Sunnatga azon aytish

Assalomu alaykum! Ba’zan bomdodda adashib ikki rak’at sunnatdan oldin azon aytib qo‘yaman. Bunda sunnatni o‘qib bo‘lganimdan so‘ng yana yangitdan farziga azon aytishim kerakmi, yoki sunnatdan oldin azon aytganim kifoyami? Peshinda ham adashsam bir marta aytganim etadimi, yoki yangitdan aytishim kerakmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Faqat farz va juma namozlariga vaqtida azon aytish sunnatdir. Azon erkak kishilar uchun sunnati muakkadadir. عَنْ مَالِكِ بْنِ الْحُوَيْرِثِ  قَالَ أَتَيْتُ النَّبِيَّ  أَنَا وَصَاحِبٌ لِي فَلَمَّا أَرَدْنَا الْإِقْفَالَ مِنْ عِنْدِهِ قَالَ لَنَا إِذَا حَضَرَتِ الصَّلَاةُ فَأَذِّنَا ثُمَّ أَقِيمَا، وَلْيَؤُمَّكُمَا أَكْبَرُكُمَا رَوَاهُ الثَّلَاثَةُ وَلِأَبِي دَاوُدَ لِيُؤَذِّنْ لَكُمْ خِيَارُكُمْ، وَلْيَؤُمَّكُمْ قُرَّاؤُكُمْ Molik ibn al-Huvayris roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir og‘aynim bilan bordik. Ul zotning huzurlaridan turib, jo‘namoqchi bo‘lganimizda bizga: «Namoz vaqti kirsa, azon aytinglar, so‘ngra iqoma aytinglar, ikkingizdan kattangiz imom bo‘lsin», dedilar». Uchovlari rivoyat qilishgan. Abu Dovudning rivoyatida: «Yaxshilaringiz azon aytsin, ahli Qur’onlaringiz imom bo‘lsin», deyilgan. Ikki iyd, vitr, janoza, taroveh, kusuf, xusuf va sunnat namozlarga azon aytilmaydi. Jobir ibn Samuradan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan bir va ikki martadan ko‘p ikki iyd namozini o‘qidim. Azon va iqomasiz». Imom Muslim rivoyat qilgan. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida quyosh tutildi. Bir odamni yuborib, «Jamoat namoziga!» deb jar chaqirtirdilar». Imom Muslim rivoyat qilgan. Agar azon vaqtidan oldin aytilgan bo‘lsa, qayta aytiladi. Namozning vaqti kirmay turib azon aytish haromdir, chunki azon vaqt kirganini bildirish uchun aytiladi. Vaqtidan oldin aytilgan azon esa aldamchilik va jaholatdir. Shuning uchun azon vaqtidan oldin aytilsa, vaqt kirgandan keyin qaytadan aytiladi.("Kifoya" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 13:17 | Savol-javoblar | 148 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar