Jins haqida

Assalomu alaykum! Ribo mavzusida qarzning bir xil jinsda bo‘lishi ta’kidlanadi. Shu jins qanday ta’riflarga ega? “Umuman olganda olmani olmaga, kumushni kumushga va hokozolarni bir-biriga qarz sifatida berib olinishi bir xil jins” deb tushunamiz. Ammo bugungi kunda nakd pul, elektron pul(perechislenie), to‘lov kartalari va hatto perevodlar(o‘tkazma va jo‘natmalar) ham amalda ishlatiladi. Bir qaraganda biri moddiy aktiv bo‘lsa, biri nomoddiy. Ya’ni nakd qo‘ldagi pulni naqdsiz pullar bilan bir xil jins deyish mumkinmi? Bilishimcha so‘m bilan rubl bir jins emas ekan. Ikkisi ham qog‘ozdan, faqat nomi boshqa. Nom asosmi? Bu erda jins qaerda qoldi? O‘zbek ham arab ham erkak bo‘lsa, erkagi bilan ayol, ayoli bilan bir jins bo‘lavermaydimi? Noto‘g‘ri mulohazalar qilgan bo‘lsam uzr so‘rayman. Jins tushunchasini sharhlab berishlaringizni iltimos qilaman.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taoloning fazli va marhamati bilan bu ummatga birinchi bo‘lib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni muqri’(Qur’on qiroatini ta’lim beruvchi), mufassir, o‘z hadislari orqali sharhlovchi, faqih, Qur’ondan hukm olib, fatvo beruvchi va maslahatlashuvchi, xulqlarni tarbiya qilish uchun murabbiy qilib yubordi. Keyinchalik bularning har birini davom ettirishlari uchun qiroat imomlari, mufassirlar, muhaddislar va mujtahidlarni u zot sollallohu alayhi vasallamga merosxo‘r qildi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga bu sohalarda etuk bo‘lishlariga duo qildilar va o‘zlari bir necha hadislarida ijozat ham berdilar. Bunga Ibn Abbos, Muoz ibn Jabal, Umar, Ubay ibn Kaab roziyallohu anhumlar haqlariga qilingan duo va ko‘rsatmalar dalildir. Ushbu silsila uzluksiz hozirgi kunimizgacha davom etib kelmoqda. Mufassirlarga mufassirlar, muhaddislarga muhaddislar, faqihlarga faqihlar, murshid murabbiylarga murshid murabbiylar o‘rinbosar bo‘lib kelmoqda va in shaa Alloh to qiyomatgacha davom etajak. Buni dinimizda “sanad”, “ijoza” deyiladi. Agar bu narsa bo‘lmasa Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytganlaridek: “Har kim din borasida xohlaganini aytadigan bo‘lib qoladi”. Bu silsilaga merosxo‘r bo‘la olmaganlar ularning bergan hukmlariga ergashishlari vojibdir. Ulamolar “jinsi ikki xil” degan pullarni bir xil suvdan yaratilgan bo‘lsada, biri erkak jinsidan ikkinchisi ayol jinsidan bo‘lgan deyish ham mumkin bo‘ladi. Bu kabi hukmlarni chiqarish biz va siz kabi oddiy odamlarning ishi emas. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 14:36 | Savol-javoblar | 157 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar