Odil qaror qabul qilgan podshox

Assalomu alaykum! Internetdagi bir saytida «Odil qaror qabul qilgan podshox 30 yil nafl namozi o‘qiganchalik savobga erishadi» deb yozilgan hadis bor ekan. Shu rostmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Siz aytgan hadisni topa olmadik. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: سَبْعَةٌ يُظِلُّهُمُ اللهُ فِي ظِلِّهِ يَوْمَ لَا ظِلَّ إِلَّا ظِلُّهُ: الْإِمَامُ الْعَادِلُ، وَشَابٌّ نَشَأَ فِي عِبَادَةِ رَبِّهِ، وَرَجُلٌ قَلْبُهُ مُعَلَّقٌ فِي الْمَسَاجِدِ، وَرَجُلَانِ تَحَابَّا فِي اللهِ اجْتَمَعَا عَلَيْهِ وَتَفَرَّقَا عَلَيْهِ، وَرَجُلٌ طَلَبَتْهُ امْرَأَةٌ ذَاتُ مَنْصِبٍ وَجَمَالٍ فَقَالَ إِنِّي أَخَافُ اللهَ، وَرَجُلٌ تَصَدَّقَ فَأَخْفَى حَتَّى لَا تَعْلَمَ شِمَالُهُ مَا تُنْفِقُ يَمِينُهُ، وَرَجُلٌ ذَكَرَ اللهَ خَالِيًا فَفَاضَتْ عَيْنَاهُ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا أبَا دَاوُدَ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo etti kishini O‘z soyasidan boshqa soya yo‘q Kunda soyasiga olur: odil imom, o‘z Robbisi ibodatida o‘sgan yosh, qalbi masjidlarga bog‘liq kishi, Alloh yo‘lida bir-birini yaxshi ko‘rib, Alloh uchun jam bo‘lib, Alloh uchun ajrashadigan ikki kishi, mansab va husn-jamol egasi bo‘lgan ayol o‘ziga chaqirganda «Men Allohdan qo‘rqaman» degan odam, sadaqani maxfiy qilib, hatto o‘ng qo‘li qilgan sadaqani chap qo‘li bilmay qolgan odam va xoli qolib, Allohni eslaganda ko‘zidan yosh oqqan odam», dedilar». Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan. Sharh: Allohning soyasidan o‘zga soya yo‘q Kun – Qiyomat kunidir. Qiyomat kunida issiq shiddatli bo‘lib, hamma o‘zi uchun soya izlab qoladi. O‘shanda Allohning soyasidan o‘zga soya bo‘lmaydi. Allohning soyasiga esa hamma ham o‘zini ololmaydi. U Zot O‘zi xohlagan bandalarinigina O‘z soyasiga olur. Ushbu hadisda ana shu dahshatli Qiyomat kunida Alloh O‘z soyasiga oladiganlardan etti toifaning zikri kelmoqda: «Odil imom». Namozda imom bo‘ladigan kishi imom deb atalishi hammaga ma’lum. Islomiy istilohda namozning imomligi «kichik imomlik» deyiladi. Islom davlati boshlig‘i esa «katta imomlik» hisoblanadi. O‘z navbatida Islom diynida imomning ham, hokimning ham adolatli bo‘lishi talab qilinadi. Ayniqsa hukmdorlar har bir ishda adolatli bo‘lishga targ‘ib etiladilar. Ushbu hadis ham ana shu targ‘iblardan bir namunadir. Unda adolat bilan hukm yuritgan musulmon hukmdor Qiyomat kuni, Allohning soyasidan boshqa soya bo‘lmagan paytda Alloh O‘z soyasiga oladigan baxtiyor kishilardan bo‘lishi ta’kidlanmoqda. Bu davlat boshlig‘idan tashqari, har bir musulmon jamoaga boshliq bo‘lgan shaxsga ham tegishlidir. Kishilar hayotida rahbarning tutgan o‘rni muhim ekanligi uchun ham odil imom etti toifa ichida birinchi bo‘lib zikr qilinmoqda. Hukmdor odil bo‘lsa, tabiiyki, jamiyatda zolimlar, jinoyatchilar, yomonlarga o‘rin qolmaydi. Imomi odil bo‘lgan jamiyatda tinchlik, omonlik, yaxshilik hukm suradi. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 12:04 | Savol-javoblar | 140 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar