Duoda shu dunyo yaxshiliklarini so‘rash

Assalomu alaykum! Duoda ikki dunyo saodatini so‘rash afzalligi ma’lum. Shuning bilan ba’zilar doim faqat shu dunyo yaxshiliklarini so‘rab bo‘lmaydi deyishmoqda. Qanday hollarda faqat shu dunyo yaxshiliklarini so‘rab duo qilish mumkin emas?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Baqara” surasida marhamat qiladi: فَإِذَا قَضَيْتُم مَّنَاسِكَكُمْ فَاذْكُرُواْ اللّهَ كَذِكْرِكُمْ آبَاءكُمْ أَوْ أَشَدَّ ذِكْرًا فَمِنَ النَّاسِ مَن يَقُولُ رَبَّنَا آتِنَا فِي الدُّنْيَا وَمَا لَهُ فِي الآخِرَةِ مِنْ خَلاَقٍ۝ 200. Ibodatlaringizni tugatganingizda Allohni otalaringizni eslagandek, balki undan ham kuchliroq zikr qiling. Odamlardan ba’zilari: «Robbimiz, bizga bu dunyoda bergin», – deydir va oxiratda unga nasiba yo‘qdir. Ota-bobolarining qilgan ishlari bilan faxrlanish, maqtanish bekorchi, qo‘lidan bir ish kelmaydiganlarning ishidir. Islom dini esa musulmonlar elkasiga butun dunyo baxti uchun kurashish mas’uliyatini yuklagan. Shuning uchun ham, haj ibodatlarini ado etib bo‘lgandan so‘ng ota-bobolarni emas, ularga bunday ulkan mas’uliyatni yuklagan Alloh taoloni eslash va Undan yordam, yaxshiliklarni so‘rashga amr bo‘lmoqda: «Ibodatlaringizni tugatganingizda Allohni otalaringizni eslagandek, balki undan ham kuchliroq zikr qiling». Allohni eslagan odam albatta Undan biror narsa so‘raydi. Lekin so‘rash har xil bo‘ladi: «Odamlardan ba’zilari: «Robbimiz, bizga bu dunyoda bergin», – deydir». Ya’ni faqat bu dunyoning narsalarini so‘raydi. Jumladan, hajga kelgan qavmlardan ba’zilari: «Allohim, bu yilni yomg‘irli qilgin, yaxshi bolalar tug‘iladigan yil qilgin», – deb duo qilar ekanlar. Alloh taolo unday kishilarning ishlari noto‘g‘ri ekanini bayon qilib: «...va oxiratda unga nasiba yo‘qdir», – deydi. Keyingi oyatda esa hajda Allohni zikr etgandan keyin qilinadigan duoni o‘rgatadi: وِمِنْهُم مَّن يَقُولُ رَبَّنَا آتِنَا فِي الدُّنْيَا حَسَنَةً وَفِي الآخِرَةِ حَسَنَةً وَقِنَا عَذَابَ النَّارِ۝ 201. Va ulardan ba’zilari: «Robbimiz, bizga dunyoda ham yaxshilik, oxiratda ham yaxshilik bergin va bizni olov azobidan saqlagin», – deydir. Bu duo musulmonlarning duosidir. Ular Alloh taolodan ikki dunyoning yaxshiligini so‘raydilar. Chunki Islom dini ikki dunyoning obodligiga chaqiradi. Dinsizu xudosizlarga o‘xshab, faqat bu dunyoning hoy-havasini so‘ramaydilar. Yoki ba’zi toifalarga o‘xshab, faqat oxiratni o‘ylab, bu dunyoni esdan chiqarmaydilar. Bu duoda yuksak odob ham yorqin ko‘rinib turibdi. So‘raladigan narsani tayin qilib, nomini aytmasdan, umumiy qilib «yaxshilik» deb aytilmoqda. «Yaxshilik»ning nimaligini Alloh taoloning O‘zi yaxshi biladi. Imom ibn Kasir: «Ushbu duo dunyodagi barcha yaxshiliklarni o‘zida jamlab, yomonliklarni chetlatgan», – deganlar. Ibn Murdavayh Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Baytullohning burchagidan har o‘tganimda, «Omin» deb turgan farishtani ko‘rdim. Uning yonidan o‘tsangiz, «Robbana atina fiddunya hasanatan va fil oxiroti hasanatan va qiyna azabannaar»ni o‘qinglar», – deganlar. Bu duo Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissolatu vassalomning ko‘p qiladigan duolari edi. Ibn Abi Hotim Abu Tolutdan qilgan rivoyatda aytiladi: «Anas ibn Molik huzurida edik. Sobit u kishiga: – Birodarlaringiz duo qilishingizni so‘rashyapti, – dedi. Anas ibn Molik «Robbana atina...»ni o‘qidilar. Bir muddat gaplashib o‘tirdilar. Turmoqchi bo‘lishganda: – Ey Abu Hamza, birodarlaringiz turishmoqchi, ularni bir duo qilsangiz, – dedi. Shunda Anas ibn Molik: – Sizlarga ishlarni maydalab berishimni xohlaysizmi?! Agar Alloh sizga bu dunyo va oxiratning yaxshiligini berib, do‘zaxning azobidan saqlasa, yaxshilikning hammasini bergan bo‘ladi-ku, – dedi». أُولَئِكَ لَهُمْ نَصِيبٌ مِّمَّا كَسَبُواْ وَاللّهُ سَرِيعُ الْحِسَابِ۝ 202. Ana o‘shalarga qilgan kasblaridan nasiba bor. Va Alloh tez hisob qiluvchidir.(“Tafsiri Hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 13:29 | Savol-javoblar | 135 | Duolar
|
Boshqa savol-javoblar