Birinchi safda namoz o‘qish

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, yoshim 25da, men namoz o‘qish uchun masjidga borganimda, birinchi qatorni ya’ni imomning orqasida turishga umid qilaman. In shaa Aloh bunga erishaman ham. Chunki “birinchi qatorni savobi ko‘p” deb eshitganman. Shunday qilishim to‘g‘rimi? Bu ishim bilan kattalarga hurmatsizlik qilgan bo‘lmaymanmi? Iltimos maslahat beringlar. Javob uchun oldindan rahmat. Alloh rozi bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عن أبي مسعود -رضي الله عنه- قال: كان رسول الله -صلى الله عليه وسلم- يمسح مناكبنا في الصلاة ويقول : (استووا ولا تختلفوا فتختلف قلوبكم، ليلني منكم أولو الأحلام والنُّهى، ثم الذين يلونهم، ثم الذين يلونهم). قال أبو مسعود: فأنتم اليوم أشد اختلافاً. رواه مسلم. Abu Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi : "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozga turganimizda elkalarimizni silab : “Tekis turinglar, ixtilof qilmanglar, qalblaringiz ixtilof qilib qoladi. Sizlardan balog‘atga etgan va aql egalari menga yaqin tursinlar, so‘ng ularga yaqin bo‘lganlar, so‘ng ularga yaqin bo‘lganlar” dedilar. Abu Mas’ud : “Bugunlik kunda sizlar juda qattiq ixtilofga tushgansizlar” dedi". Muslim rivoyati.
Ushbu hadisning sharhida ulamolar : “Imomning orqasida imom adashib qolsa qiroatini to‘g‘rilay oladigan, tahorati ketib qolsa o‘rniga imomgarchilikka o‘ta oladigan, balog‘atga etgan, ziyrak inson turishi kerak” degan narsani olganlar. Siz shunday kishilardan bo‘lsangiz, u erda turishga siz haqliroqsiz. Mabodo shunday sifatdagi kishi kelib qolsa bo‘shatib berganingiz afzal. Yo‘qsa masjidda hamma barobar. Masjidga birinchi kelgan savobga haqliroq. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 15:15 | Savol-javoblar | 148 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar