Qalb to‘g‘risida

Assalomu alaykum! Eshitishimcha bir inson butun umr yaxshi amal qilib, so‘ngida ma’siyat ustida jon bersa, do‘zaxga tushar ekan. Shu haqida ko‘p o‘yladim va shu narsaga qattiq bog‘lanib qoldim. Keyinchalik takdirga ishonish kifoyaligi, unga qattiq bog‘lanish kerakmasligini bildim. Yo‘qsa iymondan adashtirar ekan. Men esa bog‘lanib shekilli, ya’ni nima qilsam ham baribir Allohni aytgani, taqdiri bo‘lishiga qattiq bog‘lanib qoldim. Namoz vaqti kirsa erinyapman, tahajjud namozini o‘qiy olmayapman. Buning davosi qanday?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo O‘zining roziligi uchun qilingan zarracha amalni ham qadrsiz qoldirmaydi. “Oli Imron” surasi 195-oyatida : فَاسْتَجَابَ لَهُمْ رَبُّهُمْ أَنِّي لاَ أُضِيعُ عَمَلَ عَامِلٍ مِّنكُم مِّن ذَكَرٍ أَوْ أُنثَى بَعْضُكُم مِّن بَعْضٍ «Men sizlardan erkagu ayol amal qiluvchining amalini zoe qilmasman», – demoqda. Chunki erkak ham, ayol ham Allohning bandalari, asllari bir. Erkaksiz ayol bo‘lmaydi, ayolsiz erkak bo‘lmaydi. Shuning uchun ham Alloh taolo: «...Ba’zingiz ba’zingizdansiz», – demoqda. “Yusuf” surasi 90-oyatida : إِنَّهُ مَن يَتَّقِ وَيِصْبِرْ فَإِنَّ اللّهَ لاَ يُضِيعُ أَجْرَ الْمُحْسِنِينَ۝ ...«Darhaqiqat, kim taqvo qilsa va sabr etsa, albatta, Alloh yaxshilik qiluvchilarning ajrini zoe qilmagay». Biz ham qo‘limizdan kelganicha taqvo va sabr qildiq oqibatda shu darajaga erishdik», – dedilar. “Hud” 115-oyatida : وَاصْبِرْ فَإِنَّ اللّهَ لاَ يُضِيعُ أَجْرَ الْمُحْسِنِينَ۝ Va sabr qil. Bas, albatta, Alloh yaxshilik qiluvchilarning ajrini zoe qilmas. Yaxshilikning turlari juda ham ko‘p. Eng oliy yaxshilik Allohning yo‘lida, Uning dinida mustaqim turishdir. Namoz ham yaxshiliq balki barcha yaxshiliklarning onasidir. Shuningdeq sabr qilish ham yaxshilik. Mo‘min banda har qanday yaxshilikni qilishga urinmog‘i lozim. Alloh yaxshilik qiluvchilarning ajrini zoe qilmaydi. “Kahf” 30-31-oyatlarida : إِنَّ الَّذِينَ آمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ إِنَّا لَا نُضِيعُ أَجْرَ مَنْ أَحْسَنَ عَمَلًا۝ Albatta, Biz iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarning, yaxshi amal qilganlarning ajrini zoe qilmasmiz. Bu dunyoda iymon keltirib, yaxshi amal qilganlar u dunyoda ajrlarini to‘liq oladilar. أُوْلَئِكَ لَهُمْ جَنَّاتُ عَدْنٍ تَجْرِي مِن تَحْتِهِمُ الْأَنْهَارُ يُحَلَّوْنَ فِيهَا مِنْ أَسَاوِرَ مِن ذَهَبٍ وَيَلْبَسُونَ ثِيَابًا خُضْرًا مِّن سُندُسٍ وَإِسْتَبْرَقٍ مُّتَّكِئِينَ فِيهَا عَلَى الْأَرَائِكِ نِعْمَ الثَّوَابُ وَحَسُنَتْ مُرْتَفَقًا۝ Ana o‘shalarga adn jannatlari bordir. Ostlaridan anhorlar oqib turadi. U erda oltindan bo‘lgan bilakuzuklar ila bezanurlar, sundus (yupqa ipak) va istabraq(qalin ipak)dan yashil liboslar kiyarlar. Ular u erda pardali baland so‘rilarda yonboshlagan holdalar. Naqadar yaxshi savob va naqadar yaxshi huzurlanish joyi! Bu dunyoda iymon keltirib, yaxshi amallarni qilib o‘tgan bandalarning u dunyodagi ajri jannatdir. «Ana o‘shalarga adn jannatlari bordir». «Adn» so‘zi «istiqomat» degan ma’noni bildiradi. Shuningdeq bu so‘z jannatga nom ham bo‘lib qolgan. U jannatlardagi daraxtlarning «Ostlaridan anhorlar oqib turadi». Kofirlar do‘zaxda bir tomchi suvga zor bo‘lib, yordam so‘rasalar ham, suv berilmasligiga qarama-qarshi holat, ya’ni jannatiylar chanqoq sezmasalar ham, ziynat uchun suv to‘la anhorlarning oqib turishi ajib bir manzarani ifoda etadi. Shuningdeq ularga boshqa xursandchiliklar ham beriladi. Jumladan, ahli jannatlar: «U erda oltindan bo‘lgan bilakuzuklar ila bezanurlar, sundus (yupqa ipak) va istabraq(qalin ipak)dan yashil liboslar kiyarlar». Ya’ni bu dunyoda o‘zlarini tiygan zebu ziynatlardan u dunyoda xohlaganlaricha berilishi ham ahli jannatlarga qanchalik ajrlar bo‘lishini ko‘rsatib turibdi. «Ular u erda pardali baland so‘rilarda yonboshlagan holdalar». Bu manzara ularning barkamol rohat-farog‘at olishlarini bildiradi. Ahli jannatlarga: «Naqadar yaxshi savob va naqadar yaxshi huzurlanish joyi!» Oxiratda mo‘minlar bilan kofirlar orasida shunday ulkan farq bo‘ladi. Mo‘minlar iymonlari va yaxshi amallarining ajri sifatida jannatda rohat-farog‘atga erishsalar, kofirlar kufrlari va isyonlari tufayli do‘zaxga tushib, yuqorida vasf qilinganideq azob-uqubatga yo‘liqadilar. Ularning bu holga tushishlarining yana bir sababi dunyo zebu ziynatlariga berilishlari, o‘sha zebu ziynatlarni deb, oxiratni unutishlaridir. (“Tafsiri Hilol” kitobidan). Oxirati barbod bo‘luvchilar ibodatda bardavom bo‘lsalarda shayton kabi qalbida kibr, hiqt-adovat kabi illatlarni saqlovchilar bo‘ladi. Siz yaxshi amallar bilan shu narsalarni yo‘qotishga harakat qilsangiz, yuqoridagi oyatlarning hukmi ostiga kirasiz. In shaa Alloh.  Vallohu a’lam!

26 May 2022, 12:34 | Savol-javoblar | 142 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar