Ota onaning gunohi farzandga uradimi?

Assalomu alaykum! Ota-onalarini qilgan gunohlari bolasiga urganini voqelikda ko‘rib qolamiz. Shuni dalili bormi? Ya’ni ota-onanlarning gunohi kabiralari sabab farzand balolanishi haqiqatmi?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Kahf” surasi 82-oyatida marhamat qiladi :
82. Devorga kelsak, u shahardagi ikki etim bolaniki bo‘lib, uning ostida ikkovlarining xazinasi bor edi. Ularning otalari solih odam edi. Bas, Robbing ikkovlarining voyaga etishini va xazinalarini chiqarib olishlarini iroda qildi. Robbing tarafidan rahmat o‘laroqdir...
Ularning marhum otalari solih kishi bo‘lgan bo‘lib, undan qolgan ushbu xazinani Alloh taolo ular voyaga etgach, yuzaga chiqarmoqni iroda qildi.("Tafsiri Hilol" kitobidan).
Tafsirlarda “ularning otalaridan” murod ettinchi otalari ekanligi zikr qilingan.
Sa’iyd ibn Musayyyabdan, u otasidan, u bobosidan rivoyat qilinadi:
«U Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borganida:
«Isming nima?» dedilar.
«Hazn», dedi.
«Sen Sahlsan», dedilar.
«Otam qo‘ygan ismni o‘zgartirmayman», dedi.
Ibn Musayyyab dedi: Shundan beri bizda hazn-qo‘pollik bardavom».
Ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bobom nazarlaridan qolganlaridan buyon hozirgacha bizning oilada qo‘pollik davom etib kelyapti.
Noto‘g‘ri, noma’qul ismni yaxshilikka ishora qiluvchi ismga o‘zgartirmaganlikning oqibatida bu oilada ana shunday holat kuzatilgan ekan, bundan Alloh Taolo saqlasin. Roviyning bobolari yangi ismni eshitib, tashakkur aytsalar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlarini qabul qilsalar, ehtimol, oilalarida yaxshilik, engillik, xursandchilik bo‘lar edi. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 15:27 | Savol-javoblar | 163 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar