Ayol kishi bilan maslahatlashish

Assalomu alaykum! Er kishi oila, ro‘zg‘or ishlaridan tashqari e’tiborli katta ishlarni ayoli bilan maslahatlashmasligi to‘g‘risida shariatda ko‘rsatma bormi? (Katta ishlar ayoli tinchini buzishi mumkin, ular noto‘g‘ri ko‘rsatma berishi mumkin va hokazo).
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! “Ayollarga maslahat solib, uni teskarisini qilingan” deyilgan hadis o‘ta zaifdir. Ba’zilar uni to‘qima ham deganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga birinchi vahiy nozil bo‘lganida u zotni tasdiq qilgan, qalbiga tasalliy bergan va eng nozik maslahatni bergan zot ham ayol kishi bo‘ladi. “...So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam elkalari titragan holda ular (oyatlar) bilan qaytib kelib, Xadija bint Xuvaylid roziyallohu anhoning oldiga kirdilar-da: «Meni o‘rab qo‘yinglar! Meni o‘rab qo‘yinglar!» dedilar. U zotni o‘rab qo‘yishdi. Qo‘rqinchlari ketgach, Xadijaga: «Ey Xadija, menga nima bo‘ldi ekan?! O‘zimdan xavotirlanib qoldim», dedilar va bor xabarni aytib berdilar. Xadija shunday dedi: «Yo‘q, xushnud bo‘ling! Allohga qasamki, Alloh sizni aslo sharmanda qilmaydi. Allohga qasamki, siz silai rahm qilasiz, rost so‘zlaysiz, og‘irni engil qilasiz, yo‘qsillarni qo‘llaysiz, mehmonga mehmonnavozlik ko‘rsatasiz, haq yo‘lda boshga tushgan kulfatlarda yordam berasiz». So‘ngra Xadija u zot bilan yo‘lga tushib, Varaqa ibn Navfalning oldiga boshlab bordi. U Xadijaning amakisi, otasining ukasining o‘g‘li edi. Johiliyat davrida nasroniylikni qabul qilgan kishi edi. Arabcha yoza olar, Injildan Alloh xohlaganicha ibroniycha yozardi. U qartayib qolgan chol bo‘lib, ko‘zi ko‘rmay qolgan edi. Xadija: «Ey amakivachcham! Birodaringizning o‘g‘liga quloq soling!» dedi. Varaqa: «Ey birodarimning o‘g‘li, nimani ko‘ryapsan?» dedi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga ko‘rganlarini aytib berdilar. Varaqa: «Bu Musoga nozil qilingan Nomusdir...* Qaniydi o‘shanda navqiron bo‘lsam! Qaniydi o‘shanda tirik bo‘lsam!» dedi. Yana bir gap aytdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ular meni haydab ham chiqarishadimi?» dedilar. Varaqa: «Ha, sen olib kelgan narsani keltirgan kishi borki, unga aziyat etkazilgan. O‘sha kuninggacha tirik bo‘lsam, senga katta yordam beraman», dedi...” Ummat jar yoqasida turganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam onalarimizga maslahat solganlar va ko‘rsatmalari tufayli ummat halokatdan omonda qolgan.
«...فَلَمَّا فَرَغَ مِنْ قَضِيَّةِ الْكِتَابِ قَالَ رَسُولُ اللهِ  صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم لِأَصْحَابِهِ: «قُومُوا فَانْحَرُوا، ثُمَّ احْلِقُوا». قَالَ: فَوَاللهِ مَا قَامَ مِنْهُمْ رَجُلٌ حَتَّى قَالَ ذَلِكَ ثَلَاثَ مَرَّاتٍ، فَلَمَّا لَمْ يَقُمْ مِنْهُمْ أَحَدٌ دَخَلَ عَلَى أُمِّ سَلَمَةَ، فَذَكَرَ لَهَا مَا لَقِيَ مِنَ النَّاسِ. فَقَالَتْ أُمُّ سَلَمَةَ: يَا نَبِيَّ اللهِ، أَتُحِبُّ ذَلِكَ؟ اخْرُجْ ثُمَّ لَا تُكَلِّمْ أَحَدًا مِنْهُمْ كَلِمَةً حَتَّى تَنْحَرَ بُدْنَكَ، وَتَدْعُوَ حَالِقَكَ فَيَحْلِقَكَ. فَخَرَجَ فَلَمْ يُكَلِّمْ أَحَدًا مِنْهُمْ، حَتَّى فَعَلَ ذَلِكَ نَحَرَ بُدْنَهُ، وَدَعَا حَالِقَهُ فَحَلَقَهُ. فَلَمَّا رَأَوْا ذَلِكَ، قَامُوا فَنَحَرُوا، وَجَعَلَ بَعْضُهُمْ يَحْلِقُ بَعْضًا، حَتَّى كَادَ بَعْضُهُمْ يَقْتُلُ بَعْضًا غَمًّا... »

“...Shartnoma masalasidan forig‘ bo‘lgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z ashoblariga: «Turinglar, qurbonliklarni so‘yib, keyin sochlaringni oldiringlar», dedilar. Allohga qasamki, ulardan birortasi ham o‘rnidan turmadi. Hatto u zot buni uch marta qaytardilar. Ularning hech biri turmagach, Ummu Salamaning huzuriga kirdilar va o‘zlariga odamlardan etgan narsani unga aytdilar. Shunda Ummu Salama: «Ey Allohning Nabiysi, siz shuni istayapsizmi? Chiqib, badanalaringizni so‘yib, sartaroshingizni chaqirib, sochingizni oldirmaguningizcha ularning hech biriga biror kalima ham gapirmang», dedi. U zot chiqib, to o‘sha narsalarni bajargunlaricha ularning hech biriga gapirmadilar. Qurbonliklarini so‘ydilar. Sartaroshlarini chaqirdilar. (Sartarosh) u zotning sochlarini oldi. (Sahobalar) buni ko‘rgach, turib, qurbonliklarini so‘yishdi va bir-birlarining sochlarini ola boshlashdi. Ular (buyruqni darhol bajarmaganlari uchun) alamdan bir-birlarini o‘ldirib qo‘yay deyishardi...”.  (“Oltin silsila” kitobidan Sahihul Buxoriy). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 12:43 | Savol-javoblar | 166 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar