Yaxshilikni ravo ko‘rish

Assalamu alaykum! Hadisda "O‘zingiz yaxshi ko‘radigan narsangizni birodaringizga ravo ko‘rmaguningizcha hech biringiz chinakam mo‘min bo‘la olmaysiz" deyilgan. Har zamonda xamr iste’mol qilib turadigan tanishlarim bor, ular birodar hisoblanadimi? Ularga yaxshilikni ravo ko‘rmasa bo‘ladimi?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo Qur’oni Karimda mo‘minlarni solih bo‘lsa birodar, agar fosiq bo‘lsa birodar emas – deb ajratmagan. Ular o‘zgalardan ko‘ra siz va bizlarning hidoyat topishlari uchun qiladigan duolarimizga, Islomni chiroyli taraflarini ko‘rsatishimizga va noto‘g‘ri yo‘ldan qaytarishimizga muhtojroqdirlar. Lekin bu degani ularga hamtovoq bo‘lib olish kerak degani emas. Ularga qanday muomalada bo‘lish kerakligi haqida Alloh taolo “Furqon” surasi 72-oyatida marhamat qiladi :
«...behuda narsalar oldidan o‘tsalar, hurmatlarini saqlagan holda o‘tarlar».
Musulmon odam o‘zini behuda, foydasiz gap-so‘z va ishlarga ovora qilmaydi. Unday gap-so‘z yoki ishlarda qatnashmaydi, mabodo boshqalar tomonidan bu narsa sodir etiladigan bo‘lsa, uning oldidan hurmatini saqlab, obro‘ va oliyjanoblik ila o‘tib ketadi.("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam.

26 May 2022, 15:28 | Savol-javoblar | 179 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar