Nursafardiya

Assalomu alaykum! Nursafardiyya haqida shayximiz rahimahulloh fikrlarini o‘qib chiqdim. Men u tabibga shogird bo‘lmoqchi edim. Tariqat yo‘liga qiziqqanim uchun. Ammo uning ilmi meni shubhalantirgani uchun bu fikrimdan qaytganman. Uning dorilarini ichib davolanganman. Dorilari haqiqatdan shifobaxsh. Ammo spirt qo‘shib tayyorlaydi menimcha. Spirtni yoqtirmaganim uchun dorilarini oxirigacha icholmaganman. Savolim: u tabibning dorilarini davo uchun ichishim mumkunmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Spirt turli narsalardan olinadi. 1-Uzum, hurmo, bug‘doy va asal. Ulardan tayyorlangan mast qiluvchi ichimliklar bilittifoq harom bo‘lib, ularni biror narsaga dori vositasida foydalanish ham harom. 2-uzum va hurmodan tayyorlangan. Bu bilittifoq nopok. U aralashgan davo ham nopok bo‘ladi. Uni ichish ham harom. Juda ham majbur holatda mohir tabib biror bemorga “Bundan boshqa shifo bo‘ladigan davo yo‘q” desa, zarurat miqdoricha ushbu spirtdan aralash dorini iste’moli joiz. “Nihoya” kitobida “Zahira”dan naql qilinib : “Harom narsa bilan davolanish, unda shifo borligi aniq va bundan boshqa davo yo‘q bo‘lgan suratda joizdir” deyilgan. (Bahrur roiq). 3-yuqoridagi uzum va hurmodan boshqa narsalardan olingan spirt masalan bug‘doy, asal. Uning pok va nopokligi haqida ulamolar ixtilof qilganlar. Abu Hanifa va Abu Yusuf rohimahumallohlar nazdlarida bunday spirt pokdir. Mast bo‘lish maqsadida ichilsa joiz emas, lekin davo sifatida iste’moli joizdir. Imom Muhammad nazdlarida bunday spirt najosati hafifadir. Fatvo imom Muhammadning qavliga ko‘ra berilgan bo‘lsada, umumiy balvo qoidasiga ko‘ra, spirt aralashtirilgan dorilarni mast bo‘lish maqsadidan tashqari davolanish o‘rinlarida foydalanish joizdir. Garchi taqvo va ehtiyotkorlik imom Muhammadning qovlida bo‘lsada. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 13:43 | Savol-javoblar | 192 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar