Tug‘ruqdan so‘ng

Assalomu alaykum! Anchadan beri bir savolga aniq javob ololmay qiynalayotgan edim. Shukurki sizni kanalingizga a’zo bo‘lib, aniq javob olish maqsadida savolimga oydinlik kiritmoqchiman. Eshtishimcha ayol kishi tug‘ruqdan keyin xuddi onadan yangi tug‘ilgandek pok va gunohsiz bo‘lar emish. Shu bois ko‘p ayollar tug‘ruqxonadan hijob kiyib chiqishmoqda. Shu rostmi?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom!Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda ko‘zi yorgan ayol barcha gunohlardan forig‘ bo‘ladi degan mazmunda biror dalil yo‘q. Ammo musulmon kishiga etgan har bir musibat, balo-ofat, og‘riq, qiyinchilik, jismoniy yoki ruhiy kasalliklar sababli Alloh taolo uning xato-kamchiliklarini o‘chiradi.Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Musulmonga etadigan biror musibat yo‘qki, Alloh u tufayli uning gunohlarini o‘chirmasa. Hatto unga sanchiladigan tikan tufayli ham», deganlar (Buxoriy rivoyat qilgan).Abd ibn Humaydning «Musnad»ida, Ibn Abuddunyoning «Al-Iyol» kitobida shunday hadis keltiriladi:«Ayol kishiga homiladorligidan to tuqqunicha, to farzandini sutdan ajratgunicha Alloh yo‘lida qonga belangan kishining ajri beriladi. Agar ayol shuning orasida vafot etsa, unga shahidning ajri beriladi». Ba’zi ulamolar buni hasan hadis deyishgan. Hadisdagi musibat tufayli gunohlar o‘chiriladi degan gap kabira gunohlarga taalluqli emas. Kabira gunohning o‘chirilishi uchun albatta tavba lozimdir. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 11:51 | Savol-javoblar | 148 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar