Safardagi sunnat namozini o‘qish

Assalomu alaykum! Ustozlar, bir domla vazifa sifatida singlimizga savol beribdilar. Safardagi sunnat namozini o‘qish shartligi qaysi hadisda kelgan?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! “Safarda sunnatlarni o‘qish shart” degan gap yo‘q. Safarda sunnati muakkada namozlar muakkadaligidan tushib, oddiy nafllar qatorida bo‘lib qoladi.
Safarda rotiba sunnat namozlari haqida:  «Hanafiylar va shofe’iylar safarda nafl namozlarini ado qilish mustahab ekanini aytganlar». (Ya’ni bu erda sunnat namozlari to‘g‘risida gap ketyapti.) «Chunki bu sunnat namozlar farzlarni to‘ldiruvchi hisoblanadi». «To‘ldiruvchi» deyilganiga sabab shuki, farzda ba’zi bir nuqson bo‘lib qolsa, ushbu farzga qo‘shib o‘qiladigan sunnat namozi ana shu nuqsonni to‘ldirishga xizmat qiladi. Shuning uchun ularni safarda ham o‘qish kerak, deyiladi. «Safarda sunnat namozlarini o‘qishning ikkinchi bir hujjati shuki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu namozlarni barcha holatlarida va safarlarida o‘qiganlar. Hatto ba’zan ulovning ustida bo‘lsa ham o‘qiganlar». «Makkani fath qilish kuni zuho namozini o‘qiganlari, kechasi uxlab qolingan kundagi Bomdod namozining sunnatini qazo qilib bo‘lsa ham o‘qiganlari» va juda ko‘p hadislarda ommaviy ravishda bu sunnat namozlarini o‘qishga targ‘ib qilganlari ushbu namozlarning naqadar ahamiyatli ekanini ko‘rsatadi. Entsiklopediyaning sohiblari aytyaptiki: «Mana, borini aytib qo‘ydik, endi ish ana shu namozxonning o‘ziga havola qilinadi. Uning himmatiga va parhezkorligiga bog‘liq. Kim dinga himmatli bo‘lsa va parhezkor bo‘lsa, namozni o‘qiydi. Bu ikki sifatdan xoli bo‘lsa, sunnatini o‘qimay qo‘ysa, o‘zi biladi». Vallohu a’lam. Cavol: Albatta, dindagi har bir holat bo‘yicha, u hatto ixtilofli masala bo‘lsa ham, ko‘plab diniy adabiyotlar mavjud. Ularning ayrimlari ushbu mavzuga bag‘ishlab maxsus yozilgan bo‘lsa, ayrimlari esa bu mavzu atrofidagi ma’lumotlarni berishda ixtilofli masalaga ham alohida e’tibor qaratib o‘tadi. Ma’lumotlarga qaraganda, imom Burhonuddin Marg‘inoniyning «Hidoya» kitobida ham shu xususda dalillar keltirilgan ekan. Hozir shu haqda so‘zlansa, yaxshi bo‘lar edi. JAVOB: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Imom Burhonuddin Marg‘inoniyning mashhur «Hidoya» kitobi juda ko‘p kishilar tomonidan sharh qilingan. Ana shu sharhlarning bittasi «Al-Inoya sharhul Hidoya» deb ataladi. Ya’ni «Hidoya»ning «Inoya» degan bir sharhi. Mazkur kitobda musannif quyidagilarni aytadi: «Eng avvalo, yaxshi, marg‘ub ish shuki, farzlarga qo‘shib o‘qiladigan sunnat namozlarni barcha holatlarda ham tark qilmaslik kerak». Ya’ni «namozni jamoat bilan o‘qisa ham sunnatni o‘qisin, yolg‘iz o‘qisa ham sunnatni o‘qisin, muqim holida uyida turganda ham o‘qisin, safarda bo‘lganida ham o‘qisin». Xuddi shu ishni xulafoi roshidin – mashhur to‘rt roshid xalifa qilishgan, katta sahobalar, tobe’inlar qilishgan. «Yolg‘iz namoz o‘qigan inson savobini ko‘paytirish uchun o‘sha sunnat namozlarni o‘qishga hojatmanddir». Endi hozirgi kundagi eng mashhur kitoblardan biri «E’lous-sunan» kitobini olib ko‘raylik. Bu kitobning sohibi Zafar Ahmad Usmoniy rahmatullohi alayhi hanafiy mazhabi ustidan tanqidlar ko‘payganda, «Bu mazhabning gaplari dalilsiz, hadisga suyanmagan, fikrga suyangan narsa kabidir», degan bo‘hton-tuhmatlarga raddiya qilish uchun katta bir ilmiy jasorat ko‘rsatib, fiqh boblarining hammasida hanafiy mazhabining barcha hukmlariga oyat va hadislardan dalillarni to‘plab keltirgan buyuk olim hisoblanadilar. Mana shu kitob tarqalganidan keyin hanafiy mazhabiga osiladigan kishilar jim bo‘lib qolganlari hammaga ma’lum. Ana shu ulug‘ kitobning 7-juzi, 288-betida «Safarda tatovvu’, ya’ni farz bo‘lmagan namozlarni – nafl, sunnat namozlarini o‘qish to‘g‘risidagi bob»ni keltirganlar. O‘sha bobda birinchi bo‘lib imom Termiziy Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadis keltiriladi. عَنِ الْبَرَاءِ بْنِ عَازِبٍ  رَضِي اللهُ عَنْهُ، قَالَ: صَحِبْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم ثَمَانِيَةَ عَشَرَ سَفَرًا، فَمَا رَأَيْتُهُ تَرَكَ الرَّكْعَتَيْنِ إِذَا زَاغَتِ الشَّمْسُ قَبْلَ الظُّهْرِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ Baro ibn Ozib roziyallohu anhdan rivoyat qilinadi: 
«Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan o‘n sakkiz marta safar qildim. Ana shu safarim davomida u zotning quyosh qiyomdan oqqandan keyin, peshinning farzini o‘qishdan oldin ikki rak’at sunnat o‘qishni biror marta tark qilganlarini ko‘rmadim». 
Termiziy rivoyat qilgan. 
Imom Termiziy keltirgan bu hadisni imom Buxoriy «juda yaxshi» deganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga o‘n sakkiz marta safar qilgan sahobiy ushbu rivoyatni qilib tursa, endi kim yana «Safarda sunnat namoz o‘qish gunoh bo‘ladi, safarda sunnatni tark qilmaslik gunoh bo‘ladi, safarda sunnatni tark qilish sunnatdir», deyishi mumkin? Yuqorida Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuning «Agar safarda sunnatni o‘qiydigan bo‘lsam, farzni to‘liq qilib o‘qir edim», deganlarini aytib o‘tgan edik. Endi xuddi o‘sha zot – Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan imom Termiziy yana rivoyat keltiradilar. عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: صَلَّيْتُ مَعَ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم فِي الْحَضَرِ وَالسَّفَرِ، فَصَلَّيْتُ مَعَهُ فِي الْحَضَرِ الظُّهْرَ أَرْبَعًا، وَبَعْدَهَا رَكْعَتَيْنِ، وَصَلَّيْتُ مَعَهُ فِي السَّفَرِ الظُّهْرَ رَكْعَتَيْنِ، وَبَعْدَهَا رَكْعَتَيْنِ، وَالْعَصْرَ رَكْعَتَيْنِ، وَلَمْ يُصَلِّ بَعْدَهَا شَيْئًا، وَالْمَغْرِبَ فِي الْحَضَرِ وَالسَّفَرِ سَوَاءً ثَلَاثَ رَكَعَاتٍ لَا تَنْقُصُ فِي الْحَضَرِ وَلَا فِي السَّفَرِ، هِيَ وِتْرُ النَّهَارِ، وَبَعْدَهَا رَكْعَتَيْنِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan hazarda (ya’ni muqimlikda) va safarda namoz o‘qidim, bas, u zot bilan men hazarda peshinni to‘rt rak’at o‘qib, ketidan ikki rak’at sunnat o‘qidik», «safarda esa peshinning farzini ikki rak’at o‘qib, orqasidan ikki rak’at sunnat o‘qidik, asrning ikki rak’at farzini o‘qidik, undan keyin u zot biror narsa o‘qimadilar, mag‘ribning hazarda ham, safarda ham uch rak’atdan (farzini) o‘qidik. Bu safarda ham, hazarda ham qisqarmaydi, mag‘rib – shom namozi kunduzning vitri hisoblanadi va o‘sha shom namozidan keyin yana ikki rak’at (sunnat) o‘qidik». 
Termiziy rivoyat qilgan. 
E’tibor qiling-a, sahobiy Ibn Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning safarda ham sunnat o‘qiganlarini nomma-nom aytib beryaptilar. Yana boshqa joyda: «Agar safarda sunnatni o‘qiydigan bo‘lsam, farzni tugal o‘qigan bo‘lar edim», deyaptilar. Bu gapni ulamolarimiz ta’vil qilgan bo‘lib, bu ta’vil «E’lous-Sunan» kitobida ham yozib qo‘yilgan. Unda: «safarda sunnatni o‘qimaslik to‘g‘risidagi gap shoshib turgan, yurib turgan kishiga nisbatan joriy qilinadi». «Ushbu bobda kelayotgan Ibn Umar roziyallohu anhuning hadislari esa o‘rnashib olgandagi, xotirjam bo‘lgandagi holga ta’vil qilinadi», deyiladi. O‘sha Ibn Umar roziyallohu anhuning hadislari davomida imom Tahoviy: «Xuftonning farzini ikki rak’at o‘qib, undan keyin ikki rak’at sunnat o‘qidilar», degan gapni ham keltirgan ekanlar. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ  رَضِي اللهُ عَنْهُ؛ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: «لَا تَدَعُوا رَكْعَتَيِ الْفَجْرِ، وَإِنْ طَرَدَتْكُمُ الْخَيْلُ». رَوَاهُ أَحْمَدُ وَأَبُو دَاوُدَ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bomdodning ikki rak’at sunnatini agar ustingizga otliqlar bostirib kelayotgan bo‘lsa ham qoldirmanglar», dedilar».
Ahmad va Abu Dovud rivoyat qilishgan. 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deb tursalar, kim endi jur’at qilib: «Safarda sunnatni o‘qisa, gunoh bo‘ladi», deyishi mumkin va kim jur’at qilib: «Safarda sunnatni tark qilish sunnatdir», deya oladi? Amr ibn Roziya roziyallohu anhudan imom Buxoriy va imom Muslim quyidagi hadisni rivoyat qilgan ekanlar. U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «safarda mingan markablarining ustida sunnat namozini o‘qib ketayotganlarini» ko‘rgan ekanlar. Hozirgi zamonda chiqqan kitoblardan yana birini qo‘lga olamiz. U bugungi kunning eng mashhur kitoblaridan biri, doktor Vahba Zuhayliyning «Al fiqhul Islamiyyu va adillatuhu» degan kitobidir. Ana shu kitobda alohida bir sarlavha ostida «Safarda sunnat namozlarini o‘qish to‘g‘risida» fikr yuritilgan. Bu bobda jumladan shunday deyiladi: «Navaviy aytadilarki, «Faqih olimlar safarda nafl namozlarini mutlaq o‘qish mustahabdir», deb ittifoq qilishgan. «Sunnat namozlarining, ya’ni farzlarga qo‘shib o‘qiladigan rotiba sunnat namozlarining mustahab ekanligida» ixtilof qildilar. Ibn Umar va boshqalar uni tark qilganlar va o‘sha sunnat namozlarini o‘qishni Shofe’iy, u kishining ashoblari va jumhur ulamolar «mustahab» deyishgan. Ularning dalili birinchidan, quyidagilardan iborat ekan: «Sunnat namozlarning, farzga qo‘shib o‘qiladigan rotiba sunnat namozlarning targ‘ibi juda ko‘p hadislarda kelgan». «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkani fath qilgan kunlari zuho namozini o‘qiganlari to‘g‘risidagi hadis ham bir dalil, bomdodning ikki rak’at sunnatini o‘qiganlari ham bir dalil». Ikkinchidan, «mutlaq navofillarni o‘qishga ruxsat bor». Ana shu nofila namozlarini o‘qishga ruxsat bo‘lganidan keyin, nima uchun endi «rotib», ya’ni lozim bo‘lgan namozlarni o‘qishga ruxsat bo‘lmas ekan, degan xulosa kelib chiqadi. Yuqorida zikr etilgan kitoblarda aytib o‘tilgan gaplarni, keltirilgan dalillarni umumlashtirib, xulosa yasaydigan bo‘lsak, Ahli sunna val jamoa mazhabining deyarli barcha imomlari – hanafiysi ham, shofe’iysi ham, hanbaliysi yoki molikiysi ham safarda rotiba sunnat namozlarini o‘qish afzalligini alohida ta’kidlaganlar. Bu ish shunchaki joiz narsa emas, balki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning doimiy odatlari – ta’kidlangan sunnatlari ekanini hujjat-dalillar yordamida isbotlab berganlar. Bas, ushbu masalada ixtilof chiqarish o‘z Rasulini sevuvchi, ul zoti bobarakotning shafoatlaridan umid qiluvchi biron-bir musulmon uchun joiz emas. Endi kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shafoatlarini istamasa, ixtiyor o‘zida. Ammo kitoblarimizda shuncha ma’lumotlar bo‘la turib, boshqa bir gapni chiqarish nima uchun kerak bo‘lganini tushuna olmay hayron bo‘lamiz. Ehtimol, o‘sha gaplarni aytayotgan zotlar ba’zi bir xujjatlarga, dalillarga, kitoblarga suyanib, hanafiy mazhabining yoki qadimgi fuqaholarning adashganini, hozirgilari ham noto‘g‘ri yo‘lda ekanini isbot qilgan bo‘lishlari mumkin. Unday bo‘lsa, ana shu tushunchalarini, bahslari natijasini, ilmiy izlanishlari xulosasini xalqqa ochiq-oydin aytishlari kerak. «Mana, «Inoya sharhi Hidoya»da bunday gap aytilibdi, lekin bu noto‘g‘ri, chunki falon narsaga to‘g‘ri kelmaydi», desinlar. «Islom fiqhi entsiklopediyasidagi gaplar noto‘g‘ri ekanini mana bunday qilib isbotlab beramiz», desinlar. Boshqa mazhablarning kitoblari bo‘lmish «Majmu’ sharhul muhazzab», «Tuhfatul muhtaj fiy sharhil minhoj», «Mu’nil muhtaj» kabi kitoblarda «Safarda sunnat namozni o‘qisa bo‘ladi», deyilibdi, ularning xatosi bunday», desinlar. «Imom Saraxsiy «Mabsut»da: «Safarda sunnatni o‘qish yaxshi, afzal», debdilar, u kishining xatosi mana bu erda», deb uni ko‘rsatib bersinlar. Yoki «Imom Kosoniy «Badoi’us-sanoi’ fiy tartibish-sharoi’»da: «Sunnatni safarda o‘qisa bo‘ladi», debdilar, u kishining xatolari falon erda», deb uni ham ko‘rsatib bersinlar. Yoki «Al Bahrur-roiq sharhi kanzid-daqoiq» kitobida mana shu narsalarni aytib, bayon qilib beribdi, «Sunnatni o‘qisa bo‘ladi», debdi, bu ham xato, bu ham gunoh, buning dalili mana bu», deb uni aytib bersinlar. Yoki hozirgi kunda yashab turgan ulamolarimizdan Vahba Zuhayliy janoblarining huzurlariga borib, «Nimaga «Al fiqhul Islamiyyu va adillatuhu» degan kitobingizda «Safarda sunnat namozlarini o‘qish mustahabdir», deb keltirdingiz, bu xato-ku», deb tushuntirsinlar yoki «E’lous-sunan» kitobida kelgan dalillar, hadislar ham, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amallari ham noto‘g‘ri ekanini tushuntirib bersinlar. Agar ularning gapi xaq bo‘lsa, dalillari, hujjatlari kuchli bo‘lsa, hammamiz gaplariga ko‘namiz. Bu kitoblarning xatosini tushuntirib berishsa, haq bo‘lsalar, qabul qilamiz, oradagi ixtilof ko‘tariladi, bo‘lgan-bo‘lmagan gapni gapirib yurishni yig‘ishtirgan bo‘lamiz, ixtiloflarga chek qo‘ygan bo‘lamiz. Alloh subhanahu va taolo barchalarimizni O‘zi hidoyatga boshlasin, ixtilofdan, tortishuvdan, asossiz, dalilsiz, hujjatsiz gaplardan saqlasin, hammalarimizning ham ahil-inoq bo‘lib, ibodatlarimizni to‘g‘ri ado etib borishimizni nasib qilgan bo‘lsin. (“Ixtiloflar, sabablar, echimlar” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 12:36 | Savol-javoblar | 232 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar