Mazax qilish

Assalomu alaykum! Islom dinidan boshqa dinni  mazax qilishga qanday qaraladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Oli Imron” surasi 19-oyatida marhamat qiladi : إِنَّ الدِّينَ عِندَ اللّهِ الإِسْلاَمُ وَمَا اخْتَلَفَ الَّذِينَ أُوْتُواْ الْكِتَابَ إِلاَّ مِن بَعْدِ مَا جَاءهُمُ الْعِلْمُ بَغْيًا بَيْنَهُمْ وَمَن يَكْفُرْ بِآيَاتِ اللّهِ فَإِنَّ اللّهِ سَرِيعُ الْحِسَابِ۝ Albatta, Allohning huzuridagi din Islomdir. Kitob berilganlar faqat ularga ilm kelganidan so‘ng o‘zaro zulmu hasad qilibgina ixtilof qildilar. Kim Allohning oyatlariga kufr keltirsa, bas, albatta, Alloh o‘ta tez hisob qiluvchidir. Ibodatga sazovorlik yagona Zotga xos bo‘lganidan keyin din yuritish ham yagona Zotning ishi bo‘lishi kerak-da. O‘sha Zotga sig‘inish, Uning amrlariga bo‘ysunib, aytganlarini qilib yashash uslubi ham bir xil bo‘lishi kerak. Shu boisdan: «Albatta, Allohning huzuridagi din Islomdir». Allohning huzurida Islomdan boshqa din yo‘q. Yahudiy, nasroniy, buddiy yoki yana boshqa har xil dinlar Allohning huzurida e’tiborini yo‘qotgan dinlardir. Ularga e’tiqod va amal qilganlar behuda yuribdilar. Dunyoda Alloh yagona bo‘lganidan keyin aqiyda ham yagona bo‘lishi kerak. U Islom aqiydasidir. Dunyoda Alloh yagona bo‘lganidan keyin shariat ham yagona bo‘lishi kerak. U Islom shariatidir. Dunyoda Alloh yagona bo‘lganidan keyin din ham yagona bo‘lishi kerak. U Islom dinidir. Islom bandalarning faqat Allohga to‘liq bo‘ysunishidir. Islom bandalarning faqat Alloh taologa to‘liq ibodat qilishidir. Islom bandalarning faqat Alloh taolo ko‘rsatgan yo‘ldan yurishidir. Islom bandalarning faqat Alloh taoloni ibodatga sazovor yagona Zot deb tan olishidir. Islom bandalarning faqat Alloh taoloni o‘zlari ustidan yagona qoim turuvchi deb tan olishlaridir. Musulmonlardan boshqalar bu haqiqatni tushunib etmaydilar, ixtilof qiladilar. Shunday bo‘lsada Islom shariati befoyda ishlarni qilishdan qaytaradi. Qolaversa, Alloh taolo quyidagi oyatida : وَلاَ تَسُبُّواْ الَّذِينَ يَدْعُونَ مِن دُونِ اللّهِ فَيَسُبُّواْ اللّهَ عَدْوًا بِغَيْرِ عِلْمٍ كَذَلِكَ زَيَّنَّا لِكُلِّ أُمَّةٍ عَمَلَهُمْ ثُمَّ إِلَى رَبِّهِم مَّرْجِعُهُمْ فَيُنَبِّئُهُم بِمَا كَانُواْ يَعْمَلُونَ۝ Ularning Allohdan o‘zga ibodat qiladiganlarini so‘k¬mangizki, bilmasdan, tajovuz ila Allohni so‘kib yurmasinlar. Har bir ummatga o‘z amalini ana shunday chiroyli qilib ko‘rsatib qo‘ydik. So‘ngra esa qaytishlari faqat Robblarigadir. Bas, U qilib yurgan amallarining xabarini berur. deb marhamat qilgan. Mushriklar Allohni qo‘yib, sanam va butlarga ibodat qiladilar. Ushbu oyati karimada mushriklarning o‘sha butlarini haqorat qilmaslik buyurilmoqda. «Ularning Allohdan o‘zga ibodat qiladiganlarini so‘kmangizki...» Ularning butlarini so‘kishdan qaytarishning asosiy sababi oyatning o‘zidan anglashilyapti: «...bilmasdan tajovuz ila Allohni so‘kib yurmasinlar». Ya’ni musulmon kishi mushrikning sanamini so‘ksa, bundan g‘azablangan mushrik ham unga javoban Alloh subhanahu va taoloni tahqirlashi mumkin. Bu turgan gap. Chunki: «Har bir ummatga o‘z amalini ana shunday chiroyli qilib ko‘rsatib qo‘ydik». Insonning tabiati shunday. Qilayotgan amallari uning o‘ziga go‘zal va ziynatli ko‘rinaveradi. Hatto butun insoniyat qabohat deb ittifoq qilgan ishni maqtashga so‘z topadi. Shuningdek, mushriklarga ham o‘z shirklari juda ham ziynatli bo‘lib tuyuladi. Ana shu e’tibordan ularning butlari haqoratlangan chog‘da g‘azablanishlari mumkin. Musulmon odam odobli bo‘lgani uchun ham bu ishni qilmasligi kerak. Allohga havola qilib qo‘yaversa, u yog‘ini Allohning O‘zi biladi. (“Tafsiri Hilol” kitobidan “An’om surasi”). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 13:05 | Savol-javoblar | 136 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar