Vahiy nozil bo‘lishi

Assalamu alaykum! Hurmatli ustozlar savolim quyidagicha. Vahiy 3 yilgacha ham to‘xtab turgan vaqtlari bo‘lganmi? So‘rashimning sababi. bir maruzada “Rivoyatlarda shunday kelgan, vahiy 3 yilgacha to‘xtab turgan vaqtlari bo‘lgan, sababi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarga tafsir qilib berishlari uchun” degan gapni eshitdim. Agar o‘sha rivoyatlar bo‘lsa sahihmi? Ustozlar sizlarni Yaratganni O‘zi panohida asrasin. Farzandlarimning haqlariga vataniga, diniga xizmat qiladigan solih farzandlar bo‘lishini so‘rab duo qilib qo‘yinglar.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom!   قَالَ ابْنُ شِهَابٍ: وَأَخْبَرَنِي أَبُو سَلَمَةَ بْنُ عَبْدِ الرَّحْمَنِ: أَنَّ جَابِرَ بْنَ عَبْدِ اللهِ الْأَنْصَارِيَّ قَالَ - وَهُوَ يُحَدِّثُ عَنْ فَتْرَةِ الْوَحْيِ فَقَالَ - فِي حَدِيثِهِ: «بَيْنَا أَنَا أَمْشِي إِذْ سَمِعْتُ صَوْتًا مِنَ السَّمَاءِ، فَرَفَعْتُ بَصَرِي فَإِذَا الْمَلَكُ الَّذِي جَاءَنِي بِحِرَاءٍ جَالِسٌ عَلَى كُرْسِيٍّ بَيْنَ السَّمَاءِ وَالْأَرْضِ، فَرُعِبْتُ مِنْهُ، فَرَجَعْتُ فَقُلْتُ: زَمِّلُونِي. فَأَنْزَلَ اللهُ تَعَالَى: ﮋ يَا أَيُّهَا الْمُدَّثِّرُ ۝  قُمْ فَأَنذِرْﮊ إِلَى قَوْلِهِ ﮋ وَالرُّجْزَ فَاهْجُرْﮊ فَحَمِيَ الْوَحْيُ وَتَتَابَعَ». تَابَعَهُ عَبْدُ اللهِ بْنُ يُوسُفَ وَأَبُو صَالِحٍ. وَتَابَعَهُ هِلَالُ بْنُ رَدَّادٍ عَنِ الزُّهْرِيِّ. وَقَالَ يُونُسُ وَمَعْمَرٌ: «بَوَادِرُهُ». أطرافه: 3238، 4922، 4923، 4924، 4925، 4926، 4954، 6214 تحفة: 3152 Jobir ibn Abdulloh Ansoriy roziyallohu anhumo vahiy uzilib qolgani haqida so‘zlar ekan, hadisida bunday deydi:
(Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar) «Men yurib ketayotgan edim. To‘satdan osmondan bir ovoz eshitib qoldim. Nigohimni ko‘tarib qarasam, Hiroda oldimga kelgan farishta osmon bilan er o‘rtasida, kursi uzra o‘tiribdi. Undan qo‘rqib ketdim. Qaytib borib: «Meni o‘rab qo‘yinglar», dedim. Shunda Alloh taolo: «Ey burkanib yotgan! Tur! Ogohlantir! Va Robbingni ulug‘la!»ni «Va qaqshatqich azobdan chetlan!»  degan so‘zigacha nozil qildi. So‘ng vahiy tushishi kuchayib, ketma-ket kela boshladi».(“Oltin silsila” Sahih Buxoriy).
Vahiyning to‘xtab qolishini “Fatrotul vahiy” deyiladi. Bu bir necha bor sodir bo‘lib, eng birinchisi ilk bor vahiy kelganidan keyin ikkinchi vahiy kelgunicha bo‘lganidir. Ahmad ibn Hanbal rohmatullohi alayhning tarixida Sha’biydan qilgan rivoyatida, vahiyning to‘xtab qolishi uch yil bo‘lgan. Ibn Ishoq shunga jazm qilgan. Shundan keyin birinchi bo‘lib “Muddassir” surasining “Fatohhir”igacha bo‘lgan oyatlari nozil bo‘lgan. Ba’zilar “Fatrotul vahiy”dan keyin “Zuho” surasi nozil bo‘lgan deyishadi. Bu rivoyat sahih emas. Undagi vahiyning to‘xtashi qisqa muddatda bo‘lgan. Uch yilgacha to‘xtab, keyin nozil bo‘lgan sura “Muddassir” surasidir. (Alloma A’yni “Umdatul Qoriy”).
Sababi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarga tafsir qilib berishlari uchun” degan gapni ulamolarimiz zikr qilmaganlar. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 15:28 | Savol-javoblar | 155 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar