"A’rof" surasi

Assalomu alaykum! Uztoz “A’rof” surasi 3-oyatini tushunmadim. Unda “Sizlar robbingizdan nozil qilingan narsaga ergashinglar, undan boshqa valiy do‘stlarga ergashinglar. Juda oz eslaysilar. Iltimos shuni tafsirini tushuntirib beringlar. Alloh sizlardan rozi bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! 3. Sizlarga Robbingizdan nozil qilingan narsaga ergashinglar! Undan boshqa do‘stlarga ergashmanglar. Qanchalar oz eslatma olasizlar-a?!
Insonlar bu dunyoda ergashmog‘i lozim bo‘lgan birdan-bir narsa o‘z Robblaridan – tarbiyachilari, yo‘llovchilari, egalari, rizq beruvchilari va homiylari bo‘lmish Allohdan nozil bo‘lgan Qur’ondir.
Insonlar Allohdan boshqa hech qanday do‘stga ergashmasliklari kerak. Chunki Allohdan boshqaga ergashgan kishi najot topmaydi. Ammo, ming afsuski, g‘ofil insonlar buni anglamaydilar. Shuning uchun ham Alloh taolo ularga xitob qilib:
«Qanchalar oz eslatma olasizlar-a?!» – demoqda.
Tarixda esa oz eslaganlar – Allohdan nozil bo‘lgan narsaga ergashmay, Allohdan o‘zgani do‘st tutganlar halokatga yo‘liqqanlar.
Isyonning oqibati qanday bo‘lishini quyidagi oyatlar bayon qiladi:

4. Qanchadan-qancha shahar-qishloqlarni halok qildik. Bas, azobimiz ularga tun uyqusida yoki kun uyqusida keldi.
Ya’ni Alloh taolo isyon qilgan ko‘plab qavmlarni halokatga uchratgan. Odatda ularga Allohning azobi kechasi yoki kunduzi uxlab yotgan vaqtlarida, g‘aflatning cho‘qqisiga chiqqanlarida kelgan.
 
5. Bas, azobimiz kelgan chog‘ida ularning da’volari «Albatta, biz zolimlardan bo‘lgan edik», deyishlaridan boshqa narsa bo‘lmadi.
Ya’ni ular azobga uchraganlarida da’vo qilish uchun hech narsa keltira olmaydilar. Aytgan gaplari faqat «Albatta, biz zolimlardan bo‘lgan edik» deya o‘z gunohlarini e’tirof etish bo‘ladi, xolos. Zulmning eng kattasi shirkdir. Demak, ular o‘zlarining boshqa gunohlari qatori, mushrik ekanliklarini ham e’tirof qiladilar.
Mushrik, kofir va gunohkorlar faqat bu dunyodagina azobga duchor qilinmaydi, balki asosiy azob-uqubat oxiratda bo‘ladi:
 
6. Bas, albatta, rasul yuborilganlardan ham va albatta, rasullardan ham so‘rayajakmiz.
Ya’ni oxiratda payg‘ambar kelgan har bir qavmdan va shaxsdan «Sizlarga payg‘ambar keldimi? Bizning amrlarimizni etkazdimi? Sizlar nima dedingiz?» – deb so‘raladi. Shuningdek, payg‘ambarlardan ham «Amrimizni ummatlaringizga etkazdingizmi? Ular sizga qanday javob berdilar?» – deb so‘raladi.
 
7. Bas, ularga ilmiy ravishda qissa qilib berurmiz. Holbuki, Biz g‘oyib bo‘lmagan edik.
Demak, avvalgi oyatdagi savol biror narsani aniqlash uchun emas, balki gunohni iqror qildirish uchun berilar ekan. Ushbu oyatdan keyin
«…ularga ilmiy ravishda qissa qilib berurmiz», – deyilmoqda.
Ya’ni Alloh taolo hamma narsani O‘zining shomil ilmi ila bilib turgan. Endi esa qiyomatda xaloyiqning huzurida o‘sha ilm asosida gunohlarini o‘zlariga aytib beradi. Chunki Alloh taolo hech bir narsadan g‘oyib bo‘lmagan. U Zot har narsaning huzurida hoziru nozirdir.
 
8. O‘sha kuni (amallarni) tortish haqdir. Bas, kimlarning tarozilari og‘ir kelsa, ana o‘shalar, ha, o‘shalar zafar topuvchilardir.("Tafsiri Hilol" kitobidan)
Vallohu a’lam.

26 May 2022, 15:18 | Savol-javoblar | 138 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar