Nega namozni boshqacha o‘qiydi?

Assalomu alaykum! Men Koreyaga o‘qishga keldim. Masjidda namozni bizning mazhabga o‘xshab o‘qishmayapdi. Bu erdagi yurtdoshlardan so‘rasam, “musofir odam qaerga borsa, shu yurtnikidek qilib o‘qiydi” deyishdi. Misol uchun “Fotiha” surasidan so‘ng “omin”ni biz ichimizda aytamiz, ular baralla ovoz bilan aytishar ekan. Yana quloq qoqilganda farq bor ekan. Qanday yo‘l tutay? Imomga iqtido qilib o‘zimiz o‘qiganday o‘qiymi yoki ulardaymi?

2). Vitr namozini jamoat bilan o‘qiymi? Bunda ham juda ko‘p farq bor ekan.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! 1). Siz o‘z mazhabingizda mustahkam bo‘ling. “Bir mazhabdagi kishi boshqa mazhabdagi kishiga iqtido qilish joizmi?” degan savolga esa, ulamolarimizning barchalari “Joiz” deb javob berganlar. Shuning uchun Harami sharifda barcha mazhab kishilari hanbaliy mazhabidagi imomga iqtido qilishadi.2). Vitr namozida ham iqtido qilishingiz joiz.VITR NAMOZIDA HANAFIY MAZHABIDAGI KIShI HARAM IMOMIGA IQTIDO QILIShI  Hanafiy mazhabiga binoan vitr namozini uch rak’ati bir salom bilan o‘qilishi lozim. Ikkinchi rak’atda salom berish joiz emas. Uch mazhab imomlari nazdida esa, avval vitr namozini ikki rak’atini o‘qib, so‘ng yana boshqa salom bilan bir rak’atini ado qilish sunnat. Rivoyat va dalillar ikki tomonda ham mavjud. Hanafiy mazhabining rojih va fatvo berilgan qavliga muvofiq hanafi mazhabidagi kishi vitr namozini ikki salom bilan o‘qiydigan kishi ortidan turib, vitr namozini o‘qisa, o‘qigan vitr namozi durust bo‘lmaydi. Lekin, hanafiy mazhabining to‘rtinchi tabaqasidan bo‘lgan Imom Abu Bakr Roziy al-Jassos (vaf. 370/) va Ibn Vahbon rahmatullohi alayhlar: “Vitrni ikki salom bilan o‘qiydigan imom ortida turib, hanafiy mazhabidagi kishi vitrni o‘qisa, vitri durust bo‘ladi” deganlar. Shu bois bu masala, mujtahadun fih bo‘lgan masalalar sirasiga kiradi.
Ramazon oyida Masjidi haram bilan Masjidi Nabaviyda vitr namozi doimo ikki salom bilan o‘qiladi. Tarovih namozidan keyin vitr namozini u erda jamoat bilan o‘qish hanafiy mazhabidagi kishilarga qiyinchilik tug‘diradi. Bunday vaziyatdan Masjidi haramda tavof qilishga kirishib ketish bilan chiqib ketsa bo‘ladi. Lekin, Masjidi Nabaviyda esa, bunday imkoniyat mavjud emas. Masjidi Nabaviyda vitr namozi o‘qilayotgan paytda hanafiy mazhabidagi kishilar alohida jamoat bo‘lishlari yoki o‘tirib olishlari kerak bo‘ladi. Bunday qilish esa, katta bir jamoatga teskari ish qilganday bo‘lib tuyiladi. Bunday chorasiz paytda hanafiy mazhabidagi kishi biz sababli katta bir jamoatni ko‘rinishi o‘zgarib, tafriqa paydo bo‘lsamin deb o‘ylashi lozim. Shu bois Hijozda vitr namozini ikki salom bilan o‘qiydigan imomlar ortida hanafiy mazhabidagi kishini o‘qigan vitr namozi durust bo‘ladi. Iqtidoni durust bo‘lishiga quyida uchta dalil keltiriladi:
1. Zarurat paytda mashhur bo‘lmagan qavlga amal qilish imkoniyati yuzaga chiqadi. Bu o‘rinda zarurat hammaga birdek ma’lum bo‘lib turibdi. Shu bois Imom Abu Bakr Roziy al-Jassos va Ibn Vahbon rahmatullohi alayhlarning qavllarini ixtiyor qilib, vitr namozini ikki salom bilan o‘qiydigan imomga hanafiy mazhabidagi kishini iqtido qilib vitr namozini o‘qishi durust bo‘ladi. Bu borada faqihlardan quyidagi lafzlar naql qilingan:فمذهب الحنفية انه لا وتر عندهم الا بثلاث ركعات بتشهدين وتسليم نعم لو اقتدى حنفي بشافعي في الوتر وسلم ذلك الشافعي في الوتر الامام على الشفع الاول على وفق مذهبه ثم اتم الوتر صح وتر الحنفي عند ابي بكر رازي وابن وهبان “Hanafiy mazhabida vitr namozi uch rak’at bo‘lib, ikki tashahhud va bir salom bilan ado qilinadi. Ammo hanafiy mazhabidagi kishi shofiiy mazhabidagi kishiga iqtido qilib, imom o‘z mazhabiga muvofiq ikki rak’atda salom bersa, so‘ng bir rak’at o‘qib vitr namozini tamomlasa, Abu Bakr Roziy va ibn Vahbon rahmatullohi alayhlar nazdida unga iqtido qilgan hanafiyning namozi ham durust bo‘ladi” (Maorifs sunan).أَنَّهُ لَا يَجُوزُ اقْتِدَاءُ الْحَنَفِيِّ بِمَنْ يُسَلِّمُ مِنْ الرَّكْعَتَيْنِ فِي الْوِتْرِ وَجَوَّزَهُ أَبُو بَكْرٍ الرَّازِيّ وَيُصَلِّي مَعَهُ بَقِيَّةَ الْوِتْرِ لِأَنَّ إمَامَهُ لَمْ يَخْرُجْ بِسَلَامِهِ عِنْدَهُ وَهُوَ مُجْتَهِدٌ فِيهِ “Hanafiy kishi vitr namozida ikki rak’atdan keyin salom berguvchiga iqtido qilishi joiz bo‘lmaydi. Imom Abu Bakr Roziy rahmatullohi alayh esa, iqtidosini joiz deb: “Vitrni qolganini imom bilan birgalikda o‘qiydi. Chunki, uning imomi iqtido qiluvchining nazdida salom berishlik bilan namozdan chiqmaydi va bu ijtihodli masaladir” (Bahrur roiq).
2. Haram hokimi vitr namozini ikki salom bilan o‘qishga amr qilgan. Shu bois u erda istiqomat qiluvchi hanafiy mazhabidagi kishilar, hokimni hukmiga itoat qiladilar. Turli mintaqadan keluvchi kishilardan ham haramda istiqomat qilayotgan paytda u erning qonun qoidalariga amal qilish va’dasi olinadi. Kimdaki haram qonun-qoidalariga xilof ish qilsa, javobgarlikka tortiladi. Hokim ikki salom bilan vitr namozini o‘qishga amr qilgan bo‘lsa, mazhablar orasidagi ixtilofga chek qo‘yib, hokimni hukmiga amal qilish lozim bo‘lib qoladi. Shuning uchun Haramda istiqomat qilayotgan paytda hanafiy mazhabidagi kishilar hokimni hukmiga binoan vitr namozini ikki salom bilan o‘qishlari lozim bo‘ladi. Hokimning bu hukmi shariatga xilof emas. Chunki, hokimni so‘zi to‘rt imomdan uchtasini qavliga muvofiqdir. Bu borada faqihlardan quyidagi lafzlar naql qilingan:ان حكم الحاكم رفع للخلاف في الامور المجتهد فيها “Hokimning hukmi ijtihodiy masalalarda ixtilofni ko‘targuvchidir” (Fathul mulhim).فكما ان النزاع يرتفع بالتعامل السابق فانه يرتفع ايضا بتقنين من قبل الحكومة“Tortishuvlar odamlarni taomili tufayli ko‘tarilganidek, hukumat tarafidan qonun chiqarish bilan ixtiloflarga chek qo‘yiladi” (Takmilatu fathul mulhim).
3. Anvar Shoh Kashmiriy va Mahmud Hasan rahmatullohi alayhlar nazdida hanafiy mazhabidagi kishi uch mazhab imomlari qavliga muvofiq vitr namozini o‘qiguvchi kishi ortida turib, ular kabi namoz o‘qishi durust bo‘aldi, deganlar. Abu Bakr Jassos rahmatullohi alayhning mazhablari va raylari ham shudir.ولا عبرة بحال المقتدي واليه ذهب الجصاص وهو الذي اختاره لتوارث السلف واقتداء احدهم بالاخر بلا نكير مع كونهم مختلفين في الفروع وكان شيخنا شيخ الهند محمود الحسن ايضا يذهب الى مذهب الجصاص “Vitrda iqtido qiluvchining holatiga e’tibor qaratilmaydi. Imom Jassos shu yo‘lni tanlaganlar. Iqtidoni joizligini ixtiyor qilgan shayx shu kishidir. Salafi solihinlardan meros bo‘lib kelayotgan yo‘l ham shudir. Ular furu’ masalalarida bir-birlariga xilof qilishlari bilan birgalikda bir-birini inkor qilmay biri boshqasiga iqtido qilavergan. Mahmud Hasan rahmatullohi alayh ham Imom Jassosning mazhabiga yurganlar” (Fayzul boriy). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 13:33 | Savol-javoblar | 164 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar