon, onasi ham sog‘ qolib tug‘ilishi buyuk hodisa. Musulmonlar orasiga yangi bir a’zoning qo‘shilishi, uning onasining sog‘ qolishi sharafiga Alloh taologa har qancha shukr qilinsa, har qancha xayr-sadaqa qilinsa, shuncha oz. Ba’zi holatlarda odamlar bu munosabat ila haddan oshib, dabdabaga yo‘l qo‘ymasliklari uchun yoki aksincha holatlar ham bo‘lmasligi uchun shariatda aqiyqaga nima qilinishi va u qay miqdorda bo‘lishi ham ko‘rsatib qo‘yilgan. «O‘g‘il bolaga ikki bir-biriga o‘xshash qo‘y». Ya’ni yangi tug‘ilgan farzand o‘g‘il bola bo‘lsa, uning aqiyqasiga bir-biriga o‘xshash ikki qo‘y so‘yish lozim bo‘ladi. «...qiz bolaga bir qo‘y». Ulamo ahllarimiz qiz bolaga bir qo‘y so‘yib, aqiyqa qilishni «Qizning sha’nini pastlatish uchun emas, balki kelajakda ota-onasi unga sep va bo‘lajak oilasi uchun jihozlar qilib berishi hisobga olingani uchundir», deydilar. Ba’zi olimlar «Bolaning sog‘-salomat bo‘lishi, sindi-chiqdilarga yo‘liqmasligi haqida yaxshi niyat ramzi sifatida uning uchun aqiyqaga so‘yilgan hayvonning suyagi sindirilmasa, yaxshi bo‘ladi», deganlar. Aqiyqaga so‘yilgan hayvonning go‘shti faqir-miskinlarga tarqatib berilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shuningdek, u go‘shtdan qo‘ni-qo‘shni va doyaga ham berilsa bo‘ladi. عَنْ سَمُرَةَ  رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنْ عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: كُلُّ غُلَامٍ رَهِينَةٌ بِعَقِيقَتِهِ تُذْبَحُ عَنْهُ يَوْمَ سَابِعِهِ وَيُحْلَقُ وَيُسَمَّى. رَوَاهُمَا أَصْحَابُ السُّنَنِ Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Har bir g‘ulom aqiyqasi garovidir. Uning uchun ettinchi kuni so‘yilur, sochi olinur va ism qo‘yilur», dedilar». Ikkisini «Sunan» egalari rivoyat qilganlar. Sharh: Ushbu hadisi sharifda yangi tug‘ilgan farzandga oid bir necha narsalar zikr qilinmoqda: 1. «Har bir g‘ulom aqiyqasi garovidir». Demak, har bir yangi tug‘ilgan farzandning ba’zi bir ishlari unga aqiyqa qilishga bog‘liq bo‘lib turar ekan. Agar aqiyqa qilinsa, o‘sha ishlar yuzaga chiqadi, bo‘lmasa xuddi garovga olinganday, yuzaga chiqmay turaveradi. Ba’zi ulamo ahllarimiz, jumladan, imom Ahmad ibn Hanbal va A’to al-Xurosoniylar «Har bir farzandning, agar go‘dakligida o‘lib ketsa, ota-onasiga shafoatchi bo‘lishi uning aqiyqasiga bog‘liqdir. Agar unga aqiyqa qilingan bo‘lsa, qiyomatda jannat erkatoylaridan bo‘ladi va «Agar jannatga oldin ota-onam kirmasa, men kirmayman», deb turib oladi. Shunday qilib, u o‘z shafoati bilan ota-onasining jannatga kirishiga sabab bo‘ladi», deganlar. Imom al-Lays va Dovud az-Zohiriy va boshqalar esa «Yangi tug‘ilgan farzandning yaxshi unib-o‘sib, baxtli-saodatli bo‘lishi uning aqiyqasiga bog‘liqdir, shuning uchun aqiyqa qilish vojibdir», deganlar. Lekin jumhuri ulamo «Aqiyqa qilish sunnati muakkada», deganlar. «Uning uchun ettinchi kuni so‘yilur». Aqiyqa farzand tug‘ilganining ettinchi kuni, agar ettinchi kuni imkoni bo‘lmasa, o‘n to‘rtinchi yoki yigirma birinchi kuni qilinadi. Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Aqiyqa ettinchi, o‘n to‘rtinchi va yigirma birinchi kuni so‘yilur», deganlar. Agar u kunlari aqiyqa qilishning imkoni bo‘lmasa, imkoni topilganda qilinaveradi. Yangi tug‘ilgan farzandga aqiyqa qilish otaning farzand oldidagi burchidir. «...sochi olinur...» Bu ish ham farzand tug‘ilganining ettinchi kuni amalga oshiriladi. Avval ham aytib o‘tilganidek, bu sochga nifos qoni tekkan bo‘ladi. Shuning uchun ham u boladan ketkazilishi lozim bo‘lgan nopok, ozor beruvchi narsalar qatoriga qo‘shilgan. O‘sha ettinchi kuni olingan soch vaznida kumush yoki uning qiymati sadaqa qilinishi ham mazkur ozordan xalos bo‘lganlik shukronasi bo‘lsa, ajab emas. «...va ism qo‘yilur». Yangi tug‘ilgan farzandga ism qo‘yish ham ettinchi kuni qilinadigan ishlardan biri. Har bir yangi tug‘ilgan farzandga yaxshi ism qo‘yish ota-onaning farzand oldidagi burchidir. Shuning uchun har bir musulmon ota-ona bu muhim ishga alohida e’tibor ila yondashmog‘i lozimdir. Farzand katta bo‘lib, oq-qorani taniganda o‘z ismidan uyaladigan bo‘lmasin. Balki, ismi unga ziynat bo‘lib tursin. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam «Ismlarning yaxshisi bandalik va hamdni bildiruvchisidir», deganlar. Shuning uchun Alloh taologa bandalik ma’nosini anglatuvchi Abdulloh, Abdurrahmon, Abdussattor va Alloh taologa hamd ma’nosini anglatuvchi Hamidulloh kabi ismlar yaxshi ismlar hisoblanadi. Shuningdek, Payg‘ambarlarning, sahobalarning va salafi solihlarimizning ismlari yaxshi ismlar hisoblanadi. Qizlarga ham o‘tgan ahli iymon momolarimizning, sahobiya ayollarning ismlarini va ezgulik ma’nosini anglatuvchi boshqa ismlarni qo‘yish kerak. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Urush, Xo‘tik, Abduluzzo kabi noqulay ismli sahobalarning ismlarini yaxshi ismlarga almashtirganlari mashhur. Shuningdek, u zot ba’zi sahobiya ayollarning ismlarini ham yaxshi ismlarga almashtirganlar. Binobarin, ba’zi kishilar noqulay ismlar bilan atalib qolgan bo‘lsalar, ularni islomiy ismlarga almashtirib olsalar, yaxshi bo‘ladi. عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ  رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَنَّ النَّبِيَّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم عَقَّ عَنِ الْحَسَنِ وَالْحُسَيْنِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا كَبْشًا كَبْشًا. رَوَاهُ أَصْحَابُ السُّنَنِ. وَلَفْظُ التِّرْمِذِيِّ: عَقَّ النَّبِيُّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم عَنِ الْحَسَنِ بِشَاةٍ وَقَالَ: يَا فَاطِمَةُ، احْلِقِي رَأْسَهُ وَتَصَدَّقِي بِزِنَةِ شَعَرِهِ فِضَّةً، فَوَزَنَّاهُ فَكَانَ وَزْنُهُ دِرْهَمًا أَوْ بَعْضَ دِرْهَمٍ Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Hasan va Husayn roziyallohu anhumolarga bittadan qo‘chqor so‘yib, aqiyqa qildilar». «Sunan» egalari rivoyat qilganlar.  Termiziyning lafzida: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Hasanga bir qo‘y so‘yib, aqiyqa qildilar va: «Ey Fotima, uning sochini olib, sochi vaznida kumush sadaqa qilgin», dedilar. Bas, tortsak, uning vazni bir dirham yoki dirhamning ba’zisicha chiqdi», deyilgan. Sharh: Ushbu hadisi sharifdan o‘g‘il bolaga, albatta, ikkita qo‘y so‘yib, aqiyqa qilish shart emasligi, bitta qo‘y so‘ysa ham bo‘laverishi kelib chiqmoqda. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘z nabiralariga bittadan qo‘chqor so‘yganlari shuni ko‘rsatadi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning o‘z qizlariga xitob qilib: «Ey Fotima, uning sochini olib, sochi vaznida kumush sadaqa qilgin» deyishlaridan bunga o‘xshash ishlarni onalar qilishlari afzalligi anglashiladi. Bolaning sochi vaznida kumush sadaqa qilish mustahab amal bo‘lib, bolaning yaxshi o‘sishi uchun qilingan yaxshi niyatning belgisidir. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 11:14 | Savol-javoblar | 186 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar