Majburan uylantirish

Assalomu alaykum! Yoshim 20da, men “hali yoshman” deb o‘ylayman. Lekin uyda ota-onam menga “uylanasan” deb quyishmaydi. Ularga “hali yoshman, o‘qishimni tugatay, ish topib mustaqil pul topay, keyin xotirjam uylanaman” desam hech ko‘nishmaydi. Har kuni o‘qishdan qaytsam bir xil to‘polan. Iltimos menga yo‘l ko‘rsatinglar, majburan uylanishim shartmi? Maslahatlaringiz uchun oldindan katta rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Hadisda quyidagicha keladi: عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: جَاءَ ثَلَاثَةُ رَهْطٍ إِلَى بُيُوتِ أَزْوَاجِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَسْأَلُونَ عَنْ عِبَادَةِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، فَلَمَّا أُخْبِرُوا كَأَنَّهُمْ تَقَالُّوهَا، فَقَالُوا: وَأَيْنَ نَحْنُ مِنَ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، قَدْ غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ وَمَا تَأَخَّرَ، فَقَالَ أَحَدُهُمْ: أَمَّا أَنَا فَإِنِّي أُصَلِّي اللَّيْلَ أَبَدًا، وَقَالَ آخَرُ: أَنَا أَصُومُ الدَّهْرَ وَلَا أُفْطِرُ، وَقَالَ آخَرُ: أَنَا أَعْتَزِلُ النِّسَاءَ فَلَا أَتَزَوَّجُ أَبَدًا، فَجَاءَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِلَيْهِمْ، فَقَالَ: أَنْتُمُ الَّذِينَ قُلْتُمْ كَذَا وَكَذَا، أَمَا وَاللهِ إِنِّي لَأَخْشَاكُمْ ِللهِ وَأَتْقَاكُمْ لَهُ، لَكِنِّي أَصُومُ وَأُفْطِرُ، وَأُصَلِّي وَأَرْقُدُ، وَأَتَزَوَّجُ النِّسَاءَ، فَمَنْ رَغِبَ عَنْ سُنَّتِي فَلَيْسَ مِنِّي. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ وَالنَّسَائِيُّ.Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Uch kishilik guruh Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zavjalarining uylariga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ibodatlari haqida so‘rab keldi. Bas, ularga (bu haqda) xabar berilganida xuddi u(ibodat)ni oz sanaganday bo‘ldilar. Shunda ular:
«Biz qayoqda-yu, Nabiy sollallohu alayhi vasallam qayoqdalar, u zotning o‘tganu qolgan gunohlari mag‘firat qilingan», dedilar.
Ulardan biri:
«Men abadul abad tunlarni namoz o‘qish bilan o‘tkazaman», dedi. Boshqasi esa:
«Men umrbod ro‘za tutaman, og‘zim ochiq yurmayman», dedi. Yana boshqa biri:
«Men ayollardan chetda bo‘laman, abadul abad uylanmayman», dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning oldilariga kelib:
«Shunday, shunday, deganlar sizlarmi?! Ammo Allohga qasamki, men Allohdan eng qo‘rquvchirog‘ingizman va Unga eng taqvodoringizman. Lekin ro‘za ham tutaman, og‘zim ochiq ham bo‘ladi. Namoz ham o‘qiyman, uxlayman ham, ayollarga uylanaman ham. Bas, kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas», dedilar».
Ikki shayx va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Bu hadisi sharifda uylanish, oilali bo‘lish «ibodat», «taqvodorlik» va «Allohdan qo‘rqish» ma’nolariga zid emasligi bayon etilmoqda. Uylanish Alloh taolodan eng qo‘rquvchi banda bo‘lgan Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas» deganlari imkoni bo‘la turib nikohda bo‘lmaslik, oila qurmaslik mo‘min‑musmon uchun mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini ayon etadi. Uylanmay, oila qurmay yurish musulmonlarga xos ish emas. Chunki Alloh taolo inson zotini yaratgan chog‘ida erkakni ham, ayolni ham jinsiy rag‘bat bilan yaratgan. Bu rag‘bat inson uchun, uning baxt-saodati uchun, insoniyat kelajagi uchun kerakli narsadir. Bo‘lmasa, Alloh taolo insonni bunday qilib yaratmas edi.
Ana shu jinsiy maylni pok yo‘l bilan qondirish zarur. Bu esa, shar’iy nikoh orqali amalga oshiriladi. Aksincha bo‘lsa, turli noqulayliklar, zararlar kelib chiqadi.
Uylanmay, oila qurmay, jinsiy maylni qondirmay yurish inson tabiatiga zid va zararlidir. O‘zini jinsiy aloqadan olib qochgan kishilar o‘z sog‘liqlariga zarar etkazibgina qolmay, inson naslining qirqilishiga, dunyoning xarob bo‘lishiga sabab bo‘ladilar.
Shuningdek, jinsiy maylini pok yo‘l bilan emas, harom yo‘l bilan qondirib yurganlar ham o‘zlari va o‘zgalar boshiga, butun insoniyat boshiga turli balo-ofatlar kelishiga sabab bo‘ladilar. Shuning uchun ham Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilib, nikohda bo‘lishga, halol-pok yo‘l bilan oila qurishga harakat qilish kerak. Aks holda, u zotning yo‘llaridan boshqa yo‘lda yurilgan hisoblanadi. عَنْ أَبِي أَيُّوبَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: أَرْبَعٌ مِنْ سُنَنِ الْمُرْسَلِينَ: الْحَيَاءُ، وَالتَّعَطُّرُ، وَالسِّوَاكُ، وَالنِّكَاحُ. رَوَاهُ أَحْمَدُ وَالتِّرْمِذِيُّ بِسَنَدٍ حَسَنٍ Abu Ayyub roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«To‘rt narsa Rasullarning sunnatlaridan: hayo, xushbo‘y sepish, misvok va nikoh», dedilar».
Ahmad va Termiziy hasan sanad ila rivoyat qilganlar.
Alloh taoloning Rasullari U Zot yaratgan bandalarning eng sarasidirlar. Ular turli zamonlarda turli xalqlar ichidan tanlab olingan etuk insonlar hisoblanadilar. Payg‘ambarlar Allohning inoyati ila ilohiy ko‘rsatmalarni bandalarga etkazib, ularni hayotga tatbiq qilishni ko‘rsatib bergan zotlardir. Ularni turli xato va gunohlardan Alloh taoloning O‘zi saqlab turgan va u zotlarning hayotlari ummatlariga o‘rnak bo‘lgan.
Shuning uchun ularning sunnatlariga, xususan, barchalariga xos bo‘lgan sunnatlarga amal qilish har birimiz uchun o‘ta muhimdir.
Nikoh shariatga Qur’oni Karim, sunnati Nabaviya va Islom ummatining ijmo’i orqali kirgan:
1. Alloh taolo Qur’oni Karimning bir necha oyatlarida mo‘min‑musmonlarni nikohda bo‘lishga, uylanishga, oila qurishga amr etgan. O‘sha oyatlardan ba’zilarini yuqorida o‘rganib o‘tdik.
2. Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining ko‘plab hadisi shariflarida nikohga targ‘ib qilganlar.
Ulardan ba’zilarini o‘rgandik, qolganlarini, inshaalloh, yana o‘rganamiz.
3. Islom ummati, ulamolar jumhuri nikoh zarur ekaniga doimo ittifoq qilib kelishgan.
Kishilarning turli holatlariga qarab, nikohda bo‘lishlari hukmi ham turlicha bo‘ladi.
1. Farz-vojib.
Agar bir inson nikohli bo‘lmasa, zinoga borishiga ishonib etsa va nikohga ketadigan sarf-xarajatga ega bo‘lgach, nikohdagi sherigiga zulm qilmasdan, haqqini ado etishiga ishonsa, bunday odamga nikoh farz-vojib bo‘ladi. Chunki musulmon kishining o‘z iffatini saqlashi, harom ishdan tiyilishi vojibdir.
Islom shariatida «vojib narsani ado etish uchun kerak bo‘lgan narsani qilish ham vojibdir» degan qoida bor. Bu erda ana shu qoidaga amal qilinadi.
Kishi o‘z iffatini saqlashi, harom ishga bormasligi vojib. O‘sha vojibni qilish uchun nikoh – uylanish lozim. Demak, u odam uchun uylanish – oila qurish vojib bo‘ladi.
2. Harom.
Agar bir inson nikohlanib, o‘zining nikohidagi sherigiga zulm qilishi va zarar etkazishiga ishonib etsa, bunday odam uchun oila qurish harom bo‘ladi.
Bu holatda Islom shariatining «haromga olib boruvchi narsa ham haromdir» degan qoidasi ishga tushadi. Birovga zulm qilish, zarar etkazish – harom. O‘sha zulm va zarardan iborat harom ish nikoh tufayli sodir bo‘lishi aniq bo‘lganligi uchun, bu holatda unga olib boradigan yo‘l – nikoh ham harom bo‘ladi.
3. Makruh.
Agar bir inson nikohlansa, o‘zining nikohdagi sherigi – jufti haloliga nisbatan zulm va zarar kelishidan qo‘rqsa, ammo to‘liq ishonmasa, bunday odam uchun nikoh makruhdir.
4. Sunnati muakkada.
Mo‘’tadil inson uchun, zinodan qo‘rqmaydigan, oila qursa, jufti haloliga zulm qilishdan, zarar etkazishdan ham qo‘rqmaydigan kishi uchun oila qurish sunnati muakkadadir.
Oyat va hadislarning ko‘pchiligida bayon etilgan, hukmi aytilgan holat kishilar orasida ommaviy suratda uchraydigan mana shu holatdir.
Nikohning, oilali bo‘lishning sunnati muakkada ekaniga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning uylanganlari va nikohda bardavom bo‘lganlari, sahobai kiromlar va keyingi avlodlarning uni mahkam ushlaganlari dalildir. Hanafiylar: «Bu sunnati muakkada vojibga teng», deydilar.
Kim bu ishni qilmasa, tarki sunnat qilgan hisoblanadi.
5. Muboh.
Uylanishga rag‘bat qildiruvchi narsalar ham, undan man qiluvchi narsalar ham bo‘lmagan holda nikoh muboh bo‘ladi.
Ushbu zikr qilingan narsalardan nikoh – oila qurish dinimiz targ‘ib qilgan ibodat ekanini bilib oldik. Erdir, ayoldir – har bir musulmon oila qurishdek mas’uliyatli ishdan chetda tura olmaydi. Ammo, bu ishga kirishishdan oldin har bir inson oila nima ekanini, u nima uchun va qaysi asosda qurilishini yaxshi bilib olmog‘i kerak.
Islom ta’limotlari bo‘yicha, oila quyidagi asos va maqsadlarda quriladi:
1. Oila Alloh taoloning roziligini topish, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning axloqlari, islomiy odoblar bilan o‘zini ziynatlash uchun quriladi. Bu odob va axloqlar oiladan tashqarida bo‘lishi mumkin emas. Misol uchun, mehribonlik, halimlik, adolat va o‘zaro yordamni olib ko‘raylik. Aslida, oila oliymaqom axloq namunalarining namoyon bo‘lishi, mustahkamlanishi uchun asosiy makon emasmi? Agar oila bo‘lmasa, bu narsalarga ko‘ngildagidek erishib bo‘ladimi? Boshqa odob va axloqlarni ham shunga taqqoslash mumkin. Alloh taoloning oyatiga amal qilib, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sunnatiga ergashib oila qurmoqdaman, deb niyat qilgan odam haqiqiy ibodatni ado etgan bo‘ladi.
2. Oilaviy hayotdan, er‑xotinlik aloqasidan sharafli maqsadlar ko‘zda tutilishi kerak. Oilaga eru xotinga ulug‘ va sharafli mas’uliyatlarni yuklovchi go‘zal bir hay’at deb qarash lozim.
Eru xotin o‘sha mas’uliyatlarni ado etish uchun himmatlarini oliy qilib, osonlik va qiyinchilik, kenglik va torlik vaqtlarida ham o‘zaro hamkorlik qilishlari kerak. O‘z oilalarini mustahkam qilib, oliyjanob farzandlar etishtirib, ummat uchun, vatan uchun foydalar keltirishga harakat qilishlari kerak. Bu esa, o‘z navbatida har kim o‘ziga yuklatilgan vazifalarni iymon asosida, vijdonan ado etishini taqozo qiladi.
3. Eru xotin orasidagi oilaviy aloqa muhabbat, taqdirlash, o‘zaro tushunish asosida bo‘lishi kerak.
Nikoh aloqasi ruhiy otifa – ko‘ngil aloqasidir. Bu aloqa abadiy va bardavom aloqadir. Shuning uchun ham bu aloqa muhabbat, rahm-shafqat asosida bo‘lishi lozim. Har bir odam ana shu ma’nolarni o‘ziga singdirib olgan holdagina oila qurishga harakat boshlashi kerak.(“Baxtiyor oila” kitobidan). Vallohu a’lam.

26 May 2022, 15:17 | Savol-javoblar | 160 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar