Jalsa

Assalomu alaykum! 1). Har 1-sajdadan keyin ozgina sukut saqlab jalsa o‘tiriladi.
2). Farz namozidan oldin iftitoh takbiri sunnatdan oldin azon aytiladi shu to‘g‘rimi yolg‘iz holda. Iltimos xato yoki sizni bezovta qilgan bo‘lsam kechiring. Olloh sizlardan rozi bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Arkonlarni to‘g‘ri qilish. Bu iboradan namozning ruku’, sajda, qa’da kabi barcha amallarini sokinlik, xotirjamlik bilan, qoyillatib amalga oshirish ko‘zda tutiladi. Bu esa har bir harakatdan keyin butun jismning sokinlik topishi ila bo‘ladi. Misol uchun, ruku’da, sajdada va ulardan turgandan keyin eng ozi bir marta tasbeh aytiladigan vaqt miqdoricha a’zolar tin olishi lozim. Bu hukm quyidagi dalillardan olingan: عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم دَخَلَ الْمَسْجِدَ فَدَخَلَ رَجُلٌ فَصَلَّى، فَسَلَّمَ عَلَى النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم فَرَدَّ وَقَالَ: «ارْجِعْ فَصَلِّ فَإِنَّكَ لَمْ تُصَلِّ»، فَرَجَعَ يُصَلِّي كَمَا صَلَّى ثُمَّ جَاءَ فَسَلَّمَ عَلَى النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم ، فَقَالَ: «ارْجِعْ فَصَلِّ فَإِنَّكَ لَمْ تُصَلِّ»، ثَلَاثًا، فَقَالَ: وَالَّذِي بَعَثَكَ بِالْحَقِّ مَا أُحْسِنُ غَيْرَهُ، فَعَلِّمْنِي، فَقَالَ: «إِذَا قُمْتَ إِلَى الصَّلَاةِ فَكَبِّرْ، ثُمَّ اقْرَأْ مَا تَيَسَّرَ مَعَكَ مِنْ الْقُرْآنِ، ثُمَّ ارْكَعْ حَتَّى تَطْمَئِنَّ رَاكِعًا، ثُمَّ ارْفَعْ حَتَّى تَعْدِلَ قَائِمًا، ثُمَّ اسْجُدْ حَتَّى تَطْمَئِنَّ سَاجِدًا، ثُمَّ ارْفَعْ حَتَّى تَطْمَئِنَّ جَالِسًا، وَافْعَلْ ذَلِكَ فِي صَلَاتِكَ كُلِّهَا». رَوَاهُ الْخَمْسَةُ. زَادَ أَبُو دَاوُدَ: «فَإِذَا فَعَلْتَ هَذَا فَقَدْ تَمَّتْ صَلَاتُكَ، وَمَا انْتَقَصْتَ مِنْ هَذَا شَيْئًا فَإِنَّمَا انْتَقَصْتَهُ مِنْ صَلَاتِكَ» Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidga kirdilar. Ortlaridan bir kishi kirib, namoz o‘qidi. So‘ngra Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salom berdi. U zot alik oldilar va: «Qaytib borib, (boshqatdan) namoz o‘qi, chunki namoz o‘qimading», dedilar. U qaytib borib, oldingidek namoz o‘qidi. So‘ng kelib, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salom berdi. «Qaytib borib, (boshqatdan) namoz o‘qi, chunki namoz o‘qimading», dedilar. Bu uch marta qaytarildi. Shunda u: «Sizni haq ila yuborgan Zotga qasamki, bundan yaxshiroq o‘qiy olmayman, menga o‘rgating», dedi. U zot: «Namozga turganingda takbir ayt, so‘ng Qur’ondan bilganlaringni o‘qi. Keyin ruku’ qil va ruku’dagi holingda (biroz) tin ol. Keyin (boshingni) ko‘tar va qaddingni rostlab, tiklan. Keyin sajda qil va sajdadagi holingda ham (biroz) tin ol. Keyin (boshingni) ko‘tar va o‘tirgan holingda (biroz) tin ol. Namozingning hammasida ham shunday qil», dedilar». Beshovlari rivoyat qilishgan. Abu Dovud «Qachon shuni qilsang, namozing to‘liq bo‘ladi. Bundan biror narsani kam qilsang, namozingdan kam qilgan bo‘lasan», degan ziyodani keltirgan. رَأَى حُذَيْفَةُ رَجُلًا لَا يُتِمُّ الرُّكُوعَ وَالسُّجُودَ فَقَالَ: مَا صَلَّيْتَ، وَلَوْ مُتَّ مُتَّ عَلَى غَيْرِ الْفِطْرَةِ الَّتِي فَطَرَ اللهُ مُحَمَّدًا صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم عَلَيْهَا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَالنَّسَائِيُّ «Huzayfa ruku’ va sajdalarini tugal qilmayotgan bir kishini ko‘rib: «Namoz o‘qimading! Agar o‘lsang, Alloh Muhammad sollallohu alayhi vasallamni yaratgan sof tabiatdan boshqa(tabiat)da o‘lasan!» dedi». Buxoriy va Nasoiy rivoyat qilishgan. ("Kifoya" kitobidan). 2). Namoz vaqti kirganida azon aytiladi, farz namozidan oldin takbir aytiladi. Yolg‘iz namoz o‘quvchi ham bu ikkisini bajargani afzal. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 12:04 | Savol-javoblar | 178 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar