Spirt to‘g‘risida

Assalomu alaykum! Agar men spirt chiqaradigan tashkilotda kompyuter mutuxassisi bo‘lib ishlasam, oladigan maoshim harom bo‘lmaydimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Spirt turli narsalardan olinadi. 1-Uzum, hurmo, bug‘doy va asal. Ulardan tayyorlangan mast qiluvchi ichimliklar bilittifoq harom bo‘lib, ularni biror narsaga dori vositasida foydalanish ham harom. 2-uzum va hurmodan tayyorlangan. Bu bilittifoq nopok. U aralashgan davo ham nopok bo‘ladi. Uni ichish ham harom. Juda ham majbur holatda mohir tabib biror bemorga “Bundan boshqa shifo bo‘ladigan davo yo‘q” desa, zarurat miqdoricha ushbu spirtdan aralash dorini iste’moli joiz. “Nihoya” kitobida “Zahira”dan naql qilinib : “Harom narsa bilan davolanish, unda shifo borligi aniq va bundan boshqa davo yo‘q bo‘lgan suratda joizdir” deyilgan. (Bahrur roiq). 3-yuqoridagi uzum va hurmodan boshqa narsalardan olingan spirt masalan bug‘doy, asal. Uning pok va nopokligi haqida ulamolar ixtilof qilganlar. Abu Hanifa va Abu Yusuf rohimahumallohlar nazdlarida bunday spirt pokdir. Mast bo‘lish maqsadida ichilsa joiz emas, lekin davo sifatida iste’moli joizdir. Imom Muhammad nazdlarida bunday spirt najosati hafifadir. Fatvo imom Muhammadning qavliga ko‘ra berilgan bo‘lsada, umumiy balvo qoidasiga ko‘ra, spirt aralashtirilgan dorilarni mast bo‘lish maqsadidan tashqari davolanish o‘rinlarida foydalanish joizdir. Garchi taqvo va ehtiyotkorlik imom Muhammadning qovlida bo‘lsada. Shariatimizda ikki narsani asosiy qoida qilib olingan. Birinchisi : Asli harom bo‘lgan narsani, shar’iy yo‘l bilan halol qilinganligi sobit bo‘lmagunicha, u haromligicha qoladi.  Masalan : Go‘shti eyiladigan hayvonlar shariatga muvofiq so‘yilmasa, ulardagi oquvchi qon chiqib ketmaganligi va Allohning ismlaridan birortasi zikr qilgani topilmagani uchun u haromligicha qoladi. Tasmiya aytib so‘yilgani sobit bo‘lgach, halolga hukm qilinadi. Ikkinchisi : Asli halol bo‘lgan narsalar biror yo‘l bilan harom qilinganligi sobit bo‘lmasa, halolligicha qoladi. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 14:12 | Savol-javoblar | 144 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar